Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda pedofillarning ro‘yxati qachon shakllantiriladi?

O‘zbekistonda pedofillarning ro‘yxati qachon shakllantiriladi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi yetti yoshli qizchaga tegajog‘lik qilgan sobiq harbiyni 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgani haqida xabar bergan edik. 1968 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi avval ham o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan buzuq harakatlar sodir etgan.

Ushbu sud ishiga munosabat bildirgan jamoat faollari O‘zbekistonda haligacha voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslar reyestri shakllantirilmaganiga e’tibor qaratmoqda.

«Menga sudning bu tariqa hukm chiqarishi ma’qul. Adolat degani shu. Ammo ma’qul kelmaydigan jihat shuki, biz bu kabi razil shaxslarning ismini X.A. kabi qisqartmalar orqali yashirishga majbur bo‘lmoqdamiz. Holbuki, zo‘ravonlar va pedofillarning ochiq ro‘yxati tuzilishi kerak edi», – deb yozdi bloger Nikita Makarenko.

Jamoat faoli Aziza Umarova ham voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sodir etgan shaxslar reyestri zarurligini ta’kidlagan.

Zo‘ravonlik mavzusini yoritib kelayotgan «Sukut saqlama» («Ne molchi») loyihasining eslatishicha, joriy yil 11 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti «Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzolagan.

Unga ko‘ra, uch oy ichida (ya’ni iyul oyidan boshlab) bir qator jinoyatlar, jumladan, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik uchun sudlangan shaxslar reyestrini shakllantirish va yuritish vazifasi belgilangan.

«Qora ro‘yxat»ga tirkalgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.

«Afsuski, bolalarga nisbatan uyatsiz xatti-harakatlar sodir etayotgan shaxslarga yetarlicha e’tibor qaratilmaslik yanada og‘irroq jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda. Iyul oyida O‘zbekistonda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslar reyestri paydo bo‘lishi kerak edi, biroq hozircha bu haqida hech qanday ma’lumot yo‘q», – deb yozadi «Sukut saqlama» loyihasi.

Joriy yil 31 yanvar kuni Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topilgach, pedofillarga nisbatan jazoni keskin kuchaytirish haqida munozaralar kuchaydi.

O‘sha paytda Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Komil Allamjonov qonunchilikka pedofillarni kimyoviy bichish jazosini kiritishni taklif qildi.

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga pedofillarni kimyoviy bichish masalasida petitsiya ham joylandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring