O‘simliklar karantini agentligida milliardlab so‘mlik korrupsion sxema fosh etildi
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida tadbirkorlardan pul undirishga asoslangan korrupsion sxema fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qilishicha, tezkor-qidiruv tadbirlari davomida agentlikning ayrim mas’ul xodimlari tadbirkorlik subyektlari uchun import hujjatlarini rasmiylashtirishda norasmiy «stavka»lar belgilab olgani aniqlangan.
Tezkor tadbirda fuqaro G.U. agentlikda ishlovchi tanishlari orqali Turkiyaning «Y.T.» kompaniyasini xorijiy eksportyorlar reyestriga kiritib berish evaziga 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda G.U. va agentlikning bosh mutaxassisi M.G. til biriktirib, «S.S.» MChJ uchun Rossiyadan yog‘och va Turkmanistondan pomidor import qilishda karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirib berish evaziga 2,9 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgani ham aniqlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, G.U.ga tegishli ikki bank kartasi orqali fuqarolardan R2R shaklida 10,9 milliard so‘m mablag‘ kelib tushgan. Uning 6,1 milliard so‘mi naqdlashtirilib, agentlikning mas’ul xodimlariga berilgani, 3,1 milliard so‘mi esa shaxsiy ehtiyojlar uchun sarflangani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, agentlik va uning quyi tashkilotlari g‘azna hisob raqamlariga tushgan 91,7 milliard so‘mlik to‘lovlar tahlil qilinganda, 14,9 milliard so‘m 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali amalga oshirilgani aniqlangan. Ularning 174 nafari agentlik tizimi xodimlari, 34 nafari esa ularning yaqin qarindoshlari ekani ma’lum qilindi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter