Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek tadqiqotchisi koronavirusga qarshi o‘ziga xos qurilma yaratgani aytilmoqda

O‘zbek tadqiqotchisi koronavirusga qarshi o‘ziga xos qurilma yaratgani aytilmoqda

Foto: «O‘zA»

Endilikda COVID-19 haqida fanga ko‘p narsa ma’lum. Shulardan biri koronovirusning havo orqali tarqalishi. Birgina yo‘tal yoki aksirish oqibatida hosil bo‘lgan bulutli tomchilar havoda bir necha daqiqa davomida saqlanib turadi. 

Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan tuzilgan ekspertlar guruhi koronavirusga qarshi o‘ziga xos kurashish yo‘lini topdi deya yozmoqda O‘zA.

Dastlabki laboratoriya sinov-tadqiqotlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Izlanishlar virus va bakteriyalarni bloklaydigan va zararsizlantiradigan universal texnologiya yaratish ustida olib borildi.

Unga ko‘ra, yangi innovatsion texnologiya yopiq maydondagi havoni zararsizlantiribgina qolmay, bemorning nafas yo‘llari va o‘pkasigacha virus hamda boshqa yuqumli kasalliklardan tozalaydi.

— Innovatsion texnologiyaning asosi — yangi yaratilgan molekulalar, — deydi mazkur ixtiro muallifi, tadqiqotchi Olimjon Yusupov. — Ana shu ajabtovur molekulalar belgilangan hududning havosi va hatto turli jismlar, ashyolarning ustki hamda ichki qismlaridagi mavjud virus va bakteriyalarni ham neytrallashtirish xususiyatiga ega. Shuningdek, bu qurilma inson nafas olish yullaridagi viruslargacha masofaviy zararsizlantiradi. Eng muhimi, uni qo‘llash uchun ko‘p vaqt talab etilmaydi. 30 metr kvadrat maydondagi xona dezinfeksiyasi uchun bor-yo‘g‘i 15 daqiqa kifoya.

Loyiha muallifining ta’kidlashicha, yangi yaratilgan texnologiya havo orqali infeksiya yuqishi xavfini butunlay yo‘qqa chiqaradi. Bu texnologiyaning universalligi shundaki, u nafaqat tojsimon o‘lat, barcha turdagi mikroblar, bakteriyalar va viruslarning kushandasiga aylanadi.

Mutaxassislarimiz ushbu texnologiyadan tibbiyot muassasalari va odam gavjum bo‘ladigan boshqa bino va inshootlarda foydalanishni tavsiya etishmoqda. Uning ishlash prinsipi eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan va inson salomatligi uchun mutlaqo xavfsiz.

Yangi innovatsion qurilma yaqin kunlarda mamlakatimizda ommaviy ravishda ishlab chiqarilishi mo‘ljallanyapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring