Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat: Germaniya qanday choralar ko‘rmoqda?

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat: Germaniya qanday choralar ko‘rmoqda?

Germaniyada koronavirus kasalligini yuqtirganlar soni 27-aprel holatiga ko‘ra, 157 ming kishidan oshdi. Har kuni 2 ming inson ushbu kasallikni yuqtirib olmoqda. Hozirga qadar bemorlarning 110 ming nafari sog‘ayib ketgan bo‘lsa, 6 mingga yaqin odam olamdan o‘tdi. Shunga qaramay, sog‘ayganlar soni bo‘yicha Germaniya jahonda peshqadam bo‘lib turibdi. 

Hozirgacha 2 million odam testdan o‘tkazildi. Kox nomidagi institut ma’lumotlariga ko‘ra, o‘lim holatlarining 30 foizi qariyalar uylari va ijtimoiy muassasalar mijozlaridir.  Eng yuqori ko‘rsatkichlar Bavariya, Baden-Vyurtemberg, Gamburg federal o‘lkalarida qayd etilmoqda.

Cheklovlar 3 maygacha deyilmoqda...

Ijtimoiy muloqotni cheklov tartibi joriy yilning 16 martidan boshlanib, 3 mayga qadar amal qilishi aytilmoqda. Ammo vaziyatga qarab, bu muddat uzaytirilishi ehtimoli ham yuqori. 

Epidemiya keng tarqalgan Italiya va Ispaniya bilan havo qatnovlari to‘liq to‘xtatilgan. Avstriya, Shveysariya, Fransiya, Lyuksemburg, Daniya bilan chegaralar qat’iy nazoratga olingan.

Shuningdek, Bavariyada 27-apreldan jamoat transportlari va do‘konlarda niqobsiz yurganlarga 150 yevro jarima solinadigan bo‘ldi. Savdo tashkilotlari o‘z xodimlarini niqoblar taqishini ta’minlamasa, 5 ming yevro jarima to‘laydi.

Aholining katta qismi garchi cheklov choralaridan butunlay norozi bo‘layotgan bo‘lsa-da, kansler Angela Merkel xonim cheklov choralarini yengillashtirish borasida faqatgina 30 apreldan keyingina muhokama boshlanishi mumkinligini bildirmoqda.

Shu bilan birga xonim aholini pandemiya tufayli uzoq muddatli karantin choralariga tayyor turishga chaqirmoqda va ayrim federal yerlar rahbarlarining cheklovlarini yengillashtirish bo‘yicha qabul qilayotgan qarorlarini jiddiy tanqid ostiga oldi.

Eng qizig‘i, 27 sentyabrda o‘tkaziladigan Berlin xalqaro marafoni, 19 sentyabr-4 oktyabrda bo‘ladigan «Oktoberfest» Myunxen pivo bayramini bekor qilish haqida ham qaror qabul qilingani bo‘ldi. Bundan ko‘rinadiki karantin tadbirlari hali ancha davom etadi.

Biznesga havas qilib bo‘lmaydi...

Avvalo, iqtisodiyot jiddiy aziyat chekmoqda, ishsizlik o‘smoqda. Inqiroz sababli agar xodim ishsiz qolsa, bir yil davomida oylik ish haqining 60 foizi miqdorida tavon puli olishi belgilandi. Agar bu ta’til bola parvarishi bilan bog‘liq bo‘lsa, 67 foizni tashkil qiladi. Kelgusida hukumat bu miqdorni 80-87 foizga ko‘tarishi kutilmoqda.

Inqirozdan aziyat chekkan kompaniyalar uchun soliq to‘lovlari bo‘yicha foizsiz kechiktirish taqdim etilmoqda. Bu daromad va korporativ, savdo soliqlarlariga daxldor. 2,1 million kishi qisqartirilgan soatlar jadval asosida ishlamoqda.

20 aprelda savdo do‘konlari ishlariga ruxsat etildi

Hukumat ishi to‘xtab qolgan mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish niyatida. Chunki, aprel yakuniga ko‘ra, tarmoqdagi 223 ming muassasa 10 milliard yevro yo‘qotadi, 70 ming korxona bankrotlik yoqasiga kelib qoldi.

Maktab ta’limi ham to‘xtatilgan. Hukumat onlayn-rejimga o‘tgan maktablarni masofadan sifatli o‘qitish maqsadida – kompyuter bilan jihozlash uchun 500 million yevro ajratmoqda. Jumladan, ehtiyojmand oilalar o‘quvchilariga masofadan turib uyda tahsil olishlariga gajetlar sotib olishlari uchun 150 yevrodan subsidiya ajratildi.

Kasallik tez tarqab ketishi mumkin bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalaridagi ahvol ham ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Bavariya hukumati esa to‘qimachilik kompaniyalari bilan hamkorlikda o‘z hududidagi qamoqxonalarda yiliga 7 million himoya niqoblari ishlab chiqarishni boshladi.

O‘tgan davrda xorijda qolib ketgan 250 mingga yaqin fuqarolar o‘z Vataniga qaytib keldi.

Tyuringiya federal yeri 23 apreldan ommaviy ibodatlarga ruxsat berdi. Yopiq binoda gigiyena va masofa saqlashga qat’iy amal qilgan holda ishtirokchilar soni 30 nafardan, ochiq joylarda esa 50 kishidan oshib ketmasligi kerak.

Germaniya futbol ittifoqi maxsus komissiyasi futbol o‘yinlarini tomoshabinlar ishtirokisiz qayta tiklash rejasini e’lon qildi. Komissiya tribunalarda turli uzoqlikda 300 nafar kishigacha bo‘lishi xavfsizlikka to‘liq javob beradi, deb hisoblaydi. O‘z navbatida, futbolchilar jamoa bo‘lib suratga tushishi, uyindan oldin safda qator turishi, an’anaviy qo‘l siqishlardan voz kechishga to‘g‘ri keladi.

«BioNTech» kompaniyasi vaksinasi sinovda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa byurosi Germaniyaning virusga qarshi kurashini yuksak baholamoqda. Mamlakatning qudratli sog‘liqni saqlash tizimi pandemiya bilan samarali kurashish uchun munosib imkon bermoqda. Ammo uzoq istiqbolda vaziyat hamon noaniq va xavfsiz emas.

Hukumat federal sog‘liqni saqlash vazirligiga kasalxonalarga qo‘lqop, niqob, himoya kostyumi va boshqa materiallarni, sun’iy nafas olish qurilmalarini markazlashgan holda sotib olish maqsadida 7,8 milliard yevro ajratdi.

Hozirda Germaniyada birgina niqobga bo‘lgan ehtiyoj yiliga 12 millird donani tashkil etmoqda va 50dan ortiq kompaniyalarga ularni ishlab chiqarish uchun ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Virusni yuqtirganlar bilan muloqotga kirishgan odamlarni tezkor aniqlashda mahalliy hukumatlarga yordam berish uchun davlat moliyalashtirish asosida 105 ta mobil guruhlar tuzildi va o‘qitildi. Kelgusida har 20 ming aholiga kamida bittadan ana shunday guruh shakllantiriladi.

Mudofaa vazirligining 37 ming harbiylari kurashga yordam berishga shay holatda. Shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida 25-30 foiz joylar koronavirusga chalingan bemorlar uchun zaxiraga olingan.

Germaniya koronavirusga qarshi ehtimodliy vaksinaning klinik sinoviga ilk ruxsatni berdi. «BioNTech» kompaniyasi ishlab chiqargan dori ko‘ngillilarda sinovdan o‘tkaziladi. Yaqin oylarda yana bir necha vaksinalarni tekshirib ko‘rishga ijozat etiladi.

7 mayda Bundestagga kiritilayotgan koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha yangi qonun loyihasiga ko‘ra, ommaviy testlarni o‘tkazish davlat tibbiyot sug‘urta kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Epidemik vaziyat milliy xavfsizlik darajasida qolar ekan, test o‘tkazishni ko‘paytirish maqsadida veterinar laboratoriyalardan vaqtinchalik foydalanish joriy etiladi.

Kasalxonalarga, moliyaviy muammolar sababli mijozlarga arzon tariflar bergan xususiy sug‘urta kompaniyalariga qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatiladi.

Gavhar Naimova, O‘zDJTU magistranti

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring