O‘zbekistonliklarning chorak qismi qarz olib to‘y qilyapti – so‘rovnoma

«Yuksalish» harakati tomonidan aholi o‘rtasida yuqori to‘y xarajatlariga sabab bo‘layotgan omillarni belgilash, mavjud an’analarga bo‘lgan jamoatchilik kayfiyatini baholash maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi.
So‘rovnomada jami 1 247 kishi ishtirok etib, u poytaxt, viloyat markazlari va tumanlarni o‘z ichiga olgan holda mamlakatning turli hududlaridan bo‘lgan respondentlarni qamrab olgan.
Respondentlarning katta qismi – 81,24 foiz (ayniqsa, viloyatlarda yashovchilar) – o‘z oilasining o‘rtacha oylik daromadini 5 million so‘mdan 12 million so‘mgacha deb ko‘rsatgan. Biroq, to‘y xarajatlari haqidagi savolga rejalashtirilgan yoki amalda sarflangan mablag‘lar ko‘pincha 50 million so‘mdan 100 million so‘mgacha yoki undan ham ko‘proqni tashkil qilishini aytishgan (65,2 foiz).
Bu ko‘rsatkich ko‘plab oilalar uchun bir yillik daromadga teng yoki undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Shunga mos ravishda, aksariyat respondentlar to‘y xarajatlarini shaxsiy jamg‘armalari hisobidan emas, boshqa manbalar orqali qoplaganliklarini bildirgan.
Asosiy moliyaviy manbalar quyidagilar bo‘lgan:
- o‘zi va yaqinlari (qarindoshlari) yordamida – 55,17 foiz;
Bu natija to‘y xarajatlarining jamoaviy moliyalashtirilayotganini ko‘rsatadi – ya’ni, og‘irlik faqat kelin-kuyov emas, balki ularning ota-onalari va qarindoshlariga ham tushadi.
- qarz olgan / oladi –25,1 foiz;
Bu esa aholi o‘rtasida to‘y tufayli yuzaga kelgan qarzdorlik darajasining yuqoriligini anglatadi.
- daromadi yetarli – 14,11 foiz;
- javob bermaganlar – 5,62 foiz.
Bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, to‘y – ko‘plab oilalar uchun ulkan moliyaviy yuk, ularning mavjud daromadlariga mutlaqo mos kelmaydi va qarzga botiradi, bu esa yangi turmush boshlayotgan oilalar yoki ularning ota-onalari uchun moliyaviy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘diradi.
Respondentlarning 46,11 foizi to‘yga katta xarajat qilishga jamiyat bosimi va «elga to‘y berishim kerak» degan majburiyat sabab bo‘lishini bildirgan. Ya’ni, «Uyat»dan qo‘rqish va «yuzimiz yerga qaramasin» degan istak oilalarni o‘z imkoniyatlaridan ortiqcha xarajatlarga majbur qilmoqda.
So‘rovnoma ishtirokchilarining eng katta guruhi to‘y xarajatlarini shaxsiy tanlov deb hisoblasa-da, respondentlarning qariyb yarmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita jamiyat bosimini tan olgan.
So‘rovnoma natijalari, shuningdek, jamiyatda ichki qarama-qarshilik mavjudligini ochib beradi.
Ya’ni, respondentlardan «To‘y qanday bo‘lishi kerak?» deb so‘ralganida ularning 39,62 foizi «Kamtarona» yoki «O‘rtacha, yaqinlar davrasida» kabi variantlarni tanlagan.
«Dabdabali, hashamatli» variantini esa atigi 6,66 foiz respondent afzal ko‘rgan.
Bu jamiyatda dabdabali to‘ylarning samarasizligi haqida aniq tushuncha mavjudligini va ko‘proq kamtarona to‘ylar o‘tkazishga bo‘lgan kuchli istak borligini anglatadi.
Afzal ko‘rilgan muqobil variantlar: agar tanlov imkoni bo‘lsa, respondentlar mablag‘ni quyidagi yo‘nalishlarga sarflashni afzal ko‘rishgan:
- ta’lim olishga,
- uy-joy sotib olishga,
- sayohatlarga,
- sog‘lig‘ini tiklashga,
- biznesga sarmoya kiritishga.
«So‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston aholisi dabdabali to‘ylar o‘rniga mablag‘ni kelajakka yo‘naltirishga tayyor — bu ta’lim, uy-joy xaridi, sog‘liqni tiklash yoki biznesni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Bu esa aholining moliyaviy savodxonlikka intilishi va uzoq muddatli rejalashtirishga bo‘lgan ehtiyoji borligini anglatadi», – deya xulosa qiladi «Yuksalish» UMH.
Shuningdek, O‘zbekistonda to‘y an’analarini isloh qilish va soddalashtirish bo‘yicha kuchli ijtimoiy buyurtma mavjudligi, aholi eng qimmat va charchatadigan marosimlardan voz kechishga tayyorligini bildiradi.
Manba: yuksalish.org
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter