Qor yo‘lbarsi, sayg‘oq, ko‘l va tabiat – Samarqanddagi CMS COP14 konferensiyasi nimasi bilan muhim?
O‘zbekiston Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan CMS COP14 konferensiyasida transchegaraviy tabiiy parklar yaratish bo‘yicha mintaqa mamlakatlari bilan kelishuvlarga erishmoqda. Xabar.uz muxbiri anjumanda ko‘tarilayotgan masalalar haqida ma’lumot tayyorladi.
Ko‘chib yuruvchi hayvonlar
Ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlarni saqlab qolish masalasi dunyo bo‘ylab dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, bugungi kunda ko‘plab noyob turlar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turibdi. Zamonaviy davlatlar o‘rtasida o‘rnatilgan chegaralar hayvonot dunyosiga zarar keltirmay qolmayapti. Bunday vaqtda CMS COP14 kabi tadbirlar muhim zaruratga aylanadi.
Anjumanda ko‘tarilgan masalalar qatorida Markaziy Osiyoda transchegaraviy tabiiy parklar yaratish ham muhokama etildi. Ta’kidlash joiz, ushbu tashabbus qor qoploni, sayg‘oq, morxo‘r, Buxoro tog‘ qo‘yi va boshqa ko‘plab ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlarni asrab qolishda juda muhimdir. Masalan, kuni kecha Xabar.uz saytida sayg‘oqlarning ko‘chib yurishida yuzaga kelgan muammolar ko‘tarilgan edi.
Yo‘qolib ketgan tur
Konferensiya davomida Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat noyob hayvonlarni asrab qolish, balki yo‘qolib ketgan turlarni tiklash masalasida olib borilayotgan ishlar ham muhokama etildi. Xususan, Turon yo‘lbarsi bo‘yicha Qozog‘istonda olib borilayotgan ishlar haqida axborot berilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev yo‘llagan murojaatda Ustyurt platosi kengliklarida yashagan va inson omili ta’sirida yo‘qolib ketgan Osiyo qoploni populyasiyasini qayta iqlimlashtirish boshlanishi ma’lum qilindi.
Bu masala shunisi bilan muhimki, yo‘qolib ketgan turga tegishli hayvonlar boshqa mintaqadan keltirilib, shunchaki iqlimga moslashtirilmaydi, balki unga tegishli ozuqa zanjirini yaratish bo‘yicha ham ko‘plab ishlar amalga oshiriladi. Bu esa ekotizim barqarorlashiga olib keladi.
Transchegaraviy yo‘laklar
Bugun noyob jonivorlarni asrab qolishda migratsiya yullari juda muhimdir. Anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari vazirlari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari o‘rtasida migratsiya turlari va transchegaraviy yo‘laklarni himoya qilish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishilmoqda.
Tabiiyki tashqi siyosat va qo‘shni davlatlar bilan aloqalarda O‘zbekiston Respublikasi tutgan pozitsiya ham bu borada katta ahamiyat kasb etmoqda. Har qanday masalani o‘zaro muloqot asosida hal qilish imkoniyati tabiatni asrab qolishda ham muhimdir.
Jiltirbas ko‘li
Yana bir muhim ma’lumot – joriy yilda Qoraqalpogistonning JILTIRBAS ko‘li xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga kiritildi. Shu vaqtgacha RAMSAR suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatiga yurtimizdagi Dengizko‘l, Arnasoy, To‘dako‘l, Quyimozor va Sudoche ko‘llar tizimi kiritilgan edi. Endilikda Jiltirbas ham xalqaro ahamiyatga ega ob’yekt sifatida yuritiladigan bo‘ldi.
Zafar Qosimov
Samarqand
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter