Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shogirdlari Garvardda o‘qiydigan farg‘onalik talaba (video)

Mamlakatimizda bilimi, kasbiy salohiyati va tashabbuslari bilan Yangi O‘zbekistonning buguni va kelajagini shakllantirishga munosib hissa qo‘shayotgan yoshlar ko‘p.

Asadbek Ismoilov ham ana shunday yoshlardan biri. Joriy yil boshida «Xalqaro yil talabasi» deb topilgan Asadbek bir necha yildan buyon yoshlarni dunyoning yetakchi oliygohlariga tayyorlab kelmoqda.

Farg‘ona shahrida tug‘ilib o‘sgan Asadbek 9-sinfgacha 2-umumta’lim maktabida tahsil oldi. 2020-yilda Toshkent shahridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyiga o‘qishga kirib, 2022-yilda O‘quvchilar ittifoqi prezidenti sifatida litseyni tamomladi.

Uning xalqaro ta’lim yo‘lidagi natijalari ham e’tiborga molik: IELTS — 8.0, SAT — 1500 ball.

2024-yilda Asadbek Gonkong fan va texnologiyalar universiteti (HKUST)ga 100 foizlik grant asosida qabul qilingan.

Biroq uning faoliyati faqat shaxsiy akademik natijalar bilan cheklanmaydi.

Asadbek bir necha yildan buyon «Ivybek Academy» o‘quv markazi asoschisi sifatida yoshlarni dunyoning nufuzli universitetlariga tayyorlab kelmoqda. Uning rahbarligida akademiya o‘quvchilari MIT, Harvard, Imperial College London, UCL, NUS, NTU, HKU, HKUST, NYUAD, CMUQ kabi dunyoning yetakchi oliygohlariga qabul qilingan.

Akademik faoliyat bilan bir qatorda, Asadbek sportda ham yuqori natijalarga erishgan. U regbi bo‘yicha 5 karra O‘zbekiston chempioni va «Sport ustasi» unvoni sohibi.

Xo‘sh, Farg‘onadagi maktabdan xalqaro universitetgacha bo‘lgan yo‘l qanday kechgan? IELTS 8.0 va SAT 1500 natijalariga qanday erishilgan? 100 foizlik grantni qo‘lga kiritish uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Va hali talaba bo‘la turib, qanday qilib boshqa yoshlarni ham dunyoning eng nufuzli oliygohlariga tayyorlash mumkin?

Shu va yoshlarimizni qiziqtirgan ko‘plab savollarga Asadbek Ismoilov bilan bo‘lgan eksklyuziv suhbatni tomosha qilib javob olishingiz mumkin.

E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring