Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Omadli jentlmenlar»dagi eng omadsiz aktyor

«Omadli jentlmenlar»dagi eng omadsiz aktyor

«Omadli jentlmenlar» kinokomediyasi o‘zbek tilida ko‘p namoyish qilingan. Filmning ayrim lavhalari Samarqandda suratga olingan. Undagi aktyorlar Yevgeniy Leonov, Georgiy Vitsin, Saveliy Kramarov haqida o‘qigan yoki eshitgansiz. Ammo filmdagi yana bir aktyor Vasiliy Alibabayevich rolini o‘ynagan Radner Muratov taqdiri qanday kechganini ko‘pchilik bilmasa kerak...

Obkomning o‘g‘li

Radner Muratov 1928 yilning 21 oktyabrida Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg)da tatar oilasida tug‘ilgan. Uning otasi Zinnat Muratov Leningrad politexnika instituti talabasi bo‘lib, keyinchalik Tatariston obkomining birinchi kotibi vazifasida ishladi.

1951 yili Radner VGIKni tamomladi. Kinoda ilk bor 1955 yili suratga tushdi. 1988 yilgacha davlat kinoaktyorlar teatrida faoliyat ko‘rsatdi. Muratovga 1971 yili katta ekranlarga chiqqan «Omadli jentlmenlar»  filmidagi Vasiliy Alibabayevich roli ulkan mashhurlik keltirdi.

Bu rol unga tasodifan berilgan. Dastlab Vasiliy Alibabayevichni Frunzik Mkrtchyan («Kavkaz asirasi»  kinokomediyasidagi Ninaning tog‘asi) o‘ynashi kerak edi. Ammo Mkrtchyan bunday «puch, saviyasiz» filmda rol ijro etishdan bosh tortdi.

– «Omadli jentlmenlar»dagi rolim mening yagona va oxirgi omadim bo‘ldi, – degan edi keyinchalik Radner Muratov. – Shundan so‘ng menga ko‘z tegdimi, bilmadim, ishlarim o‘ngidan kelmay qoldi. Avval xotinim tashlab ketdi, keyin o‘g‘lim... Bora-bora menga rol bermay qo‘yishdi. Aftidan, mening davrim o‘tib bo‘lgandi.

Radner Muratov yoshi o‘tgan sayin intervyu berishni yoqtirmay qoldi. Buning o‘ziga yarasha sababi bor edi. Aktyorga qo‘ng‘iroq qilishsa, u shunday javob berardi:

– Xudo haqqi, ma’zur tutasiz, mening sizni kutib olish, biror joyga o‘tqazishga imkoniyatim yo‘q. Uyimda bittayam mebel topilmaydi. Choy damlab beray, desam, quruq choy tugaganiga ham ancha bo‘lgan. O‘zim qari, kasal odamman. Bir qo‘lim ishlamaydi, ko‘zim o‘tmaslashgan, uyda zo‘rg‘a yo‘l topib yuraman. Siz esa intervyu bering deysiz!.. Yoshim nechada ekanligini bilasizmi o‘zi?

Xullas, har qancha urinishmasin, Muratov intervyu berishga rozi bo‘lmasdi. Qo‘ng‘iroq qilganlarga bir xilda javob qaytarardi.

Muratov uyini hech qachon yig‘ishtirmas, gazeta, kitob va qog‘ozlar uyilib yotardi. Boshqa kishilarga ham qo‘l tekkizishga qo‘ymasdi. Uyning har joyida shu ahvol. Yo‘lakni-ku, asti qo‘yavering!

Katta pul yutug‘i

Kichkinaligida bir kuni ularnikiga kimsan, shaxsan Stalin qo‘ng‘iroq qilgan ekan. Radnerning otasi Tatariston obkomining birinchi kotib bo‘lib ishlayotgan paytlar edi. Uchrashuvlarda Muratovning o‘zi buni qayta-qayta hikoya qilib berardi. O‘shanda go‘shakdan Stalin so‘rabdi:

– Otang qayerda?

– Kolxozga ketgan, – shoshib javob beribdi Radner.

– Ish bilan shug‘ullanayotgani yaxshi, – Stalin shunday deb go‘shakni qo‘ygan ekan.

Oilasi haqida aytadigan bo‘lsak, Radik Muratovning aktrisa Izolda Izvitskaya bilan turmushi yaxshi bo‘lmadi. Ular ajrashib ketdilar.

Aktyor va uni tashlab ketgan aktrisa Izolda Izvitskaya

Radner Muratov har doim «mening hayotim faqat omadsizlikdan iborat» , deyishdan charchamasdi. Otchopardagi poygalarga haddan ziyod qiziqardi. Bir safar poygaga egnidagi paltosini tikib yuborgan. Keyin yutqazgach, jalada uyiga yupun qaytgan.

Muratovni ot poygasiga qiziqadiganlarning aksariyati yaxshi taniydi. Ular ham pensiya yoshidagi odamlar edi. Ammo bir safar Muratov kattagina pul yutdi. «Yutgan pulimni yutqazishim ham kerak-ku!»  deb yana o‘ynab, otchopardan ship-shiydam bo‘lib uyga jo‘nadi.

U oddiy xalq o‘tiradigan tomoshagohdan chipta olardi. Kazo-kazolar orasida o‘tirishni yoqtirmasdi.

Hayotining ma’lum bosqichida Muratov Nagatinskdagi biz ta’riflagan bir xonali uyiga ko‘chib o‘tdi. Aynan shu uyda hamma lash-lushlar sochilib, to‘zg‘ib yotardi. Eshikni olib, tagiga kitoblarni qo‘yib, karavot yasagandi. Yo‘lakda uyulib yotgan eski gazetalarni chiqarib tashlashga esa hech kimga ruxsat bermasdi.

– Nazarimda Radner Muratovning yashagisi kelmayotgandek tuyulardi, – deb eslaydi aktyor Aleksandr Vigdurov. – Yubileyiga chiroyli kostyum sovg‘a qilishdi. Ammo uni bir marta ham kiygani yo‘q. Eski, uvadasi chiqqan ust-boshda yuraverdi. Muratovning bitta ko‘zi katarakta kasalligiga chalingan edi. Shifokorga ko‘rsatishi kerakligini aytdim. Ammo u: «Nima keragi bor? Baribir yaqinda o‘laman-ku!»  dedi.

Vaqt o‘tgan sayin Muratovni tanimay qolishdi. Keksalik va og‘ir kasallik aktyorning qiyofasini butkul o‘zgartirib yuborgan edi. Faqat yaqin qo‘shnilarigina tanishardi. Ular Muratovga yordamlari tegishi uchun mehmonga taklif qilishardi. Ammo keksa aktyor kamdan-kam hollarda bunga rozi bo‘lardi.

– Muratov ko‘pincha yarimta non, eritilgan pishloq va bir shisha ma’danli suv sotib olar, bu unga bemalol yetardi, – deya xotirlaydi Muratovning do‘stlaridan biri A.Protasenko. – Shifoxonada yotganida men Radnerga ana shu yeguliklarni olib bordim. Oladi, deb o‘ylagandim, rad etdi.

Muratov uyida bo‘lganida hech qachon ovqat pishirmagan. Bir safar u qaysidir oshxonada ovqatlanishini aytib qoldi. Aktyor chuchvaralarni yaxshi ko‘rardi. Oshpaz ayol qancha ovqat bersa ham keksa aktyordan arzimagan pul olarkan. Muratovni tanib, unga yordam berishga intilardi.

Sog‘inch va xo‘rlik

Bir kuni Radner Muratov kinomaydoniga bir chaqayam pulsiz keldi. Aktyorlar unga yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lganlarida keskin bosh tortdi. Pul berganlarida olmadi. Xullas, Muratov oshxona yopilgunicha kutdi. Oshpazlardan biri rahmi kelib, boshqa xo‘randalardan qolgan sarqit ovqatni unga chiqarib berdi. Bu sarqit shunchalik ko‘p ekanki, aktyor uyiga ham olib ketdi. Bora-bora Muratov bayramlarda o‘sha ayolga yangi uzilgan gullar keltiradigan bo‘ldi. Gullarni qayerdan olayotganini hech kim bilmasdi.

Darvoqe, Radner Muratov oshxonaga kirganida birinchisiga – shildiragan karam sho‘rva, ikkinchisiga – ustiga «qog‘oz» kotlet qo‘yilgan kartoshka bo‘tqasi (ichida butun-butun bo‘laklari ham bo‘lardi) uning uchun shohona taom edi.

Pensiyadagi Yelizaveta Iosifovna Muratovdan oilasi haqida so‘raganida u shunday degan:

– Men nihoyatda omadsiz odamman. O‘zimning aybim tufayli xotinimni yo‘qotdim. Endi esa yoshim anchaga borib qoldi. Hech kimga ortiqcha yuk bo‘lishni istamayman... Hayot tugab bormoqda, hammasini qaytadan boshlab nima qilaman?..

Muratov ovqatlanadigan oshxonada yana bir necha taniqli aktyorlar ham ovatlanishardi. U yolg‘iz emasdi.

Radner Muratov bilan bitta pod’yezdda yashagan qo‘shni ayol shunday eslaydi:

– Muratov e’tiborli odam edi. Ko‘cha-ko‘yda uchrashib qolsak, erim, bola-chaqamni albatta surishtirardi. Bir kuni uning uyiga nimadir so‘rab chiqdim. Eshikni ochganida ko‘zlaridan yosh oqardi. Burnini tortib, yengi bilan ko‘z yoshlarini artib-artib qo‘ydi.

– Biror gap bo‘ldimi? – deb so‘radim tashvishlanib.

– «Omadli jentlmenlar»ni ko‘rayotgandim, kulgidan ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi, – dedi u.

Aslida nigohidan Muratovning xo‘rligi kelayotgani ko‘rinib turardi. U o‘ta ta’sirchan odam edi...

Bora-bora kasalliklar o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Muratov biror tadbirda ishtirok etadigan bo‘lsa, gaplari tushunarsiz chiqardi. Shu bois gapini tugatmasdan to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan.

Militsiya, ruhiy kasalxona va o‘lim

– Muratov bilan «Yumorina»  dasturida birga chiqardik, – xotirlaydi Arkadiy Inin. – Birortamiz uning jiddiy kasal ekanini bilmasdik. Bir kuni sahnaga chiqqanida aytadigan so‘zlarini unutib, allambalolarni gapira boshladi. Buning ustiga u hech kimni tanimay qoldi. «Radik, Radik, ko‘zlaringni kattaroq och, bu bizmiz»! – desak ham tanimadi. Muratovni bir amallab sahnadan yetaklab olib chiqib ketdik. O‘shandagina uning jiddiy kasalligini bilganmiz. Keyin konsertlarda kamdan-kam ko‘rinadigan bo‘lib qoldi.

Mazkur voqeadan to‘rt yil avval Muratov insultni boshidan o‘tkazgandi. Shundan so‘ng unda «Alsgeymer» kasalligi rivojlana boshladi. Shifokorlarning aytishicha, bunday xastalikka chalingan odamning xotirasi va aqliga jiddiy shikast yetadi.

– Radnerga achinib ketardim, – deydi Arkadiy Inin. – U uyidan chiqib, qayoqqa ketayotganini unutib qo‘yar yoki ko‘chaga ikki xil poyafzalda yurardi. Radner bilan suhbatlashishdan ham naf yo‘q edi. Deyarli hech nimani eslay olmas, hech kimni tanimasdi. Onda-sonda kursdoshlari yodiga tushib qolardi, xolos.

Bir kuni Muratovni Preobrajensk maydonida militsiya xodimlari to‘xtatishdi. Radner Muratov ularga o‘zining uy manzilini aytib berolmadi. Bu ham yetmaganday, ism-sharifini ham unutib qo‘ygandi. Muratovni daydi deb o‘ylab, ruhiy bemorlar shifoxonasiga jo‘natdilar. Yaxshiyam u yerda tanib qolib, o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qilishdi. O‘g‘li esa otasini 13-ruhiy kasallar shifoxonasiga o‘tkazdi. Muratovga miyada qon aylanishining kuchli buzilishi, tomirlar demensiyasi tashxisi qo‘yildi.

– Radner Muratov unutib qo‘yishdan azob chekardi, – deydi uni davolagan shifokorlar. – Dekabrning boshlarida esa ikkinchi insultni boshidan o‘tkazdi. Shundan so‘ng Muratovni 68-shifoxonaga ko‘chirishdi.

Keksa aktyor u yerda to‘rt kun koma holatida bo‘ldi. Keyin esa hushiga kelmay, 2004 yilning 10 dekabr kuni 76 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Muratovga shifoxonaning kichkina zalida janoza o‘qildi. Dafn marosimida o‘n besh kishi qatnashdi. Biroq ular orasida bittayam hamkasblari yo‘q edi...

Sirasini aytganda, Radner Muratov hayotga yutqazib qo‘ygan va odamlar buning uchun uni kechira olmagandilar.

Akbar Fathullayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring