Prezident ikki qizaloqni qutqarish chog‘ida cho‘kib ketgan erkakni «Jasorat» medali bilan mukofotladi

Joriy yil 5-may kuni ikki nafar voyaga yetmagan qiz Toshkentdagi Bo‘rijar kanaliga tushib ketgani va bunga guvoh bo‘lgan voqea joyiga yaqin hududda yashab kelgan Abdumannop Samiqov darhol yordamga shoshilgani va ikkala qizni qutqarib, baxtga qarshi o‘zi suvda cho‘kib halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mazkur fojeaga e’tibor qaratib, Abdumannop Samiqovning «hamisha odamlarga yaxshilik qiladigan, el koriga yaraydigan vatanparvar inson bo‘lgani»ni e’tirof etmoqda.
Asadovning ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev marhumning rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirgan va bugun marhum Abdumannop Samiqovni «Jasorat» medali bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.
Shuningdek, qizaloqlarni qutqarishda jonbozlik ko‘rsatgan «Bo‘rijar» sport majmuasi ishchisi Nurmuhammad Mamasaliyev ham «Jasorat» medali bilan taqdirlangan.
«Bu mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, vatan qahramonlariga hurmat ko‘rsatish borasidagi e’tiborning yana bir ifodasi bo‘ldi. Kuchli va mehr-oqibatli jamiyatda insoniylik hech qachon unutilmaydi», – deb yozadi Sherzod Asadov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter