Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident: Namanganda suv tizimini yaxshilashga 800 mlrd so‘m ajratildi

Prezident: Namanganda suv tizimini yaxshilashga 800 mlrd so‘m ajratildi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Namanganda yo‘l, ichimlik suvi, uy-joy kabi hayotiy zarur infratuzilmani rivojlantirish ham eng dolzarb masalalardan ekanini ta’kidladi.

Uychi, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari aholisini viloyat markazi va boshqa tumanlar bilan bog‘lovchi asosiy yo‘ldagi tirbandlik qiynab kelayotgan edi.

Shu bois, 63 milliard so‘m hisobiga Norin daryosi ustidan 480 metr uzunlikdagi yangi ko‘prik qurilmoqda. Uychi orqali Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari markaziga yetib borish 20-25 kilometrga, Norindan Baliqchiga 35-40 kilometrga qisqaradi.

Viloyat aholisi talabini inobatga olib, Qoradaryo ustidagi 63 yil oldin qurilgan Namangan va Andijon viloyatlarini bog‘lovchi 180 metrli eski ko‘prikni rekonstruksiya qilish boshlandi. Buning natijasida transport qatnovi 2 barobar oshadi, yo‘lga ketadigan vaqt 1,5 karra qisqaradi, tirbandlik keskin kamayadi.

Mutasaddilarga Namangan xalqi uzoq yillardan buyon kutayotgan mana shu 2 ta ko‘prikni kelgusi yilda ishga tushirish, 694 kilometr yo‘l va mahallalardagi 7 ta kichik ko‘prikni ta’mirlashni esa joriy yilda yakunlash topshirildi.

Viloyat markazini poytaxt bilan bog‘laydigan, kuniga 15 ming transport harakatlanadigan “Pungon-Namangan” yo‘lining 75 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Bu yo‘l 246 million dollar hisobiga 4 tasmali, beton qoplamali qilib quriladi, 34 ta ko‘prik, 22 ta piyodalar o‘tish joylari barpo etiladi.

Viloyatdagi 30 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvi yetib bormagani, mavjud tarmoqlarning 21 foizi ta’mirtalab holatda ekani ko‘rsatib o‘tildi. Kanalizatsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham murojaatlar ko‘p.

Shuning uchun bu yil viloyatda suv tizimini yaxshilashga 800 milliard so‘m ajratildi. Mutasaddilarga yil yakunigacha 130 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 11 ta suv inshooti qurilishini yakunlab, foydalanishga topshirish vazifa qilib qo‘yildi.

Namangan shahri aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi 70 yil oldin qurilgan “Kurashxona” suv inshooti bugungi kunda 50 foizdan kam quvvatda ishlamoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda bu inshoot rekonstruksiya qilinishi belgilandi.

Chust, Pop, Mingbuloq va Namangan tumanlarida suv va kanalizatsiya tizimini yaxshilash bo‘yicha loyiha hujjatlarini yakunlash topshirildi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring