Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shohnoma»: yigirma besh yil yozilgan asar

«Shohnoma»: yigirma besh yil yozilgan asar

Ko‘pchilik abadiy shon-shuhrat qozongan ayrim insonlarning hayoti cheksiz g‘am-kulfatlaru adoqsiz dard-armonlarga qorishib ketganini bilmaydi. Biz hikoya qilishni lozim topgan mashhur mutafakkirlardan biri – fors-tojik shoiri Abulqosim Firdavsiy xuddi shunday alloma edi. Uning hayoti armonlarga to‘la bo‘lgan.

Abulqosim Firdavsiy taxminan 934-yili hozir xarobalari Mashhaddan yigirma besh chaqirimcha shimolda joylashgan Tusda tug‘ilgan. Bu muzofot Xuroson ostonidagi Nishopurdan o‘n farsang, ya’ni 60 kilometrcha yiroq bo‘lib, Tabaron va Nuqon tumanlaridan iborat edi.

Firdavsiy bolaligidanoq she’rlar yozdi. Turli madrasalarda tahsil olib, zamonasining deyarli barcha asosiy ilmlarini puxta egalladi. Eron, Turon, Yunon va Hindiston olimlarining turli sohalarga oid asarlarini o‘rganib, arab va pahlaviy tillarini mukammal o‘zlashtirdi. Natijada o‘z davrining qomusiy olimi darajasiga ko‘tarilib, hakim degan ulug‘ maqomga sazovor bo‘ldi. Shunga qaramay, u kindik qoni tomgan Boj qishlog‘ida otasidan qolgan yerda dehqonchilik qilib kun kechirdi. Daromadi durustligi bois o‘zgalar marhamatiga zoriqmagan. Ayrim manbalarga ko‘ra, uzoq yillar sarbozlik xizmatida ham bo‘lgan.

Ha, aytgancha, Firdavsiyning navqironlik yillari Eron va Turon davlatlarining ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma’naviy hayotida keskin yuksalish kuzatilgan davrga to‘g‘ri keldi. Bu mamlakatlar xalqlari fursatdan foydalanib, o‘zliklarini anglash va boshqalarni ham undan boxabar etish, shonli kechmishi va buyukligi bo‘yicha arablardan kam emas, aksincha, ustun ekanliklarini isbotlash uchun ona yurtlari tarixini tiklashga intildilar. Ayni maqsadda qadimiy afsona-rivoyatlarni, buyuk podsholar va bahodirlarga taalluqli ma’lumotlarni to‘plab, qog‘ozga tushirdilar. Bu yo‘nalishdagi ezgu sa’y-harakatlarni o‘sha kezlar Movarounnahr va Xurosonni boshqargan somoniy hukmdorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatladilar. Jamlangan bebaho manbalarni nazmga solishni esa Abu Mansur Daqiqiyga ishonib topshirdilar. Biroq shoir endigina ming baytdan ortiqroq ijod kilganida, aniqrog‘i, 980 yili qo‘qqisdan vafot etdi.

Shundan so‘ng somoniylar sulolasining sakkizinchi vakili – Buxoro amiri Nuh ibn Mansur ellik olti yoshli Abulqosim Firdavsiyga «Shohnoma»ni davom ettirishni buyurdi. Go‘dakligidan umrboqiy mif-asotirlar, qahramonlik qissalari va jangnomalarni tinglab ulg‘aygan shoir bajonidil ishga kirishdi. U xalq orasida yurib, talay og‘zaki va yozma manbalarni yig‘di. Qolaversa, shoirning yagona qizidan bo‘lak zurriyoti yo‘q edi. Shul bois, «Shohnoma»ga qo‘l urarkan, kitobga berilajak hadya hisobidan ko‘zining oqu qorasi uchun sep hozirlashga ahd qilgandi.

Qisqasi, Firdavsiy Eron va Turon xalqlarining qariyb to‘rt ming yillik tarixi yuksak mahorat bilan tasvirlangan, o‘zida yuzdan ortiq dostonni mujassam etgan, jami 60 ming baytdan iborat «Shohnoma» ustida yigirma besh yil (ba’zi manbalarda o‘ttiz yildan ortiq deyilgan) ter to‘kdi. Asarni qog‘ozga tushirishda unga Ali Daylam kotib, Abu Do‘laf roviy sifatida ko‘maklashdi. Tus hokimi Huyayyi Qutayba esa shoirni barcha soliqlardan ozod etdi.

Asar bitgach, Ali Daylam uni yetti jild qilib ko‘chiradi. Firdavsiy Abu Do‘lafni yoniga olib, G‘azna shahri sari otlanadi. Sababi, bu paytga kelib, Xuroson, Shimoliy Hindiston hamda qisman Movarounnahr va Xorazmda hukmronlik qilgan turkiy sulola – g‘aznaviylar davlatining mavqei oshgan edi. Uning shuhratini yuksak pog‘onaga ko‘targan sulton Mahmud esa 998 yili o‘zini somoniylardan mustaqil deb e’lon qilgan va xalifa Qodirga xutba o‘qittirib, Yaminuddavla (Davlat tayanchi) laqabini olgan edi. Mamlakat poytaxti, odatdagidek, G‘azna shahri hisoblanardi.

Adib va adabiyotshunos olim Nizomiy Aruziy ibn Samarqandiyning «Nodir hikoyatlar» asarida aynan o‘sha kezlarda ro‘y bergan «Shohnoma»ga daxldor mojarolar batafsil bayon qilingan. Uning muxtasar tafsiloti quyidagicha.

Firdavsiy katta ilinjlar og‘ushida G‘aznaga qadam qo‘ygach, ulug‘ xoja Ahmadi Hasan Kotib orqali Mahmud G‘aznaviy qabuliga kirish uchun ruxsat so‘raydi. Sultonning xojaga moyilligi bor edi. Ammo xojaning dushmanlari ham ko‘p bo‘lib, doimo uning obro‘yi qadahiga ig‘vo tuprog‘ini sochardilar. Sulton Mahmud o‘sha g‘anim jamoat bilan kengashib, Firdavsiyga xizmatlari evaziga nima berish joizligini so‘raganida, ular Alining alamini Validan olishdi. «Ellik ming dirham! Aslida buyam ko‘plik qiladi, negaki, Abulqosim mu’taziliy mazhab va rofiziy (ya’ni, shia mazhabidagi kishi)dir», deyishdi. So‘zlarining isboti o‘laroq, «Shohnoma»ning o‘zidan misollar keltirishdi.

Sulton Mahmud mutaassiblardan edi. Shundanmi, quruq bo‘htonga ishonib, Firdavsiyga atigi yigirma ming dirham kumush pul ajratdi. Tabiiyki, bundan keksa shoirning ko‘ngli juda qattiq ranjidi. Alami zo‘rligidan o‘ziga atalgan pullarni dardiga sherik bo‘lgan bo‘zagir va hammomchiga taqsimlab berdi-da, sultonning g‘azabidan qo‘rqib, tunda G‘aznani tark etdi. Shu ketganicha hirotlik tanishi Ismoil Varrohning do‘koniga borib tushdi. Sultonning odamlari izlab, Tusga kelib ketgunlariga qadar olti oy uning uyida yashirinib yotdi. Xavf arigach, yurtiga oshiqdi. «Shohnoma»ga yuz bayt muqaddima qo‘shib, unda Mahmudni ayovsiz hajv qildi. Alhol, asl nasli 225-651 yillarda Eronda hukm surgan sosoniylar avlodining so‘nggi vakili Yazdigard III ga borib taqaluvchi Bovand sulolasidan bo‘lmish Tabariston hukmdori Shahriyor huzuriga bordi. Hajviyani unga o‘qib berib, «Men bu kitobni Mahmudga emas, senga bag‘ishlayman, chunki undagi hikoya va rivoyatlar sening bobolaring haqidadir!» dedi.

Shahriyor Firdavsiyga ko‘p va xo‘p mehribonliklar ko‘rsatdi. Shu asno «Ey ustod! G‘animlar Mahmudga kitobingni buzib ko‘rsatib, senga tuhmat qilishgan! Qolaversa, sen, haqiqatan, shia mazhabidasan, kimki payg‘ambar avlodiga mehr qo‘ygan bo‘lsa, uning avlodlari yetolmagani kabi bunday odam ham dunyo ishlarida o‘z maqsadiga erisholmaydi!» deya yupatdi. Oxirida «Har ne bo‘lganda ham, Mahmud mening hukmdorim. Kitobni uning nomida qoldiraver. Hajviyani esa ber, uni yirtib tashlay, evaziga biror narsa beraman. Hali ko‘rasan, Mahmud seni albatta chaqirtirib, rozi qiladi, kitob uchun chekkan zahmatlaring zoye ketmaydi!» deb dalda berdi. Boshqa safar «Har baytingga ming dirhamdan to‘layapman, o‘sha hajvni menga yubor va ko‘nglingni Mahmudga nisbatan ginadan pok qil!» degan so‘zlar bitilgan noma va unga qo‘shib yuz ming dirham yubordi.

Firdavsiy uning ra’yiga qarshi chiqolmadi, baytlarini jo‘natdi. Shahriyor ularni yo‘qotishni buyurdi. Firdavsiy ham qoralamasi aslini yirtib tashladi. Shu zayl Mahmud G‘aznaviyga bag‘ishlangan hajviya butunlay mahv etildi.

Yaxshi niyatga farishtalar omin degan ekan, mavridi kelib, Shahriyorning bashoratlari ro‘yobga chiqdi. Hindistondan G‘aznaga qaytayotgan sulton Mahmud yo‘lda tushib o‘tishni mo‘ljallagan qal’aga bir isyonchi berkinib olgan ekan. Mahmud unga «Ertaga hadyalar bilan huzurimizga kel, qabulimizga noil bo‘lib, xizmatimizni qil, in’om libosini kiyib, yana qaytib ketasan!» deb, elchi yubordi. Isyonchi shartga bo‘ysunmagach, xoja Ahmadi Hasandan nima qilishi zarurligi yuzasidan maslahat so‘radi. Shunda xoja «Murodimga loyiq bo‘lmasa javob, Menu gurzi, maydon va Afrosiyob!» degan baytni o‘qidi.

Mahmud kishini mardlikka undovchi bu bayt kimniki ekanligiga qiziqdi. Xoja temirni issig‘ida bosib, «Bechora Abulqosim Firdavsiyniki! U yigirma besh yil ranj tortib, «Shohnoma»ni yozdi-yu, samarasini ko‘rmadi», dedi. Sulton bu gapni eshitib, chuqur o‘yga toldi. Keyin «Haqiqatni eslatganing yaxshi bo‘ldi. Ul olijanob zotni haqdan behuda mahrum etganimdan o‘zim ham xijolatda edim!» deya afsuslandi. G‘aznaga kelgach, «Firdavsiyga yigirma ming dinor haq ajratilsin. Uni mening tuyalarimda Tusga olib borishsin va uzr so‘rashsin!» dedi. Bunday kunlar kelishini uzoq yillar orziqib kutgan Ahmadi Hasan farmoni oliyni a’lo darajada ado etdi. Yuborilgan hadya 1030 yili Tabaronga betalafot yetib keldi. Ammo...

Ming taassuflarki, omonatlar egasiga nasib etmadi. Chunki aynan o‘sha kuni Firdavsiy bandalikni bajo keltirgandi. Hadya yuklangan tuyalar Rudbor darvozasidan kirib kelayotgan damlarda allomaning jasadini Razon darvozasidan olib chiqishayotgandi. Dard ustiga chipqon deganlariday, shu paytda bir ruhoniy «Firdavsiy rofiziy edi. Uning murdasi musulmonlar qabristoniga qo‘yilishi mumkin emas!» deya janjal ko‘tardi. Oxir-oqibat shoirni otameros bog‘ning bir chekkasiga dafn qildilar. So‘ngra hadyani qiziga topshirmoqchi bo‘ldilar. U «Men bunga muhtoj emasman!» deya boylikdan voz kechdi.

Bu voqealardan ogoh topgan Mahmud G‘aznaviy mulozimlari orqali o‘jar ruhoniydan Tabarondan chiqib ketishni talab qildi. Hadyani esa Tus chegarasidagi Nishopur va Marvga ketadigan yo‘l boshida Raboti Choha masjidini qurish uchun ishlatishni buyurdi. Farmon ijrosi ta’minlandi, ko‘p o‘tmay masjid qad rostladi. Biroq bu paytda chorak asrlik zahmatlari rohatini ko‘rolmay, dunyodan armon bilan ko‘z yumgan Abulqosim Firdavsiyning qabr tuprog‘i allaqachon sovigan edi...

Abdunabi Haydarov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring