Rossiyada o‘zini Iso Masih deb e’lon qilgan shaxs hibsga olindi. U sobiq «GAI» xodimi bo‘lib chiqdi

Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida Federal xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi hamkorlikda o‘tkazgan maxsus operatsiya davomida «So‘nggi ahd cherkovi» diniy sektasi rahbari Sergey Torop (Vissarion) va uning yaqin ko‘makchilari Vadim Redkin hamda Vladimir Vedernikov hibsga olindi.
Xabarlarga ko‘ra, maxsus operatsiyaga vertolyotlar ham jalb etilgan. Tintuv chog‘i sekta vakillariga tegishli ekani aytilayotgan qurol va o‘q-dori topilgan.
Novosibirsk tuman sudi «So‘nggi ahd cherkovi» diniy sektasi rahbari Sergey Toropni ikki oy muddatga, ya’ni 22 noyabrga qadar qamoqda saqlash haqida qaror chiqargan. Tergov idorasiga ko‘ra, «So‘nggi ahd cherkovi» rahbarlari noqonuniy ravishda diniy tashkilotga asos solgan, uzoq muddat davomida fuqarolardan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgan, shuningdek, izdoshlariga ruhiy tazyiq o‘tkazgan.
Qayd etilishicha, sekta yetakchilari kuchli ruhiy bosim ostida izdoshlaridan pul undirishga odatlangan. Surunkali ruhiy bosimlar ta’sirida diniy sektaning ayrim a’zolari salomatligi izdan chiqqan.
Buyuk Britaniyaning Guardian nashriga ko‘ra, sobiq yo‘l politsiyachi Sergey Torop o‘zini Iso Masih deb e’lon qilgan. Torop tomonidan 1991 yilda asos solingan diniy oqimning dunyo bo‘ylab 10 ming izdoshi mavjud. Ular orasida malakali mutaxassislar ham borligi aytiladi. Rus pravoslav cherkovi mazkur diniy harakat faoliyatini qoralaydi.
Sekta a’zolari yil hisobini Sergey Torop tug‘ilgan 1961 yildan boshlab yuritadi. Rojdestvo bayrami esa sekta rahbari dunyoga kelgan 14 yanvar kuniga ko‘chirilgan. Sergey Toropning hayot yo‘li aks etgan «So‘nggi vasiyat» solnomasi diniy oqim izdoshlari uchun asosiy manba sanaladi.
Diniy oqim vakillariga chekish, ichish, pul almashuvi taqiqlandi. Shuningdek, go‘sht, qahva, choy, shakar, bug‘doy mahsulotlari iste’moli ham man etilgan. Diniy jamoaga mansub bolalar umumiy ta’lim maktablariga qatnamaydi, ular maxsus dastur bo‘yicha o‘qitiladi. Diniy sekta a’zolari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari qayd etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter