Sud mustaqilligi – huquqiy davlatning tayanchi

Jamiyat taraqqiyoti huquqiy munosabatlarning takomillashuvini talab etadi. Ayniqsa, yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha qonuniy va adolatli qarorlar qabul qilishda hal qiluvchi vakolatga ega bo‘lgan sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligi – har qanday huquqiy davlatning asosiy belgisidir. Bu zarurat, o‘z navbatida, sudyaning faqat o‘zining ichki ishonchi va qonun asosida yakuniy qaror qabul qilishi uchun zarur shart-sharoitlarni qonun darajasida kafolatlashni talab qiladi.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida, Konstitutsiyamizda sud hokimiyatining mustaqilligi alohida prinsip sifatida mustahkamlandi. Bu borada, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida sudyalar hamjamiyati faoliyatini takomillashtirish, unda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yilgani bejiz emas.
Prezidentimiz 2024 yil 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqida, sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash uchun amaliy mexanizmlarni taklif etdi. Xususan, u Sudyalar oliy kengashi a’zolarini Senat tomonidan saylash amaliyotini joriy etishni olqishlar ekan, Senat qo‘mitalarida nomzodlarning faoliyatini o‘rganish va baholash, xulosa berish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi. Shu bilan birga, sud tizimini moliyalashtirish jarayonida ham sudyalar hamjamiyati ishtirokini kafolatlaydigan qonunlar qabul qilish vaqti kelganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, suveren va demokratik davlatda sudyaning faqat qonunga bo‘ysunib, mustaqil qaror qabul qilishi huquqiy davlatning barqarorligi va adolatli jamiyat qurilishida muhim omil hisoblanadi.
Xalqaro miqyosda ham sud mustaqilligiga katta e’tibor qaratiladi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1985 yilda qabul qilingan “Sud tizimi mustaqilligining asosiy prinsiplari”da har bir davlat o‘z sud tizimining mustaqilligini kafolatlashi va himoya qilishi shart ekani, sudya shaxsiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish zarurligi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) Istanbul harakatlar rejasining monitoring natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplarini kengroq tatbiq etish, sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash va bu orqali korrupsiyaga qarshi kurashni samarali tashkil etish zarurligi ta’kidlangan.
Sud mustaqilligi inson huquq va erkinliklariga daxl etuvchi masalalarni hal etayotgan sudyalar faoliyatiga har qanday tashqi ta’sirlarning yo‘qligini kafolatlashi kerak. Sudya ishni ko‘rib chiqishda faqat qonun va o‘z ishonchiga tayanadi.
Tarixiy jihatdan hokimiyatlar bo‘linishi tamoyili asrlar davomida shakllanib kelgan bo‘lib, bugungi kunda sud hokimiyati ijro va qonun chiqaruvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalar va jamiyatning boshqa institutlaridan mustaqil ravishda faoliyat yuritishi kerakligi umume’tirof etilgan qoidani tashkil etadi.
Masalan, Fransiya Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko‘ra, sudyalar Prezident tomonidan Magistratura oliy kengashi tavsiyasiga asosan tayinlanadi va Prezident sud mustaqilligining kafolatchisi hisoblanadi. Germaniya Konstitutsiyasida sudyalar faqat qonunga bo‘ysunuvchi mustaqil shaxslar sifatida belgilangan. Sloveniyada esa sudyalar faqat Konstitutsiya va qonunlar asosida ish yuritishlari lozimligi aniq yozilgan.
Sud tizimining institutsional va shaxsiy mustaqilligi quyidagi omillar bilan baholanadi: sudyalik maqomining kafolatlanganligi, iqtisodiy va ijtimoiy himoyaning mavjudligi, daxlsizlik va tayinlash jarayonida har qanday aralashuvlarning oldini olish.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 130-moddasida O‘zbekistonda sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatlaridan to‘liq mustaqilligi qat’iy belgilangan. Shuningdek, barcha sudlar tomonidan chiqariladigan qarorlar “O‘zbekiston Respublikasi nomidan” qabul qilinishi — sud hokimiyatining davlat nomidan qaror chiqarayotganini anglatadi.
Sudyaning yagona rahbari – Qonun bo‘lishi kerak. Sudya mustaqilligiga tajovuz etuvchi har qanday tashqi ta’sirlar Konstitutsiyaviy tartibda cheklanishi lozim.
Shu bilan birga, sudyaga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qonuniy va adolatli ekanini baholaydigan mustaqil mexanizmlarni joriy etish, sudyaning daxlsizligini kafolatlaydigan tizimning ajralmas qismidir.
Sud mustaqilligini ta’minlash nafaqat sudyalarga tenglik asosida qaror qabul qilish huquqini beradi, balki ularga qonuniylikdan chekinishga olib keluvchi har qanday harakatlardan voz kechish mas’uliyatini ham yuklaydi.
Bu borada “Sudlar kodeksi”ni qabul qilish – sudyalarni saylash institutini joriy etish, ularning maqomi, daxlsizligi va intizomiy javobgarlikka oid shikoyatlar tartibini belgilash, sudyalar hamjamiyati faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish bilan birga, ma’muriy, fuqarolik, jinoiy va iqtisodiy sohalarda qonun hujjatlarining uyg‘unlashuviga xizmat qilishi mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, har bir demokratik davlatda sud hokimiyatining mustaqilligi – unda qonuniylik qanchalik mustahkam ekanining eng muhim indikatoridir. O‘zbekistonda bu prinsiplar nafaqat Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan, balki amaliy islohotlar orqali hayotga tadbiq etilayotgani ham, huquqiy davlat poydevori bunyod etilayotganidan dalolat beradi.
Xumoyun Salomov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yetakchi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter