Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bizning o‘z kuchimiz va o‘z yo‘limiz bor — Prezident

Bizning o‘z kuchimiz va o‘z yo‘limiz bor — Prezident

O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazilgani xabar qilingan edi. «O‘zbekiston 24» telekanalidagi «Menimcha» axborot-tahliliy ko‘rsatuvida ushbu yig‘ilish bo‘yicha lavha efirga uzatildi.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda so‘zlagan nutqi davomida besh yil muqaddam Kattaqo‘rg‘on poligonida guvoh bo‘lgan og‘ir vaziyat haqida eslagan va o‘shanda mudofaa vazirini nima uchun ishdan olganini aytib o‘tgan.

— O‘shanda Kattaqo‘rg‘on poligonidagi vaziyatni ko‘rib hayron qolganman. O‘zim ham mudofaa vazirligi bunday ahvolda ekanini bilmagan ekanman. Mudofaa vazirini ham Kattaqo‘rg‘onga borganda olib tashlaganman.

Hozir borib ko‘ringlar, Kattaqo‘rg‘on poligonida vaziyat qanday ekanini, — dedi davlat rahbari.

Davlat rahbari bir necha kun oldin Qozog‘istonda bo‘lgan og‘ir vaziyat haqida fikr bildirarkan, eng avvalo xalqning roziligi uchun ishlash lozimligini yana bir bor aytib o‘tdi.

— Nima uchun men ish boshlagan birinchi kundanoq odamlarni rozi qilaylik, deb aytib kelaman. Xalqni rozi qilib qo‘yishimiz shart, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘z nutqi davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari yurtimiz xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada qudratga ega ekanini alohida ta’kidladi.

— Bizning o‘z kuchimiz va o‘z yo‘limiz bor. Biz birovga qaram bo‘lmaymiz. Hammamiz bir kuch bo‘lib, ishlashda davom etsak maqsadga erishamiz, — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 2008–2017 yillar oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimida Qobul Berdiyev faoliyat yuritgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring