«O‘zbekneftgaz»da karantin qoidalariga rioya etish bo‘yicha zavod va boshqarma rahbarlari javobgar bo‘ladi

«O‘zbekneftgaz» Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida tizimdagi boshqarma va zavod rahbarlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish avvalida tizimdagi korxona va tashkilotlarda karantin qoidalariga qat’iy amal qilinishi, ishchi-xodimlarning salomatligi, xavfsizligi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish zarur ekanligi borasida topshiriqlar berildi.
Karantin qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha zavod va boshqarmalar rahbarlarining shaxsan javobgar ekanligi belgilandi.
Yig‘ilishda asosiy masala, 2020 yilning tugab borayotgan birinchi yarim yilligida gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarning natijasiga qaratildi.
Muborak va Sho‘rtandagi konlar quduqlarida ishlayotgan ishchilarning samarali mehnati Boshqaruv raisi tomonidan e’tirof etildi va keyinchalik ham ularni taqdirlash lozimligi ta’kidlandi.
Ustyurt va Gazli hududida gaz qazib chiqarish ishlari sust bajarilayotgani, berilgan topshiriqlar belgilangan muddatda amalga oshirilmaganligi tanqid qilindi.
Bu borada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun, tegishli rahbarlar ogohlantirildi va qo‘shimcha tarzda berilgan topshiriqlar bajarilmagan taqdirda, ularga nisbatan qatiy jazo choralari ko‘rilishi aytildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan hozirgi kunda qadar gaz qazib chiqarish bo‘yicha reja 99.1 foiz bajarilgan bo‘lishiga qaramay burg‘ulash va quduqlarni ta’mirlash ishlarida muammolarning ko‘pligi ta’kidlandi.
Ayrim rahbarlarning ishda yo‘l qo‘ygan kamchiligi va mas’uliyatsizligi natijasida quduqlar belgilangan muddatda ish boshlamagani aytildi.
Boshqaruv raisi kompressor stansiyalari faoliyatiga ham alohida to‘xtalib, tabiiy gaz qazib olishda uning muhim ahamiyat kasb etishi va bu borada ishlarni to‘liq amalga oshirilishi kerakligi bo‘yicha maxsus topshiriqlar berildi.
Quduqlar sonini ko‘paytirish hisobiga gaz qazib olish hajmini oshirish, qayta ta’mirlash ishlarini sifatli bajarish, geologiya-qidiruv borasida mukammal rejalar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, «O‘zneftgazquduqta’mirlash» AJ tomonidan qilinayotgan ishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ishchi-xodimlar uchun 15 kunlik ish rejimini tashkil etib, barcha sharoitlarni yaratib berish vazifasi belgilab berildi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter