Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pensiya jamg‘armasi pensiya tayinlashni qayta ko‘rib chiqish haqidagi petitsiyaga munosabat bildirdi

Pensiya jamg‘armasi pensiya tayinlashni qayta ko‘rib chiqish haqidagi petitsiyaga munosabat bildirdi

Foto: «Protoday.uz»

Kecha, 6-iyun kuni «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga «Nafaqalar tayinlashni qayta ko‘rib chiqish haqida» yangi petitsiya ovozga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik. Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ushbu petitsiyaga rasman munosabat bildirdi.

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunda agar jamoa xo‘jaligi a’zosi uzrsiz sabablarga ko‘ra jamoa xo‘jaligida belgilangan mehnatda ishtirok etish minimumini bajarmagan bo‘lsa, ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri bo‘yicha hisobga olinishi qayd etilgan.

Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentyabrdagi 252-qarori bilan tasdiqlangan «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomda jamoa xo‘jaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, mehnatning amaldagi davomiyligi bo‘yicha ish vaqti hisobga olinishi belgilangan.

Misol uchun, 1980-yilda «Pobeda» kolxozida faoliyat ko‘rsatgan erkaklar uchun 230 kun, ayollar uchun esa 160 kun etib mehnatda qatnashish minimumi belgilangan. Shunda erkak kishining pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lganda, uning 1980-yilda ishlagan 230 ish kunidan, ayol kishining 160 ish kunidan iborat davri mehnatda qatnashish minimumini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tasdiqlangan taqdirda, to‘liq bir yil ish staji sifatida inobatga olinadi.

Yuqorida ko‘rsatilgan nizomga asosan agar jamoa xo‘jaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, mehnatning amaldagi davomiyligi bo‘yicha ish vaqti hisobga olinadi.

Misol uchun, 1980 — 1981-yillarda «Pobeda» kolxozida faoliyat ko‘rsatgan erkakning pensiya olish huquqi paydo bo‘lganda hamda mazkur shaxs tomonidan taqdim etilgan arxiv ma’lumotnomasida 1980-yil uchun 210 kun, 1981-yil uchun 220 kun ishlaganini tasdiqlovchi ma’lumotnoma taqdim etilib, biroq mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, unga pensiya tayinlashda yuqorida ko‘rsatilgan mehnat faoliyati davri quyidagicha inobatga olinadi: 1980-yil — 210 kun = 7-oy, 1981-yil — 220 kun = 7 oy 10 kun sifatida, ya’ni amaldagi davomiyligi bo‘yicha ish vaqti hisobga olinadi.

Shu bilan birga, Mehnat kodeksining 115-moddasiga asosan xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Ta’kidlash joizki, Mehnat kodeksining 139-moddasiga muvofiq ta’tillarning muddati olti kunlik ish haftasi hisobidan kalendar bo‘yicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi. Ta’til davriga to‘g‘ri kelib qolgan va ushbu kodeksning 131-moddasiga muvofiq ishlanmaydigan kunlar deb hisoblanadigan bayram kunlari ta’til muddatini belgilashda hisobga olinmaydi.

O‘zbekiston Oliy sudi plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi «Davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi 44-qarori 12-bandida Mehnat kodeksining 115- va 139-moddalariga asosan jamoa xo‘jaligida ishlangan vaqtning amalda davom etgan davri bayram kunlarini hisobdan chiqargan holda olti kunlik ish haftasidan kelib chiqib belgilanishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shu bois jamoa xo‘jaligida amaldagi davomiyligi bo‘yicha ish vaqtini hisoblashda olti kunlik ish haftasi va bayram kunlarini hisobga olgan holda kalendar bo‘yicha ish kunlari bilan hisoblab chiqarilmoqda.

Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolar bilan o‘tkazilgan sayyor uchrashuvlar, shuningdek O‘zbekiston Prezidentining virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlar tahlili natijasiga ko‘ra joriy yilning aprel oyida Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur qaror loyihasida Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentyabrdagi 252-qarori bilan tasdiqlangan «Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 35-bandi «a» kichik bandi 4-xatboshisiga quyidagi mazmunda o‘zgartirish kiritilmoqda:

— «jamoa xo‘jaligida mehnatda ishtirok etishning belgilangan minimumini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud bo‘lmasa, mehnatning amaldagi davomiyligi bo‘yicha ish vaqti olti kunlik ish haftasidan kelib chiqib belgilanadi».

Ushbu qaror qabul qilinishi bilan petitsiyada qayd etilgan muammoli masalalar bartaraf etiladi.

Qaror loyihasi bo‘yicha Iqtisodiyot vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Sog‘liqni saqlash, Tashqi ishlar, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, «O‘zbekneftgaz» AJ bilan kelishilgan holda Adliya vazirligidan huquqiy ekspertiza xulosasi olingan.

Mazkur qaror loyihasi yaqin kunlarda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, Pensiya jamg‘armasi tomonidan ishlab chiqilgan Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasiga ko‘ra dastlabki bosqichda talab etiladigan minimal ish stajini bosqichma-bosqich har yili, 2019-yildan boshlab 10 yilgacha oshirish, pensiya yoshini esa 2022-yildan boshlab har yili 6 oyga, ayollar uchun 58 yoshgacha, erkaklar uchun 63 yoshgacha oshirib borish ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring