Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Har kuni bir nechta odam o‘lyapti» – SSV birinchi o‘rinbosarining audiosi tarqaldi

«Har kuni bir nechta odam o‘lyapti» – SSV birinchi o‘rinbosarining audiosi tarqaldi

Foto: med.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduhakim Hojiboyevga tegishli ekanligi ma’lum bo‘lgan audioyozuv tarqaldi, deb xabar bermoqda «Kun.uz».

Nashr vazir o‘rinbosarining Zangiotadagi maxsus shifoxona xodimlarini koyigan 50 daqiqali audioyozuvdagi eng muhim iqtiboslarni keltirgan.

Abduhakim Hojiboyevning so‘zlaridan u maxsus shifoxonadagi holat va shifokorlarning bemorlarga munosabatidan qoniqmaganini ilg‘ash qiyin emas.

Mutasaddi o‘z nutqida shifokorlarga to‘lanayotgan katta miqdordagi pul haqida eslatadi: «Bir oyda bir yillik maoshni olyapsizlar»..; «Bir oyga bitta shu klinikaga 40 mlrd [сўм] ketyapti, o‘sha 40 mlrd.ni 90 foizi sizlarning (shifokorlar nazarda tutilyapti) maoshlaring».

Vazir o‘rinbosari o‘ziga har kuni qo‘ng‘iroqlar bo‘layotganini, kasalni olib chiqib ketaylik, boshqa joyga o‘tkazaylik, doktorlar qaramayapti deyishayotganini aytadi. Shuningdek, «kislorod davleniyasi tushib ketayotgani uchun har kuni bir nechta odam o‘layotgani»ni ta’kidlab, «hech kim ishdan ketib qutulmaydi, agar kimdir qochaman desa, prokuraturaga beramiz» deydi.

«20 yildan beri vrachlarni qamoqdan qutqarib kelganman, endi fikrim o‘zgarmoqda. Vrachlarni qamash kerak deyman, men o‘zim ularni qamattiraman, Zangiotadan boshlaymiz», – urg‘ulaydi Abduhakim Hojiboyev.

Yig‘ilish davomida kasalxonada bemorlarga dori olib kelish buyurilayotgani, choyshablar o‘z vaqtida almashtirilmayotgani va boshqa muammolar ko‘tarilgan.

Nashr ushbu audio yuzasidan vazirlik matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘langan va izoh olgan.

– Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash nihoyatda jiddiy masala va bu borada qattiqqo‘llik muhim rol o‘ynaydi. Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduhakim Mo‘minovichning so‘zlari biroz asabiy va jahl aralashgan tuyilishi mumkin, lekin barchasi asosli e’tirozlar va to‘g‘ri talablar. Har biri bemorlar tezroq sog‘ayishi va xalqimiz manfaati uchun aytilgan. Albatta, yig‘ilishda ta’sirchanlikni oshirish uchun biroz mubolag‘a yoki po‘pisa qilingan bo‘lishi mumkin, lekin buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Eng muhimi, tizim xodimlari bu talablarni to‘g‘ri tushunadilar va ishga yangicha yondashadilar, – degan Furqat Sanayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring