Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorako‘lda bir vaqtning o'zida bir nechta muassasa ochildi

Qorako‘lda bir vaqtning o'zida bir nechta muassasa ochildi

Foto: «Xabar.uz»

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani aholisi uchun yakunlanayotgan yil esda qolarli bo‘ldi. Bayram arafasida tumanda yettita inshootning tantanali ochilish marosimlari o‘tkazildi.

Aholiga arzon uy-joylar

Dastlab, tuman markazida joylashgan Do‘rmon MFYda namunali uylarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tuman quruvchilari tomonidan ikki sotixli va uch xonali 65 ta xonadonga mo‘ljallangan uylar bunyod qilindi va ipoteka krediti asosida uch yillik imtiyozli davr va birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan 15 yil muddatga aholiga berildi.

Endi yosh oilalar Yangi yilni yangidan bunyodga kelgan ushbu shaharchaning yangi uylarida kutib olishadi.

Yangi dehqon bozori

Qorako‘l tumanidagi «Savdo majmuasi» va «Dehqon bozorining qurilish-ta’mirlash ishlari 2017 yilda boshlangan bo‘lib, 2018-yil yakuniga qadar zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Ushbu inshootlarning qurilish-ta’mirlash ishlari uchun jami 19 milliard so‘mdan ortiqroq mablag‘ sarflanib, 500 dan ortiq rastalar va do‘konlar tuman tadbirkorlari ixtiyoriga topshirildi.

Oilaviy poliklinika

Qorako‘l tumanining uzoq Quyi Yangibozor qishlog‘ida zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan oilaviy poliklinika ochildi. Tadbirni ochib bergan tuman hokimi H.G‘oyirov yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan aholini tabriklab, yig‘ilganlarga yangi inshoot qurilishi muvaffaqiyatli tugallanganligini e’lon qildi.

Obod qishloq dasturining 1 milliard 950 million so‘mlik mablag‘i hisobiga qurilib, zarur jihoz, tibbiy uskuna va apparatlar bilan jihozlangan mazkur tibbiyot muassasasi keng tibbiy xizmatlarni mahalliy aholiga taqdim etadi.

Maktabgacha ta’lim muassasalari

Maktabgacha ta’lim vazirligining ishlash strategiyasida raqobatni rivojlantirish maqsadida davlat sherikchiligi asosidagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasalariga asos solish ko‘zda tutilgan. Qorako‘l tumani hokimligi ham 2018-2019-yillar mobaynida tuman miqyosida 32 ta shu turdagi maktabgacha ta’lim muassasalariga asos solishni rejaga kiritgan.

Yangi yil arafasida oqoltinlik bolajonlarga bayram tuhfasi sifatida «Obod qishloq-Amirbek» bog‘chasinig foydalanishga topshirildi. Mazkur maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishida 1,5 mlrd. so‘mlik ishlar amalga oshirilgan va bog‘chaga yaqin mahallalardagi oilalarning farzandlari kelib ta’lim olishiga mo‘ljallangan.

Davomli bunyodkorlik ishlari natijasida yangi yil arafasida tumanning Mo‘ytob hududida «Nozim-Iymona» maktabgacha ta’lim muassasasi zamonaviy ko‘rinishda qurilib, bolalar ixtiyoriga topshirildi.

Mo‘ytoblik kichkintoylar xizmatiga shay bo‘lgan bog‘chada ingliz va rus tillari ham o‘rgatiladi.

Mazkur maktabgacha ta’lim muassasasi 2018-yil investitsiya davlat dasturining rejasiga kiritilgan bo‘lib, bu binoda 2.7 mlr. so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, tumanning olis Chandirobod va Quyi Yangibozor hududlarida 70tadan o‘ringa ega maktabgacha ta’lim muassasasi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring