Ozdiruvchi choy va qahvalar niqobidagi xavfli modda aniqlandi

Bojxona xodimlari tarkibida "sibutramin" bo‘lgan 1,3 tonna ozdiruvchi moddalarni noqonuniy olib kirishga urinishni fosh qilishdi. Bu haqda bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ozdirishga xizmat qiluvchi turli paketchali choy va qahvalar, kapsulalar targ‘ibotiga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Ayniqsa, taniqli va mashhur shaxslar ko‘magida bu kabi mahsulotlar go‘yoki zararsiz ekanligi tinimsiz targ‘ib qilinadi.
Aslida ushbu mahsulotlar tarkibida semizlikni davolashda qo‘llaniladigan "sibutramin" moddasi kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lib, uning yurak-qon tomir va asab tizimiga jiddiy nojo‘ya ta’sirlari va xavflari mavjud.
Yaqinda Bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Keles” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti, boshqarmaning Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Markaziy bojxona laboratoriyasi xodimlari tarkibida sibutramin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan yirik miqdordagi choy va qahvalarni olib kirishga bo‘lgan urinishni fosh qilishdi.
Poytaxtimizdagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan tovarlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida tovarlar orasidagi 4 xil turda qadoqlangan, og‘irligi esa 1 tonna 313 kg.dan ziyod bo‘lgan ozdiruvchi choy va qahvalar, kapsulalar bojxona xodimlarining diqqatini tortdi hamda ekspertizadan o‘tkazish uchun Markaziy bojxona laboratoriyasiga taqdim qilindi.
Markaziy bojxona laboratoriyasida olib borilgan ekspertiza tahlillaridan so‘ng mazkur choy va qahvalar, kapsulalar tarkibida “sibutramin” moddasi mavjudligi aniqlandi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter