Rossiya Eronni ogohlantirdi

Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Abbos Aroqchi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Eronni Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan hamkorlikni uzmaslikka chaqirdi.
“Biz Eronning MAGATE bilan hamkorligi davom etishidan manfaatdormiz. Biz barcha Eronning oliy rahbarini hurmat qilishidan manfaatdormiz. U bir necha marta Eronda yadro quroli yo‘qligi va bo‘lmasligi haqida bayonot bergan”, – dedi Sergey Lavrov.
Vazir Eronda yadro quroliga ega bo‘lishni taqiqlovchi diniy hujjat – maxsus fatvo mavjudligini ham eslatgan.
Lavrovga ko‘ra, MAGATE Eron yadro dasturi bo‘yicha e’lon qilgan so‘nggi hisobot G‘arb davlatlari bosimi ostida qabul qilingan.
Rossiya bosh diplomatining ogohlantiruvchi bayonoti Eron parlamenti tomonidan yangi hujjat qabul qilinishi fonida yangramoqda.
Avval xabar berganimizdek, Eron parlamenti Tehronning MAGATE bilan hamkorligini to‘xtatuvchi qonun loyihasini ma’qulladi.
Bu esa Eron yadro ob’yektlariga xalqaro agentlik nozirlari kirishi taqiqlanishi, Tehron tomonidan hisobotlar taqdim etish to‘xtatilishini anglatadi.
Qayd etish joizki, mamlakatning MAGATE bilan hamkorlikni to‘xtatishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini parlament majlisida qatnashgan 223 deputatning 221 nafari qo‘llab-quvvatlagan. Qonun kuchga kirishi uchun Konstitutsiyani muhofaza etish va Xavfsizlik kengashlari tasdiqlashi kerak. Dastlabki kengash bu borada o‘z roziligini bergan.
“MAGATE Eron yadro ob’yektlariga hujumni qoralamadi va o‘zini obro‘sizlantirdi”, – deb bayonot bergan Eron parlamenti spikeri Muhammad Bakir Qolibof.
Eron mulozimlari mamlakat tinch maqsadda yadro dasturini yanada takomillashtirishi haqida bayonot bergan.
MAGATE rahbari Rafael Grossi esa Erondan AQSh bombardimon qilgan ob’yektlarni ko‘zdan kechirish uchun imkon berishni so‘ragan. U, shuningdek, Tehronni “yangi inqiroz” ehtimolidan ogohlantirgan.
“Al-Jazira” chop etgan tahlillarga ko‘ra, MAGATE Eron yadro dasturiga oid so‘nggi hisoboti bilan taranglikni oshirgan bo‘lishi mumkin. Aynan xalqaro agentlik hisoboti ortidan avval Isroil, so‘ng AQSh Eron yadro inshootlariga hujum uyushtirgandi. Hisobotda Eron yadro dasturida xalqaro me’yorlar talabi buzilgani qayd etilgan.
Keyinroq, MAGATE rahbari R.Grossi Eron yadro qurolini yaratayotganini tasdiqlovchi belgilar yo‘qligini ma’lum qilgan.
Xabaringiz bor, Qo‘shma Shtatlar 22 iyunga o‘tar kechasi Eronning Fordo, Natanz va Isfahondagi yadroviy ob’yektlariga zarba berdi.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetga ko‘ra, Fordo ob’yektiga har birining og‘irligi 13 tonnadan ortiq bo‘lgan 12-14 ta GBU 57 rusumli bunker teshuvchi bombalar tashlangan. Natanz va Isfahonga esa suvosti kemasidan 30 ga yaqin Tomahawk raketasi uchirilgan.
Prezident Tramp havo hujumidan so‘ng Eron yadro dasturi butkul yo‘q qilingani haqida bayonot bergandi. So‘nggi surishtiruvlar esa prezidentning da’volarini rad etadi.
Rossiya va Eron joriy yil yanvar oyida Strategik hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Isroil va AQSh hujumi davomida Moskva Tehronga ko‘mak ko‘rsatmagani haqida fikrlar yangradi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 19 iyun kuni OAV vakillari bilan uchrashuvda AFP agentligi vakilining savoliga javoban Eron Rossiyadan Isroilga qarshi urushda qurol-aslaha borasida ko‘mak so‘ramaganini aytgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter