Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasi o‘z faoliyatini boshladi

Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasi o‘z faoliyatini boshladi

Foto: SSV

Bugun Nukus shahrida 120 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrulla Inoyatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Murad Qurbanov, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori, senator Oral Ataniyazova va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M. Kamalov ushbu zamonaviy klinikaning xalqimiz salomatligini saqlashdagi ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib, tadbir ishtirokchilarini uning ochilishi bilan samimiy qutladi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A. Inoyatov ham so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan tibbiyot sohasiga qaratilayotgan katta e’tibor haqida aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, mutasaddilar va keng jamoatchilik vakillari klinikada yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Ta’kidlash lozimki, ushbu markazda Orolbo‘yi hududidagi tug‘ma kasalliklari bor bemor bolalar davolanib, unga muvofiq, Rossiya, Koreya Respublikasi, Avstriya kabi davlatlarning yetakchi klinikalari bilan yaqindan hamkorlik qilish, eng noyob jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bu yerda tibbiyot sohasidagi talabalarni o‘qitish va amaliyot ishlarini tashkillashtirish, shu orqali malakali kadrlarni tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Klinika – bu tibbiy-diagnostika, ta’lim, ilmiy-innovatsion va xo‘jalik korpuslaridan iborat bir butun kompleks hisoblanadi. Uning tarkibida poliklinika, qabul bo‘limi, operatsiya bloki, anesteziologiya va reanimatologiya, bolalar gepatologiyasi va gematologiyasi, bosh va bo‘yin xirurgiyasi, minimal invaziv xirurgiya, travmotologik ortopediya, reproduktiv patologiya, radiologiya bo‘limlari, shuningdek, ilmiy bo‘lim, telemeditsina bo‘lim, simulyasiya markazi va boshqa bir qator qo‘shimcha bo‘limlar faoliyat ko‘rsatadi.

Hozirgi kunda mazkur markaz Yaponiyaning “JICA” tashkiloti granti va budjet mablag‘lari hisobidan zamonaviy asbob-uskunalar (MRT, kompyuter tomografiyasi, angiograf, mini-invaziv jarrohlik uskunalari), telemeditsina va elektron poliklinika uskunalari bilan jihozlanmoqda. Klinikada 69 nafar shifokor, 134 nafar hamshira, 91 nafar kichik tibbiyot xodimlari hamda 79 nafar texnik xodimlar faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan.

Umumiy 1,1 gektar maydonni qamrab olgan mazkur muassasa binosi zamonaviy texnologiyaga asoslangan yangi turdagi qurilish konstruksiyasi asosida barpo etilgan. Binoda elektr tejamkor qurilish materiallaridan foydalanilib, bino ichida havo qishda iliq, yozda salqin turishini ta’minlaydi. Shuningdek, bino videokuzatuv tizimiga ega hamda yong‘in xavfsizlik uskunalari bilan jihozlangan, deb yozadi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring