«Putinning ajal savdogari» eski hunarini boshladi – WSJ
Noqonuniy qurolfurushlikda ayblanib, AQShda 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va ikki yil avval mahkumlar almashuvi bitimi doirasida ozodlikka chiqqan rossiyalik Viktor But yana qurol-aslaha savdosi bilan shug‘ullanayotgan bo‘lishi mumkin.
«Wall Street Journal» gazetasi ayni shu mavzuga bag‘ishlangan maqolaga «Putinning ajal savdogari yana qurol tijoratiga qaytmoqda. Bu gal u husiylar bilan oldi-berdi qilmoqda» deya sarlavha qo‘ygan.
AQSh nashrining yozishicha, qamoqdan vataniga qaytgach, liberal-demokratik partiya safiga kirgan va Ulyanovsk qonunchilik idorasi deputati etib saylangan 57 yoshli But avgust oyida Yamanning husiylar harakati vakillari bilan muzokara olib borgan. Yamanliklar 10 million dollarga AK-74 rusumli avtomat xarid qilish niyatida Rossiyaga kelgan. Muzokarada tankka qarshi raketalar va zenit vositalari xaridi ham ko‘rib chiqilgan.
WSJ’ga ko‘ra, tomonlar avtomat oldi-berdisi borasida kelishuvga erishgan. Qurol-aslaha oktyabr oyida oziq-ovqat niqobida yetkazilishi aytilmoqda.
Rossiya husiylarning kemalarga qarshi qo‘llanuvchi «Yaxont» raketalarini sotish bo‘yicha iltimosini rad etgan. Mintaqadagi AQSh kemalariga xavf solishi mumkin bo‘lgan raketalar Saudiya Arabistoni so‘roviga ko‘ra yamanliklarga berilmagan.
Viktor Butning o‘zi «Wall Street Journal» ilgari surgan taxminni rad etar ekan, bu maqola prezident Vladimir Putinning tug‘ilgani kuni (7 oktyabr) munosabati bilan tarqatilgan uydirma ekanini aytgan.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham buni «xalq vakillariga qarshi uyushtirilgan axboriy xuruj» deb atagan.
Dunyodagi eng yirik qurolfurushlardan biri sanalgan Viktor Butga «Qurollar qiroli» laqabi berilgan.
But 2008 yilda Tailand poytaxti Bangkok shahrida qo‘lga olingan. Uni o‘zini kolumbiyalik narkopartizanlar deb tanishtirgan AQSh maxsus idoralari vakillari tuzoqqa tushirgan.
Rossiya diplomatlarining urinishlariga qaramay, But 2010 yilda AQShga topshirilgan. Okean ortida u noqonuniy qurolfurushlik va terrorizmni dastaklashda ayblanib 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. But tergov idorasi ayblovini tan olmagan.
Avval xabar berganimizdek, V.But 2022 yil dekabr oyida Moskva va Vashington hukumatlari o‘rtasida mahkumlar almashuvi doirasida qo‘yib yuborilgan. U Rossiyada giyohvandlik moddalari kontrabandasida ayblangan amerikalik basketbolchi Britni Grinerga almashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter