Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 «Sharq yulduzi», PAYNET tarixi, Misrdagi biznes muhiti – Muzaffar Kamilov hikoyasi

 «Sharq yulduzi», PAYNET tarixi, Misrdagi biznes muhiti – Muzaffar Kamilov hikoyasi

«Xorijdagi vatandoshlar»ning navbatdagi qahramoni Misrdagi «Bee smart payment solutions» kompaniyasi Boshqaruvchi direktori Muzaffar Kamilov.

Suhbatdoshimiz O‘zbekistondagi ilk onlayn to‘lov tizimi – PAYNET loyihasi yaratilish ishlarida ishtirok etgan. 12 yildan buyon Misrda istiqomat qiladi.

«Sharq yulduzi»ni sevib o‘qir edim

1978-yil tug‘ilganman. Bolalik yillarim Toshkentning turli mavze’larida o‘tgan. Boshlang‘ich sinflarni Lal Bahodur Shastri nomli 24-o‘rta maktabda o‘qiganman. Bu davrda oilamiz Eski shaharning «Zargar» mahallasida turar edi. Bu mahalla «Qo‘shtut» va «Charxchi Imom» orasida joylashgan bo‘lib, maktabga yetib borguncha bir necha mahalladan yurib borardik. 1988-yili dastlab Sergeli mavze’siga, oradan bir yil o‘tib esa, Qoraqamish mavze’siga ko‘chib kelganmiz. O‘rta ma’lumotimni 234-o‘rta maktabda bitirganman.

Eski shahardagi hovlimiz tor bo‘lgan. Bir hovlida 2 oila yashar edik. Oshxona alohida bo‘lsa-da, hojatxona umumiy edi. Hammom bo‘lmagan. Oilada 5 kishi - ota-onam, men va ikki ukam 2 xonalik uyda yashaganmiz. Xonalar katta emas, har kuni ertalab nonushtadan oldin divanni yig‘ishtirib qo‘yar edik, chunki dasturxonga bemalolroq joy ochilar edi. Yoz kunlari hovlida, qish kunlari esa uyni ichida tog‘oraga suv to‘ldirib, cho‘milganmiz. Uyimiz ko‘mirda yoqiladigan pechkada isitilar edi. Hozirgi kunda, oilaviy davrada yig‘ilganimizda, qog‘ozdan paket tikib, ko‘mir kukunini qoplagan vaqtlarimizni kulib-kulib yodga olib turamiz.

Oilamizdagi ikkinchi ukam markaziy nerv tizimi falaji bilan tug‘ilgan. Onam 8 yil davomida ukamga qarab, uyda o‘tirganlar. Bu davr mobaynida oilamizda faqat otam ishlaganlar. Eski shahardagi hovlimizdan, boshqa uyga chiqishimizga, avvalambor Alloh, qolaversa, ijtimoiy ta’minot organi tomonidan ukamnining nogironligi tufayli berilgan uy sabab bo‘lgan.

Otam nashriyot qoshidagi oshxonada oshpaz bo‘lib ishlar edilar. Oyliklari sobiq sovet tuzumining pulida 70 so‘mni tashkil qilardi. Shu pulga oila tebratilgan. Har haftada kamida bir marta, yo badiiy kitob, yo jurnallardan olib kelganlar.

Nashriyot qoshidagi oshxona bo‘lgani uchun, xo‘randalar tez-tez nashr qilinayotgan adabiyotlardan tashlab ketishar, uyimiz «Sharq yulduzi», «Yoshlik», «Fan va Turmush», «Saodat», «Mushtum», «Gulxan» kabi jurnallarga to‘lib ketgan. Ayniqsa, «Sharq yulduzi» jurnalida yangi chop etishga tayyorlanayotgan asarlardan parchalar bo‘lgani uchun, ushbu jurnalni juda yaxshi ko‘rib o‘qir edim. Shu davrda kitob o‘qishga bo‘lgan mehr uyg‘ongan.

Marketing moliyadan ko‘ra qiziqroq ko‘ringan

Ota-onam oliygohda o‘qishmagan. Lekin men va ukalarim (eng kichik ukam 1989 yili, ikkinchi ukam vafot qilishidan 1 yil avval tug‘ilgan) - hammamiz oliy ma’lumotga egamiz. Sababi ota-onamiz va keyinchalik o‘zimiz ham oliy ma’lumot olishni hayotdagi maqsadlarimizga erishish uchun asosiy vositalardan biri deb belgilab olganmiz.

Oliygohga kiraman deb jazm qilishimga yana bir holat sababchi bo‘lgan. Maktabni bitirishim bilan, otamga yordam berish uchun Chuqursoydagi pilladan ipak yigiruv fabrikasida ishlaganman. Lekin u yerdagi bir xillik, doimo takrorlanadigan va zerikarli muhit menga qattiq ta’sir qilgan va kelajakda o‘z oldimga qo‘yadigan maqsadlarimga turtki bo‘lgan.

Maktabni bitirgan yilim Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga topshirganman, lekin kirish imtihonlaridan o‘ta olmaganman. Maktabda ona tili va matematika fanlaridan yaxshi o‘qiganman, ammo maktabdagi bilimim, ayniqsa, chet tili bo‘yicha maktabdan olgan bilim darajam oliygoh uchun yetarli emasligini anglab yetganman. Shundan keyin, ingliz tilidan repetitor topganman va bir yil davomida ham ishlab, ham ingliz tilidan saboq olganman.

Menga repetitor bo‘lgan ustozimning uylarini ham o‘zim surishtirib topib borganman. Oradan bir muncha vaqt o‘tgandan keyin, ingliz tili ustozim menga: «Odatda meni oldimga farzandlarini o‘qitish uchun, ota-onalari yetaklab kelishadi. Darslar soni, narxi va jadvalini ham men o‘quvchi bilan emas, ota-ona bilan gaplashaman. Sen kelganingda, meni keyingi yilgacha dars beradigan vaqtlarim to‘lib bo‘lgandi. Ammo o‘zing, ota-onangsiz dars olishni istab kelganing uchun, senga rad javobini berib, qaytarib yubora olmadim, o‘zimga rejalagan shaxsiy vaqtim hisobidan senga qo‘shimcha vaqt ajratgan edim» - deb aytgan edilar.

Bir yil davomida ingliz tilidagi bilimim keskin darajada oshdi va ustozimning maslahati bilan Toshkent davlat universitetining Xorijiy filologiya fakultetiga imtihonlardan yaxshi o‘tib, o‘qishga kirdim. Oradan bir yil o‘tib, Toshkent davlat texnika universiteti qoshida yangi ochilgan Biznes boshqaruvi fakultetiga kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirib o‘tib ketdim. Bu fakultet Malayziya bilan hamkorlikda ochilgan bo‘lib, o‘z davri uchun juda ilg‘or dasturga ega va o‘quv jarayoni chet eldan tashrif buyurgan o‘qituvchilar ishtiroki asosida tashkil qilingan edi.

Fakultetda 2 yo‘nalish taklif qilingan: marketing yoki moliya boshqaruvi. Ikkala yo‘nalish ham menga qiziq va ikkalasidagi fanlardan baholarim yaxshi bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, marketingni tanladim. Sababi marketing 90-yillar uchun nisbatan yangi yo‘nalish edi. Bu davrda hali ko‘p korxonalar sovet tuzumidan qolgan tashkiliy bo‘linma va funksiyalarni islohot qilib ulgurmagandi. Masalan, sotuv vazifasi va bo‘limlari hali ham mahsulotni sotish emas, balki mahsulot ta’minoti, yani «snabjeniye” bilan shug‘ullanishga qaratilgandi. Ya’ni bozor qonuniga o‘tib ishlash, korxonalarning mijozbop mahsulot va xizmat turlarini ishlab chiqishi, bozorni o‘rganish kabi tushunchalar yangilik hisoblangan. Chunki sobiq sovet iqtisodi asosan sun’iy defitsit yaratishga asoslangan va korxonalar marketing va sotuv o‘rniga faqat ta’minot qilish bilan shug‘ullangan. Tabiiyki, marketing juda yangi soha bo‘lgan va menga bu yo‘nalish moliyadan ko‘ra qiziqroq ko‘ringan.

AQSh emas, Buyuk Britaniyaga ketdik

Ochig‘i, magistratura uchun aynan Buyuk Britaniyaga borish mening tanlovim bo‘lmagan. Men AQSh dagi universitetlarda MBA qilishni maqsad qilib qo‘ygandim va tanlov imtihon va sinovlardan ham muvaffaqiyatli o‘tganman. Bizni Umid jamg‘armasi sovrindorlari sifatida e’lon qilishganda ham AQSh universiteti uchun g‘oliblar ro‘yxatida bo‘lganman. Ammo men va men kabi yana 5 yigitga jamg‘arma rahbariyatining qaroriga muvofiq Buyuk Britaniyaning Reding universitetiga yunalish berilgan. Buning sababi, Reding universiteti Umid jamg‘armasi rahbariyatiga moliyaviy tarafdan yaxshiroq taklif bilan chiqqan. Aniqrog‘i, agar talabalar soni ma’lum miqdorni tashkil etsa, muayyan chegirmalar taklif etilgan. Shu sababli, biz ham Reding universitetiga ketadiganlar tarkibiga kiritilganmiz.

Hozir, Reding universitetiga borganimdan hech ham afsuslanmayman. Chunki, shu oliygoh bahona bir necha juda qalin do‘stlar orttirganman. Ular bilan hali hanuz yaxshi aloqadamiz. Umuman, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa o‘quv tizimlarini taqqoslash va ularni kamchilik va farqlarini tahlil kilish bu alohida masala va buni tegishli mutaxassislar qilgani yaxshi. Har bir xorijiy davlat ta’lim tizimining o‘ziga yarasha yutuq va kamchiliklari bo‘lishi aniq. Lekin, aminmanki, xorijda muvvafaqiyatli ta’lim olish ko‘p mehnat va mustahkam irodani talab etadi. Umuman, muvaffaqiyat dangasalikni yoqtirmaydi. Eng asosiysi, talaba shu o‘qishga kira oldimi, demak uning hech qaysi mahalliy yoki boshqa xorijiy talabadan kam joyi yo‘q.

Buyuk Britaniyadagi dastlabki oylar albatta qiyin kechgan. Sababi birinchi marta chet elga chiqqanman. Tamoman boshqa madaniyat, til va jamiyat. Bu davlatda bo‘lishim meni shaxs sifatida o‘zligimni yoki xarakterimni o‘zgartirgan deb aytolmayman, lekin o‘zimga bo‘lgan ishonch oshgan, dunyoqarashim kengaygan, hayotiy tajribam ko‘paygan, fikr-mushohada qilish va kelgusida duch kelishim mumkin muammolar yechimlarini topish uchun misollar, saboqlar va ko‘nikmalar yig‘ilgan. 

PAYNET dastlab ikki xil rangda bo‘lishi mo‘ljal qilingan

PAYNET to‘lov tizimining bevosita faoliyati 3 xonalik ofis, 2 ta stol, 2 ta stul va 4-5 kishilik jamoa bilan boshlangan. Stulda navbatma-navbat o‘tirib ishlardik. Ish boshlaganimizdan chamasi 6 oylardan keyin birinchi shartnoma tuzilgan, yana 3-4 oydan keyin birinchi onlayn to‘lovi o‘tkazilgan. Men PAYNET’ga kelishdan oldin avvalgi ishimdan bo‘shagan edim, ya’ni menga orqaga qaytish eshigi yo‘q bo‘lgan.

Loyihamizning ko‘tarilib ketishiga qattiq ishonganmiz. Sababi g‘oya yangi, hech kim hali ko‘tarib chiqmagan va bozorda talab yuqori, chunki o‘sha vaqt uyali aloqa uchun to‘lov kartalari taqchil bo‘lib, odatda 20-25% norasmiy ustama haqi bilan sotilardi.

PAYNET logotipidagi yashil dumaloq dastlab ikki xil rangda bo‘lishi mo‘ljal qilingan. Buning maqsadi agar PAYNET peshtaxta belgisi o‘rnatilgan shoxobcha ishlab turgan bo‘lsa yashil dumaloq, agar shoxobcha yopiq bo‘lsa, qizil dumaloq belgisi yonib turishi kerak edi. Lekin, buni amalda tadbiq qilish oson bo‘lmagani va ko‘p xarajatli bo‘lgani uchun, bu g‘oyadan voz kechganmiz va faqat yashil dumaloq belgini qoldirganmiz. Shu davrda men o‘zim o‘qigan fakultetda dars ham berganman. PAYNET uchun ishlangan turli xildagi logotip variantlarini va shiorlarini talabalarimga ko‘rsatib fikr-mushohada ham qilganmiz. Chunki to‘laqonli fokus guruhlar va tadqiqotlar o‘tkazishga pulimiz bo‘lmagan.

Qiyinchiliklardan biri xizmat ko‘rsatishni boshlash cho‘zilib ketganida bo‘lgan. Tizer kompaniyasini boshlaganimizdan so‘ng rejamiz bo‘yicha 1-2 oy ichida xizmat ko‘rsatishni boshlash kerak edi. Lekin to‘lov tizimi va asosiy xizmatlarga ulanishlarning bitishi rejadan ko‘ra cho‘zilib ketib, 6 oydan ko‘proq vaqtni o‘z ichiga olgan. Biz ungacha kompaniyaning ismi, brendi, logotipi, shiori, veb-sayti va hatto reklama printlarigacha bitirib bo‘lgan edik. Lekin e’lon muddati kechikayotgan edi. Shunda budjetni tejash va vaqtdan oldin sarf-xarajatni ko‘paytirmaslik uchun bilbordlar sonini kamaytirganmiz, boisi qo‘limizdagi pul tejalgan va ish boshlab olishga yetkazishimiz kerak edi. Shahar bo‘ylab bor-yo‘g‘i 5 ta bilbord qoldirganmiz. Lekin ularning joyini har oy o‘zgartirib turganmiz. U vaqtda ko‘chadagi reklama hozirgidek ko‘p bo‘lmagan, ijtimoiy tarmoqlar ham yo‘q edi, balki shunga 5 ta bilbord har oyda joy o‘zgarishi hisobiga shahar bo‘ylab keng qamrovli reklama effektini bergandir.

Asosiy xavotirlardan biri, albatta, O‘zbekiston bozorida birinchilikdan quruq qolish edi. Chunki bu g‘oyani tadbiq etish uchun bir necha insonlar, korxona rahbarlari, mutasaddi kishilar bilan suhbatda bo‘lishga va g‘oya bo‘yicha rejalarimizni taqdim qilishimizga to‘g‘ri kelgan.

Xizmatlar e’lon qilinib, bevosita aholiga xizmat ko‘rsatish boshlangandan so‘ng 1 yil o‘tgach, loyiha sof foydaga kira boshlagan.

Misrdagi biznes model O‘zbekistondan katta farq qiladi

Misrga ko‘chib kelganimga 12 yildan oshdi. Hozir, bu yerda Bee smart payment solutions’da Boshqaruvchi direktor lavozimida ishlayman. Korxonaning hissadori Misrning «Ebtikar xolding» kompaniyasi. Bu loyihani 2010-yil boshlaganmiz, 2012-yilda korxona rahbari kilib tayinlanganman va 10 yildan beri shu lavozimda faoliyat yuritib kelaman. Garchi bu korxona ham to‘lov tizimi xizmatlarini amalga oshirsa-da, bu yerdagi biznes model O‘zbekistondan katta farq qiladi. Biz bu yerda juda katta jamoani ushlashga majburmiz, sababi ko‘pgina tijorat va chakana savdo shoxobchalarining bankda hisob raqami yo‘q va to‘lov tizimidan o‘tgan pullarni naqd ko‘rinishida yig‘ishga to‘g‘ri keladi va bu o‘z navbatida naqd pul muomalasi bilan bog‘liq bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Ayni vaqtda korxona ishchilari soni 800 atrofida va mamlakat bo‘ylab 6 ta filial ishlab turibdi.

Fin-tex bozoriga to‘xtaladigan bo‘lsam, O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan ba’zi sharoitlar Misr bozorida hali yuzaga kelmagan. Masalan, qonunchilik doirasida to‘lov tizimlari korxonalari Misr Markaziy Banki tomonidan idora etilishi rasman 2020 yilda qabul qilingan banklar faoliyatiga tegishli qonunda aks etgan bo‘lsa-da, hozirgacha bu korxonalar faoliyati bo‘yicha tegishli nizom va yo‘riqnomalar Markaziy Bank tomonidan qabul qilinmagan.

Bundan tashqari aholining shunday segmentlari borki, ularda bank hisob raqami yo‘q va bank to‘lov kartalaridan umuman foydalanmaydi. Biroq, Misr hukumati yildan-yilga bank xizmatlari va elektron to‘lovlarni aholi tomonidan ko‘proq foydalanishiga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘paytirib bormoqda.

O‘zbekiston bozoriga kelsak, PAYNETdan tashqari hozir juda ommalashib ketgan va kuchli raqobatchilar, ya’ni Payme, Click, Apelsin kabi to‘lov tizimlari borligi, albatta, quvonarli hol. Kuchli raqobat bo‘lgan jabha albatta, iste’molchining foydasiga xizmat qiladi.

Har gal Toshkentga borganimda Chorsudagi kitob do‘konlarini aylanaman

Shaxsan o‘zim badiiy adabiyotni ham, badiiy bo‘lmagan turli mavzudagi adabiyotlarni ham o‘qishni yaxshi ko‘raman. Har gal Toshkentga borganimda, albatta, Chorsudagi kitob do‘konlarini aylanmay qaytmayman.

Badiiy kitoblardan Ernest Xeminguey, Edgar Po, Tolkiyen asarlarini o‘qiyman, zamonaviy adabiyotdan Yuval Noah Harari qalamiga mansub «Homo Deus» kitobi, o‘zimizning mualliflardan Tohir Malik va Hojiakbar Shayxov asarlari yaxshi, Alihonto‘ra Sog‘uniyning Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tarixlari haqidagi kitobi va albatta, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning hamma kitoblarini o‘qishni tavsiya qilaman. Agar o‘quvchilar orasida yoshlar bo‘lsa va hali Shayxning kitoblarini o‘qimagan bo‘lsalar, albatta, ularning «Baxtiyor oila» kitobidan boshlashsin.

Ikkinchi bo‘lgan odamni hech kim eslamaydi

Birinchi navbatda qaysi sohaning tanlashingizdan qat’iy nazar, shu sohaning o‘rtamiyona mutaxassisi bo‘lib qolishingiz yaramaydi. Siz muhandis, dizayner, doktor, tijoratchi, hisobchi, hunarmand, oshpaz, umuman kim bo‘lishingizdan qatiy nazar, o‘z sohangizning mohir ustasi bo‘lishingiz shart.

Men biznes boshqaruv kulliyotida o‘qiyotgan davrim, ustozlarimizdan biri talabalardan: «Oyga birinchi kim chiqqan?» - deb savol berib qoldi. Ko‘pchilik: «Nil Armstrong» - deb javob berishdi. Shundan keyin «U bilan yana kim chiqqan?» - deb so‘radi. Hech kim eslay olmadi. Shunda ustozimiz: «Ko‘rdingizmi, odatda ikkinchi bo‘lgan odamni hech kim eslamaydi» - deb aytdi.

Shuning uchun hayotiy maqsad qo‘yganingizda, albatta, men shu sohani yetuk namoyandasi bo‘laman, deb niyat qilish lozim va bunga erishish uchun doim harakatda bo‘lish kerak. O‘z sohasini mukammal egallay olgan inson pul ketidan quvmaydi, sababi pulni o‘zi uning ketidan quvib yuradi.

Ikkinchidan, har xil to‘siqlarga, muvaffaqiyatsizliklarga, umuman, turli zarbalarga duch kelganda tushkunlikka tushmang. Agar kimda-kim turli qoqilish va zarabalar tufayli o‘ziga achinib, tushkunlik kayfiyatida davom etar ekan bu uning, avvalo, o‘ziga va qolaversa, yon-atrofidagi insonlarga ham zarar yetkazishni boshlaydi.

Men yuqorida aytib o‘tganimdek birinchi topshirgan yilim oliygohga kira olmaganman. Yoki keyinchalik AQSh universitetlariga magistraturaga o‘tish imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tsam-da, menga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, boshqa davlatga va boshqa sohaga yo‘naltirilganman. Bunday holatlarda dastlab o‘ksinish va tushkunlik paydo bo‘lgan, albatta. Bu turdagi zarbalar hayotimda ko‘p uchragan. Lekin inson bunday holatlarni yaxshilikka deb bilib, o‘zini tiklab, bu holatlardan saboq olib yana olg‘a intilishi kerak.

O‘zimni O‘zbekistondan uzilib qolgan deb hisoblamayman. Sababi Misrdagi loyihamiz o‘zbekistonlik dasturchilarga mijoz va dasturiy ta’minot va boshqa informatsion texnologiya xizmatlaridan foydalanish uchun ko‘pincha O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan hamkasabalarimizga murojaat qilib turamiz.

Keyinchalik albatta, butkul vatanga qaytish rejamda bor.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring