Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ombudsman lavozimi uchun nomzodga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilyapti

Ombudsman lavozimi uchun nomzodga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilyapti

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi bilan Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirib, uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan mutlaqo yangi huquq, Prezidentga, Oliy Majlis palatalariga, shuningdek Vazirlar Mahkamasiga «maxsus ma’ruza» taqdim etish huquqi belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan «muqobil ma’ruza» tayyorlashi hamda tegishli halqaro tashkilotlarga taqdim etish mumkinligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Ombudsman lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilib, ayrim talablar (yuksak axloqiy sifatlarga, oliy ma’lumotga, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida zarur tajribaga ega bo‘lgan) bekor qilinmoqda. Qolaversa, Ombudsman ta’sir choralarining turlariga aniqlik kiritilgan holda, (ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma) alohida bobda, har bir ta’sir chorasi alohida-alohida moddada aks ettirilyapti.

Ushbu qonun loyihasi bilan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi ahamiyati oshirilib, sohaga oid huquqlari yanada kengaytirilmoqda.

Xususan, Ombudsman faoliyatida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorligi aniqlashtirilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi ahamiyatining oshishiga, uning huquqlari kengaytirilishiga va majburiyatlari aniqlashtirilishiga xizmat qiladi. 

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring