Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«RoboKit» eng kuchli 26 ta startap qatoriga qo‘shildi

«RoboKit» eng kuchli 26 ta startap qatoriga qo‘shildi

Foto: Xabar.uz

«RoboKit» — «President Tech Award 2026» tanlovining eng kuchli 26 ta startapi qatoridan joy oldi. Robototexnika, dasturlash va sun’iy intellekt imkoniyatlarini birlashtirgan «RoboKit» loyihasi innovatsion texnologiyalar olamiga kirib bormoqda.

Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Amaliy matematika va dasturlash texnologiyalari kafedrasi tomonidan ilgari surilayotgan «RoboKit» startapi O‘zbekistonning eng nufuzli texnologik tanlovlaridan biri bo‘lgan «President Tech Award 2026»ning akseleratsiya bosqichiga muvaffaqiyatli yo‘l oldi.

Universitet rektori loyihaning akseleratsiya bosqichiga o‘tishi uning mahsulotlarini takomillashtirish, biznes modelini rivojlantirish va xalqaro bozor talablariga moslashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun: «President Tech Award 2026» tanlovining umumiy mukofot va investitsiya jamg‘armasi 5 million AQSh dollarini tashkil etadi. Uning 1 million dollari grantlar, 4 million dollari esa venchur investitsiyalar uchun yo‘naltiriladi. Dastlabki saralash va loyihalar taqdimotidan so‘ng 33 ta startap inkubatsiya, 26 ta eng istiqbolli loyiha esa akseleratsiya dasturiga qabul qilingan.

Akseleratsiya bosqichidagi 26 ta startap orasidan saralangan 15 ta eng yaxshi loyihaning har biri 100 ming AQSh dollaridan investitsiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Toshkent shahridagi «School 21» raqamli texnologiyalar maktabida o‘tkazilgan tanlovda «RoboKit» jamoasi vakillari — universitet talabalari faol ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatini namoyon etishdi.

«RoboKit» jamoasiga ispaniyalik xalqaro mentor Grem Kennedi biriktirilgan. Uning ko‘magida loyiha doirasida mahsulotni takomillashtirish, samarali biznes modelini shakllantirish va bozorga chiqish strategiyasini ishlab chiqish yo‘nalishlari ustida ish olib boriladi.

«RoboKit» loyihasining rivojlanishida bilim, tajriba va tashabbusni o‘zida mujassam etgan jamoaning o‘rni muhim. Jamoa tarkibidan «RobotsAndMe» rahbari, Amaliy matematika va dasturlash texnologiyalari kafedrasi o‘qituvchisi Navro‘z Ergashev, ushbu kafedra mudiri Shahzod Nazarov, «RobotsAndMe» dasturchisi Muhriddin Nekboyev hamda «Logistika» ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Boburmirzo Toirov o‘rin olgan.

— «RoboKit» loyihasining akseleratsiya bosqichiga chiqishida Buxoro davlat universitetida dasturlash, robototexnika va yoshlarning yangi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar o‘z samarasini berdi. Qator bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan Buxoro jamoasi oldida o‘z loyihasini yanada rivojlantirish, mahsulotni takomillashtirish va tanlovning eng yaxshi 15 ta startapi qatoriga kirish vazifasi turibdi, — dedi universitet rektori.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring