Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda erta nikoh uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilyapti

O‘zbekistonda erta nikoh uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilyapti

Kecha, 8-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga erta nikoh uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini tayyorlash haqida topshiriq bergan. Bu haqda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Murodbek Mahmudov ma’lum qildi.

Mahmudovga ko‘ra, hozirda erta nikoh va erta tug‘ruqlarning oldini olish choralarini keskin kuchaytirish maqsadida Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tizimlari integratsiya qilingan. Natijada esa erta tug‘ruqlarni yashirish holatlariga chek qo‘yilgan hamda ularni darhol aniqlash va tegishli chora-tadbirlarni belgilash imkoniyati kengaytirilgan.

«Erta nikoh uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini tayyorlash haqida topshiriq berildi. Shu bilan birga, sog‘liqning buzilishiga sabab bo‘lgan yengil shikast yetkazish jinoyati uchun javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish haqida ham qonun loyihasini tayyorlash topshirildi. Probatsiya hisobida turgan shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish chora-tadbirlari ham belgilandi», – deydi Murodbek Mahmudov.

Yig‘ilishda, shuningdek, ayni paytda 3 oydan ortiq xorijda bo‘lib qaytib kelgan fuqarolarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiyligi belgilanmagani, bu esa turli yuqumli kasalliklarning barvaqt aniqlanishiga hamda mamlakatda tarqalishining oldini olishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlangan.

«Shu bois DXX Chegara qo‘shinlari, Mahalla uyushmasi, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinib, elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Shu orqali chetdan qaytganlarni chegaradan kirishi bilan hisobga olish, darhol tibbiy ko‘rikka yo‘naotirish hamda buning yagona hisobini yuritish mexanizmlari to‘la joriy qilinadi», – deydi Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring