Samarqandda telegram guruhi orqali o‘quvchilarga etikaga mos kelmaydigan so‘zlar yozgan o‘qituvchiga chora ko‘rildi

Joriy yilning 15 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi o‘qituvchilardan biri telegram guruhi orqali o‘quvchilarga odobga mos kelmaydigan so‘zlar yozgani haqida xabarlar tarqagan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, 35-umumta’lim maktabining 9-«B» sinf o‘quvchisi Nozima Anarmetovaning otasi Dilshod Anarmetov tomonidan maktabning informatika fani o‘qituvchisi M.Javatovning 9-«B» sinf o‘quvchilari ishtirokidagi telegram guruhida pedagogik etikaga mos kelmaydigan so‘zlardan foydalanayotgani to‘g‘risida shikoyat qilgani aks etgan ma’lumot tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimlari hamda bo‘lim tasarrufidagi 35-umumta’lim maktabi direktori Zumrad Salaxova ishtirokida o‘rganish ishlari olib borildi. Bu haqda Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi xabar berib o‘tgan.
Bugungi kunda maktabda jami 63 ta sinf bo‘lib, ularning barchasida telegramm ijtimoiy tarmog‘ida sinf rahbarlari va ota-onalar ishtirokida guruhlar tuzilgan. Shuningdek, maktabdagi ba’zi o‘qituvchilar o‘zi dars berayotgan fanlardan sinflardagi o‘quvchilar bilimini baholab borishda qulayligini inobatga olib, alohida guruhlar tashkil etgan.
Jumladan, maktabda 2019 yilda ish faoliyatini boshlagan, ayni paytda o‘quvchilarga informatika fanidan dars berib kelayotgan M.Javatov ham o‘z fanidan 9-sinflar uchun xuddi shunday telegramda o‘quvchilar ishtirokida guruh tashkil etgan.
Masofadan faoliyati davomida o‘qituvchi M.Javatov 9-«B» sinf uchun tashkil etgan telegram guruhidagi o‘quvchilar bilan munosabatida odob-ahloq qoidalari va pedagogik etikaga rioya qilmagan.
O‘rganish ishlari davomida faoliyatida bunday xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan M.Javatovga tushuntirish ishlari olib borildi hamda unga mehnat qonunchiligiga muvofiq, intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. O‘qituvchi M.Javatovning xatti-harakatidan norozi bo‘lgan D.Anarmetov bilan telefon orqali bog‘lanib, ushbu holat yuzasidan olib borilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi. Muloqot davomida D.Anarmetov holat yuzasidan boshqa e’tirozi yo‘qligini bildirdi.
Maktab o‘qituvchilarining o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirokidagi telegramm guruhlarda masofadan olib borilayotgan faoliyatida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligi bo‘yicha ogohlantirildi.
Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 80 ta umumta’lim maktablarida direktor hamda o‘qituvchilarning masofadan ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etishda bu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligi, tizimda qat’iy nazorat olib borishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter