Şifo istab kelgan tanballar
Men qabulimga kelgan insonlardan hayotida qanday o‘zgarishlar yuz bergani haqida so‘rasam, ular hech narsa o‘zgarmaganini ta’kidlashdan charchashmaydi. Ularga vazifa beraman: «Har kuningizda shukr qilishga arziydigan o‘nta voqeani topib keling», deyman. Ishonasizmi, ko‘pchiligi bu haqda gapirib ham bera olmaydi. Hatto bir yil davomidagi ijobiy o‘zgarishlarni ham sanab berishga qiynalishadi. «Qanday yutuqlarga erishdingiz?» deb so‘rasam, yil bo‘yi hech narsa qilmaganliklarini aytishdan nariga o‘tishmaydi.
Vaholanki, shukronalik hissini tuyish uchun sabablar juda ko‘p. Hatto biror shirin taom tayyorlab, oila a’zolarimizga taqdim etish orqali ham kichik bir xursandchilikka sababchi bo‘lishimiz mumkin. Farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish ham, nazarimda, katta yutuq.
Qabulimga kelgan bemorlarning jismoniy holatidagi ijobiy o‘zgarishlarni ta’kidlaganimda ham ular buni tan olishni istashmaydi. Masalan, bir hafta davomida ishtahasi yaxshilangan, moddalar almashinuvida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan bemorga: «Sizning holatingizda anchagina ijobiy o‘zgarishlar bor», desam ham, u bundan qoniqish hosil qilmaydi. Aksincha, yanada yaxshi bo‘lishi kerakligini aytadi.
Hayotdan nolib yashashga odatlangan odamning ongiga vaqt o‘tishi bilan shunday qarashlar chuqur singib ketishi mumkin. Ayrimlar doimiy shikoyat qilishni odatga aylantirib, go‘yoki shikoyat qilmasa, ahvoli yanada yomonlashadigandek yashaydi. Atrofdagilarning rahmi va achinishi tufayli doimiy yordamga tayanish esa bunday insonlarning mustaqil harakat qilish istagini susaytirishi mumkin.
— «Erim yo‘q, pulim yo‘q, ishlashga esa jismoniy holatim yo‘l qo‘ymaydi. Besh nafar bolani katta qilyapman. Yordam bering», deb bir ayol qabulimga kirib keldi.
Men unga: «Mayli, qabul uchun sizdan pul olmayman. Salomatligingizni tiklashga yordam beradigan mashqlarni ham bepul o‘rgataman», dedim. Ammo u: «Bunday mashqlarni bajarishga holim yetmaydi, boshim og‘rib qoladi», deb javob berdi. Oqibatda o‘rgatgan mashqlarimni shu kungacha bajarmadi.
Biror ishni bajarmaslik uchun bahona topish juda oson. O‘zgalarda achinish hissini uyg‘otib, ularning yordamiga tayanib yashash esa ba’zan inson uchun qulay yo‘lga aylanib qoladi. Bunday holatlar nafaqat ayollar, balki erkaklar orasida ham uchraydi.
Bir kuni qabulimga bir erkakni olib kelishdi. Unga ruhiy holatning salomatlikka ta’siri haqida gapirsam, «Bu nima deganingiz? Menga dori berib, davolang», deb zarda qildi. Uning salomatligini tiklash jarayonida o‘zi ham faol ishtirok etishni istamayotganini angladim. Go‘yoki kimdir unga tayyor salomatlikni hadya qilishi kerak edi.
Men erkakning qo‘liga qog‘oz va qalam berib:
— Yozing, — dedim.
U esa:
— Qanday qilib yozaman? Axir, men kasal bo‘lsam, nega yozishim kerak? — deb jahl qildi.
— Siz sog‘lom bo‘lishni istaysizmi? Unda men aytgan gapni yozing: «Men sog‘lom bo‘lishni xohlayman», — dedim.
Ishonasizmi, u hatto yozishni ham o‘ziga ep ko‘rmadi. Shunda unga:
— Yozishni istamasangiz, ortimdan qaytaring, — dedim.
U rozi bo‘ldi. Men esa quyidagi gaplarni ayta boshladim:
— Menga kasal bo‘lish yoqadi. Chunki to‘rt yildan beri farzandlarimni parvarish qilmayapman. Bu ishni to‘rtta aka-ukam bajarishyapti. Har yili meni ikki marta Toshkentga davolanish uchun olib kelishadi. Ularning puli sarf bo‘ladi, mening esa o‘z pulim ketmaydi...
Shunda erkakning jahli battar chiqib, uni mazax qilayotganimni aytib, meni aybladi.
Men unga shunday dedim:
— Siz sog‘lom bo‘lish uchun hatto qo‘lingizga qog‘oz-qalam olib, o‘z niyatingizni yozishni ham istamayotgan ekansiz. Sog‘lom bo‘lishni istagan inson bu yo‘lda o‘zi ham harakat qilishi kerak. Siz uchun kim mehnat qiladi? Hatto o‘z niyatingizni ham boshqalar amalga oshirishini xohlayapsiz. Aka-ukalaringiz, farzandlaringiz sizning o‘rningizga hamma ishni bajarishlari kerakmi?
To‘rt kundan keyin bu erkakning holatida ayrim o‘zgarishlarni seza boshladim. Uning o‘z salomatligiga munosabati o‘zgarayotgani, sog‘lom bo‘lish yo‘lida o‘zi ham harakat qilishi kerakligini tushunib borayotgani sezilardi.
Sog‘lom bo‘lish o‘zining qo‘lida ekanligini tushunib yetishining o‘ziyoq xasta odamning jismoniy holatida ijobiy o‘zgarishlar yuz berishiga sababchi bo‘ladi.
Baxtiniso Azimboyeva


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter