Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pashinyan: «Qorabog‘ hech qachon bizniki bo‘lmagan»

Pashinyan: «Qorabog‘ hech qachon bizniki bo‘lmagan»

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Qorabog‘ masalasi bo‘yicha keskin bayonot berib, ushbu hududni Armanistonniki deb hisoblamasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Qorabog‘ harakati» Armaniston uchun «jiddiy xato» bo‘lgan.

Arman OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videoda Pashinyan: «Bu yer qanday qilib bizniki bo‘ldi? Iltimos, tushuntirib beringlar», deya savol qo‘ygan.

Bosh vazir o‘n yillar davomida shakllangan milliy qarashlarga qarshi chiqib, Qorabog‘da armanlar tomonidan to‘liq hayot barpo etilmaganini ta’kidlagan.

«U yerlarda zavod qurildimi? Bolalar bog‘chasi ochildimi? Biz u yerda yashadikmi? Ular bizning yerlar emas edi», – degan Pashinyan.

Maqolada aytilishicha, Pashinyanning bu chiqishi Armanistonning Ozarbayjon bilan tinchlik jarayonini davom ettirish va Yevropa Ittifoqiga yaqinlashish siyosati fonida yangragan.

Yerevanda o‘tgan Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Armanistonning Rossiya ta’siridan uzoqlashib, Yevropa yo‘lini tanlayotganini qo‘llab-quvvatlagan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev esa Armanistondagi «aksilozarbayjon kuchlari» hokimiyatga kelsa, bu eng avvalo arman xalqining o‘ziga zarar bo‘lishini aytdi.

Uning ta’kidlashicha, Boku mintaqada tinchlik va iqtisodiy hamkorlik tarafdori bo‘lib qolmoqda. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Armanistonning Yevropa Ittifoqiga yaqinlashuvi bo‘yicha referendum o‘tkazish «mantiqiy bo‘lishi»ni aytgan.

Putin Ukraina misolini keltirib, Kiyevning Yevropa yo‘lini tanlashi urushga olib kelganini ta’kidlagan.

Pashinyan esa hozircha bunday referendum rejalashtirilmaganini bildirdi. Shu bilan birga, Armaniston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan chiqish niyati yo‘qligini ham qayd etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring