Olmaliqda yangi oltin saralash fabrikasi qurilyapti

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining «Kovuldi oltin saralash fabrikasi qurilishi» loyihasi amalga oshirilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu fabrika «Kovuldi» va «Quyi-Kenjasoy» konlaridan qazib olinadigan ma’danlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan. Bu yerda yiliga 200 ming tonna xomashyodan qimmatbaho metallar ajratib olinadi.
Fabrikaning qurilish ishlari joriy yilning fevral oyida boshlangan bo‘lib, 2025-yil 4-choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida yer maydonini tayyorlash, ma’muriy-maishiy binolarning poydevorini qurish va ishlab chiqarish binosi uchun 54 ta temir-beton kolonna hamda 530 ta to‘siq o‘rnatish ishlari bajarilgan.
Fabrika qurilishining ikkinchi bosqichida texnologik uskunalar – tegirmonlar, gidrotsiklonlar va klassifikatorlar o‘rnatiladi.
«Uskunalar Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodi tomonidan mahalliylashtirish dasturi asosida tayyorlanmoqda. Shu kungacha 2 ta tegirmon, 2 ta gidrotsiklon va boshqa ehtiyot qismlar tayyorlandi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur fabrika to‘liq OKMKning o‘z kuchi va mutaxassislari tomonidan barpo etilmoqda. Qurilishda foydalanilayotgan temir-beton konstruksiyalar ham kombinatning «Olmaliqmetallurgqurilish» trestida ishlab chiqarilmoqda», – deyiladi xabarda.
OKMKning Angren va Chodakdagi fabrikalaridan keyingi uchinchi oltin saralash majmuasi bo‘lishi aytilayotgan ushbu fabrika ishga tushirilgach, qo‘shimcha 151 ta yangi ish o‘rni yaratilishi aytildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter