Rossiyada rubl kursining tushishi O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

Bir necha kun oldin AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni qo‘llagach, Rossiyaning bir qator birjalarida indekslar pasayishi kuzatildi. Natijada rublning AQSh dollariga nisbatan kursi ham bir nechta punktlarga pasaydi. Quyidagi diagrammada buni ko‘rishingiz mumkin.
O‘z navbatida «katta aka»ning izidan Qozog‘iston tengesining AQSh dollariga nisbatan kursi ham sezilarli darajada pasaydi. Har ikkala iqtisodiyotning bir-biriga naqadar bog‘liq ekanini shu yerdan ham bilish mumkin.
Bu orada o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan kursi birmuncha mustahkamlangan holda barqarorlashib ulgurdi.
Ko‘rib turganingizdek, o‘zbek so‘mi to‘laqonli erkin valyuta konvertatsiyasi rejimiga o‘tilgach, bozordagi talab va taklifga ko‘ra aniqlanayotgan kurs bo‘yicha o‘z mavqeini tiklab bormoqda. Bir qarashda bizning iqtisodiyotimizga AQSh Rossiyaga nisbatan qo‘llagan sanksiyalar umuman ta’sir qilmaydigandek ko‘rinmoqda. Biroq aslida ham shundaymi?
Keling, buni boshqa rakursdan ham kuzatishga urinib ko‘ramiz. Hech kimga sir emaski, O‘zbekistonlik ko‘plab ishchilar Rossiyada mehnat qilishadi va olgan ish haqini O‘zbekistonga jo‘natishadi. Xo‘sh, ular jo‘natayotgan mablag‘ qancha ham bo‘lardi, iqtisodiyotimizga umuman ta’sir ko‘rsatmaydi deb fikr bildiruvchilar ham topiladi. Keling, unda ana shu jo‘natmalar miqdorini bir tahlil qilsak.
Avvalo so‘nggi 10 yilda O‘zbekistonga Rossiyadan jo‘natilgan pullarning dinamikasini o‘rganamiz.

Diagramma Rossiya markaziy banki ma’lumotlari asosida tayyorlangan.
Ushbu diagrammadan ko‘rish mumkinki, so‘nggi yillarda Rossiyadan O‘zbekistonga har yili o‘rtacha 4 milliard dollarga yaqin pul jo‘natilgan. Bu 10 yilda jami 40 mlrd. dollar bo‘ladi. Solishtirish uchun: O‘zbekiston oltin-valyuta zaxirasining umumiy hajmi 2018-yil 1-aprelda 28,5 mlrd dollarni tashkil qilgan. Hatto 2017-yilning o‘zida jo‘natilgan pul miqdori ham shu zaxiraning 13,6 foiziga teng.
Aslida rivojlanayotgan davlatlar uchun xorijdagi fuqarolaridan keladigan pulning miqdori ko‘p bo‘lishi tabiiy hol. Bu borada hozirgi kunda Xitoy va Hindiston dunyoda yetakchi o‘rinda turishadi (ularning fuqarolari har yili o‘rtacha 60 mlrd. dollardan oshiqroq pulni o‘z mamlakatiga jo‘natishadi). Hattoki qo‘shni Tojikiston fuqarolarining Rossiyadan o‘z mamlakatiga jo‘natadigan mablag‘i YaIMga nisbatan solishtirganda deyarli 45 foizni tashkil qiladi.
O‘zbekistonda valyuta tushumlarining manbalari turlicha bo‘lib, uning tarkibida sezilarli o‘rinlarni aynan tovar va xizmatlar eksportidan tushgan mablag‘lar va xorijdan kelgan pullar egallaydi. Biz O‘zbekistonga 2017 yilda eksportdan tushgan va ayrim mamlakatlardan kelgan pullarni tahlil qilganda quyidagi infografik ma’lumotga ega bo‘lamiz.
Infografika ma’lumotlari www.stat.uz va Rossiya hamda Qozog‘iston markaziy banklari rasmiy ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
Infografikada faqatgina eksportdan tushgan va Rossiya hamda Qozog‘istondan kelgan valyuta tushumlari keltirilgan. 2017 yilda O‘zbekiston 14 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi tovar va xizmatlarni eksport qilgan, uning tarkibida yonilg‘i va energetika mahsulotlaridan tushum 14,2 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, xizmatlar sohasidan kelgan tushum 25,1 foizdan iborat bo‘lgan. Bir necha minglab ishchilar va hasharchilarni yollab terdiriladigan paxta tolasining eksportidan tushgan pul esa bor-yo‘g‘i 470 mln. dollarni tashkil qiladi.
Agar valyuta tushumlarini faqat eksport va pul o‘tkazmalari misolida ko‘rib chiqsak, unda pul o‘tkazmalari orqali Rossiya va Qozog‘istondan keladigan pul 4,17 mlrd. dollarni tashkil qiladi va bu eksport tarkibidagi xizmatlar sohasidan ham, neft-gaz sohasidan keladigan tushumdan ham ortiqligini kuzatishimiz mumkin. Bu hali faqatgina Rossiya va Qozog‘istondan rasmiy tarzda, bank orqali jo‘natilgan pul. Agar norasmiy yo‘llar bilan, deklaratsiya to‘ldirgan holda yoki yashirincha olib kirilgan pullarni ham hisobga olsak, bu ko‘rsatkich yanada ortadi. Undan tashqari O‘zbekistonning boshqa davlatlardagi, xususan Janubiy Koreya, AQSh, BAA, Yevropaning ayrim davlatlarida ishlayotgan ishchilarining pul o‘tkazmalari ham hisobga olinsa, birmuncha yirikroq miqdor qayd etilishi aniq. Bu o‘z-o‘zidan pul o‘tkazmalarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ancha sezilarli ta’sir ko‘rsatishidan dalolat beradi. O‘sha davlatlardagi dollar kursining o‘zgarishi esa bevosita O‘zbekistonning valyuta tushumlari miqdori o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
Endi Rossiyadan O‘zbekistonga jo‘natilayotgan pullar oddiy xonadonlarga qanday ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rib chiqsak. Masalan, bir inson Rossiyadan O‘zbekistonga o‘rtacha 30 ming rubl jo‘natadi. U har oyda o‘rtacha 58 rubldan konvertatsiya qilganda 517 dollar jo‘natish imkoniyatiga ega edi. Endilikda sansiyalar natijasida kurs 62 rublga yetganini inobatga olsak, u endi har oy 483 dollar jo‘nata oladi xolos. O‘rtadagi yo‘qotilgan 34 dollar AQShning Rossiyaga nisbatan qo‘llagan sanksiyasi natijasida tushgan rubl kursining O‘zbekistondagi pul o‘tkazmalarini qabul qiluvchi shaxslarga bilvosita ta’siri hisoblanadi. Xuddi shu holat Qozog‘istondan pul jo‘natadigan ishchilar bilan ham ro‘y beradi. 1 AQSh dollari 320 tengega teng bo‘lganda oyiga o‘rtacha 150 ming tenge ish haqini dollarga aylantirib, uyiga 468 dollar jo‘natib kelgan inson endilikda 1 AQSh dollari 330 tengedan konvertatsiya qilingan holda 454 dollar jo‘nata oladi xolos. O‘rtada yo‘qotilgan 14 dollar ham yuqoridagi sanksiyalarning bilvosita ta’siridir.
Ushbu sanksiyalar kamlik qilganday, o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan o‘z pozitsiyasini tiklab borishi natijasida aholi dollarni so‘mga konvertatsiya qilayotganda yana ozroq pul yo‘qotadi. Ya’ni, agar oyiga o‘rtacha 450 dollardan pul o‘tkazmasini olayotgan oila uni 8100 so‘mdan almashtirganda 3 mln. 645 ming so‘m qilib olayotgan bo‘lsa, endi 8077 so‘mlik kurs bo‘yicha 3 mln. 634 ming 600 so‘mga almashtira oladi xolos. Natijada o‘rtada yo‘qotilgan 10 ming so‘mdan ortiqroq pul o‘zbek so‘mi qadrining dollarga nisbatan oshishi samarasi sifatida qayd etiladi.
Umuman olganda, jahon valyuta bozorlaridagi har qanday o‘zgarish va ayniqsa Rossiya rubli kursining tushishi O‘zbekistondagi pul o‘tkazmalarini qabul qiluvchi oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, iqtisodiyotga esa bilvosita ta’sir o‘tkazishi tayin. Biroq bu O‘zbekiston iqtisodiyoti keyinchalik ham pul o‘tkazmalarining ta’sirida qolaveradi degani emas. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan tub islohotlar va yangilanishlar samarasi o‘laroq bir necha yildan keyin O‘zbekistonning eksportdan keladigan tushumlari keskin ortishi kutiladi. Agar barcha islohotlarda aholi va tadbirkorlar tushungan holda harakat qilishsa, davlat tashkilotlari eng qulay infrastrukturani yaratib bersa, shunday bo‘lishi aniq.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter