Soliq inspeksiyasi xodimi bilan sodir bo‘lgan voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrixon tumani soliq inspeksiyasi xodimi ishtirokidagi video tarqalib, turlicha talqin qilinmoqda. Holat yuzasidan Andijon viloyati soliq boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan fuqaro qarindoshi M.Axmadjonovga nisbatan deklaratsiya asosida hisoblangan soliqni «hal etish» maqsadida tushlik vaqtida soliq idorasiga kelgan.
Inspeksiya xodimi S.Toshmatova tushlik payti bo‘lganligi sababli mas’ul xodimning qaytishini kutib turishini so‘ragan.
Shu paytda fuqaro xodimlar xizmat paytida dam olayotganligini aytib, videoga olishni boshlagan.
S.Toshmatova fuqaroga bu xona soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallanmaganligini, boshqa xonada kutib turishini so‘raganida, u xodimning shaxsiyatiga tegadigan so‘zlarni aytib provokatsiya qilish orqali noxush holatni yuzaga keltirgan.
Soliq inspeksiyasining Deklaratsiya bo‘yicha mas’ul xodimi kelib ushbu masala yuzasidan soliq to‘lovchiga, ya’ni M.Axmadjonovga avval tushuntirish berilganini ma’lum qilgandan so‘ng fuqaro inspeksiya binosidan chiqib ketgan.
«Davlat xizmatchilari har qanday holatda odob –axloq qoidalariga qat’iy rioya qilinishi lozimligi bildirilib, mazkur holat batafsil o‘rganib chiqilishi va aybdorlarga nisbatan qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilinadi», – deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter