Ishoning, sayohat sizni boshqa odamga aylantiradi

O‘n yillar avval men ham boshqalar kabi edim, toki bir kun sevimli filmim «Forrest Gamp» bosh qahramoni singari yo‘lga chiqib, uyga qaytishni boshqa istamay qolganim kabi...
Hammasi so‘ngra boshlandi!
Men tanigan barcha, ishonamanki, yurtimda yashovchi ko‘pchilik insonlar, deyarli bir xil orzu «etagidan tutgan»: «to‘y qilsam, yurtga osh bersam», «chala qolgan imoratni rostlasam», «avtomobil olsam yoki eskisini yangiga alishtirsam», «ayfon telefondan bittagina olib ishlatsam yo telefonni yangilasam» va. h.z. Holbuki, biz o‘zimiz va bola-chaqamizga yedirmay-ichirmay yillab pul to‘plab, so‘ngra tanigan-tanimaganni chaqirib, to‘y qilamiz – 150 kg osh beramiz, bir kunda sarflab yuboramiz yiqqan-to‘plaganlarimizni. So‘ngra yana yetishmovchilik. Chala turgan imorat esa yuho ajdar kabi millionlarni «ko‘rmadim» deya «yutaveradi» – hech bitmaydi. Avtomobilning uzoqni yaqin qilishi rost, ammo u ham hasham belgisiga aylandi – Kobalt, Malibu, Jip, Oniks (bu mashinalar nomini 8 yoshli qizchadan so‘rab oldim, u yana elektron mashinalar ham bor, – dedi). Holbuki ularning barchasida to‘rttadan g‘ildirak, bir rul va o‘rindiqlar bor, negadir nomlar o‘zgargani sari, narxlar yanada qimmat va nihoyat hasham o‘lgur ham ko‘zimizni borgan sari ko‘r qilaveradi, telefon ham shunday, 1000, 2000 dollarlik telefonlar hushimizni oladi.
Biz yashaymiz, ammo faqatgina hasham uchun, boshqalarning oldida boyligimiz, zarimiz yo zo‘rimiz bilan maqtanmoq uchun harakat qilayotgandekmiz. Ammo ichki dunyomizni to‘ldirish, go‘zal taassurotlar, boshqalar suhbati, ko‘rmaganingiz manzillarga bir boshqa nigoh bilan boqish uchun boshqa yo‘ldan yurishimiz ham mumkin.
Sizga bir sirni aytayin: bir marta uyingizdan tashqariga chiqsangiz, qaytib eskisi kabi bo‘lmaysiz – o‘zgarasiz! Nafaqat tashqi ko‘rinishingiz, asosiysi, ichki dunyoingiz keskin boshqa bir qiyofaga ko‘chadi. Aslida ham insonni o‘zgartiradigan uning ichki quyoshidir. Mutlaqo xorij safariga boring demayman (zero, to‘g‘ri taqsimlangan budjet bilan buni ham qila olasiz), avval hech bo‘lmasa, qo‘shni qishloqqa, qo‘shni shaharga safar qiling. Qarindoshni ko‘rgani yo to‘yga borishni nazarda tutmayapman. Siz sayohat xayoli bilan chiqing tashqariga. Yettinchi ko‘zingizni (mo‘’jiza ko‘zi) ochiq tuting va atrofdagi jamiki qiyofalarga ilkisdan boqing – ilk ko‘rib turgan kabi (zero, bu yo‘ldan avval ham o‘tgan bo‘lishingiz mumkin, faqat turmush tashvishi bilan bo‘lib, u go‘zalliklarni payqamagansiz)...
Insonni har doimgidan ko‘ra boshqa insonga aylantiradigan hodisa sayohatdir. Sayohat bizning og‘riqlarimiz, qo‘rquvlarimizga darmon, umidlarimizga esa qanot bo‘ladi. Tashvish-darddan bir ozgina uzoqlashib, teran nigoh bilan uning yechimiga boqmog‘imiz kerak uzoqdan turib. Yechim – o‘sha yerda. Qaytganingizda qalbingizda g‘ubor qolmagani, dilingiz – uni og‘ritganlarga nisbatan yumshagani, tunu kun boshingizni g‘ovlatgan muammolar aslida bu qadar xafa bo‘lishingizga arzimasligini tushunib yetasiz. Siz ortiq eskisi kabi bo‘lmaysiz!
Biz uyimizni sevadigan xalqmiz. Hattoki «o‘z uyim – o‘lan to‘shagim», degan bir maqol ham bor. Ammo taassufki, bu «o‘lan to‘shagimiz»ni o‘zimiz bilan u dunyoga olib ketolmaymiz. «Uyimda oyog‘imni uzatib yotaman, sayohatda ne ma’no?» deymiz, ammo yo‘lga chiqib, sayohat bahona yurmas ekansiz, 50 yoshdanoq oyoqlaringiz og‘rig‘idan qadam bosolmay qolasiz.
Sayohatga chiqing! Yelkangizga suv va noningiz solingan xurjuningizni ortib, yo‘lga chiqing. Ishoning, borki g‘am-g‘ussangiz yo‘llarda to‘kilib ado bo‘ladi. Uyingizdan chiqarkansiz, sayohatga ketayotganingizni o‘zingizga uqtiring va ketarkansiz – yoningizda sizga hamroh birgina dunyo bo‘lsin! Zero, eng yaxshi suhbatdosh udir!
Sabohat Rahmon, sayohatchi jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter