Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud namanganlik erkakka 14 yil tarbiya qilgan o‘gay o‘g‘lini otaliqqa olishiga monelik qilmoqda

Sud namanganlik erkakka 14 yil tarbiya qilgan o‘gay o‘g‘lini otaliqqa olishiga monelik qilmoqda

Foto: «Kazinform»

«Adolat» gazetasida taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboyevning «Qonun inson qadri uchun xizmat qilmaydimi?» nomli maqola e’lon qilindi. Quyida uni e’tiboringizga havola etamiz.

«Matbuot sohasida uzoq yillar ishlaganim bois tahririyatlarga yo‘llanadigan xat-xabar, taklif-mulohaza va shular qatorida son-sanoqsiz shikoyat xatlarini ko‘p va xo‘p o‘qiganman. Insoniyat olis moziydayoq ixtiro qilgan yozuvning bir xususiyati shundaki, unda muhim yangilik xususida gap boradimi, muallif ma’lum muammo xususida o‘z qarashlarini bayon qiladimi yoki kimningdir ustidan shikoyatmi, bundan qat’i nazar, yozuv egasining nima maqsadda qo‘liga qalam olgani shundoqqina ko‘rinib turadi. Shu bois rahbar, boshliq, rais yoki biror tashkilot faoliyati umumiy tanqid ostiga olingan, joylarda mehnatkashlarning haq-huquqlari buzilayotgani, adolatli talablari inobatga olinmayotgani bayon qilingan maktublar tahririyatning darhol e’tiborini tortadi.

Gazetamizga Namangan viloyatidan kelgan bir maktub shu ma’noda bizni biroz o‘ylantirib qo‘ydi. Uning mazmunini bayon qilishda xolis bo‘lish uchun ism-familiyalarni o‘zgartirib mulohaza yuritishga qaror qildik.

Odiljon Kamolov 2004-yili Nasiba Asqarova bilan turmush quradi. Nasibaxonning birinchi turmushidan bo‘lgan to‘rt yoshli o‘g‘li Mahmudjon onasi bilan yangi oilada yashay boshlaydi, shu yerda voyaga yetadi. Odiljonni ota, deb ulg‘ayadi. Yillar o‘tib, Odiljon Mahmudjonni rasmiy ravishda farzandlikka olishga qaror qiladi. Buning uchun Mahmudjonning biologik otasiga murojaat qilib, undan notarial tartibda rozilik oladi. Bu ish uchun qonunchiligimizda belgilab qo‘yilgan barcha hujjatlarni to‘plab, fuqarolik sudiga murojaat qiladi.

Ammo... sud bu murojaatni rad etadi!

Bunga esa Odiljonning 1998-yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 267-moddasi, 1-qismi bilan sudlanib, 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgani sabab bo‘lgan. Bir tomondan qarasangiz, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining «Hal qiluv qarori» to‘g‘ridek. Lekin ikkinchi tomondan Odiljonning 14 yil mobaynida Mahmudjonga otalik qilgani, unga mehr berib, boshini silagani, o‘z farzandlari qatorida yedirib-ichirib, voyaga yetkazgani masalasi-chi?! Nahotki yoshlik sho‘xliklari bois 20 yil avval qilingan xato shuncha yildan so‘ng ham «qog‘oz kema”chalarda qalqib chiqaversa, bir bolaga ko‘rsatgan 14 yillik mehr-oqibat hisobga olinmasa?!

Odiljon Kamolov tahririyatga yozgan arizasida ham o‘z xatosini inkor etmaydi. Hatto qilgan jinoyati — bir tanishining «Zaporojets» mashinasini olib qochib, kechgacha sayr qilib yurgani ekanini ham ochiq aytadi. Ammo, oradan yigirma yil vaqt o‘tgani, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 78-moddasi «d» bandida «Besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talgandan keyin oradan to‘rt yil o‘tgach, sudlanganlik holati tugallanishi» nazarda tutilganini yozib, sudning hal qiluv qaroridan norozi ekanini ma’lum qiladi.

Arizaning shu yeriga kelganda bir fikr tug‘ildi. Oradan yigirma yil o‘tibdi. Bu vaqt ichida Odiljon o‘zini qanday tutdi, qilgan xatosini tushunib yetdimi, tegishli xulosa chiqarib oldimi? Oilada qanday muhit mavjud? Biror foydali ish bilan shug‘ullanadimi? Mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarning u haqdagi fikri qanday?

Arizani o‘rganar ekanmiz, bu savollarga yetarli javob oldik. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisining imzosi va muhr bilan tasdiqlangan tafsifnomada quyidagi ma’lumotlar bor: «Odiljon Kamolov mahalla hayotida faol ishtirok etadi. Tadbirkor sifatida kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatadi. Mahallani obodonlashtirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Adir joyni o‘zlashtirib, bodom va yong‘oqzor bunyod qildi. Mehnatdan qochmaydi. Turmush o‘rtog‘i bilan 14 yildan beri ahil-inoq yashab kelmoqda. Oilada uch nafar farzand bor...»

Odiljonning qo‘ni-qo‘shnilari imzo chekkan fikrnomani o‘qiymiz: «Odiljon bilan 14 yildan buyon yonma-yon yashaymiz. Tadbirkor, mehnatkash inson. Farzandlari tarbiyasiga alohida e’tibor beradi. Qo‘ni-qo‘shnilarga issiq-sovuq kunlarda birinchi bo‘lib yordamga keladi. Mahallamizda o‘tkaziladigan Mustaqillik, Navro‘z bayramlarida tashkilotchilik qiladi...»

Yigirma yil avval yoshlik sho‘xliklari bois to‘g‘ri yo‘ldan adashib, bilib-bilmasdan jinoyatga qo‘l urgan, buning uchun jazolangan, halol mehnati, namunali faoliyati bilan mahalladoshlari hurmatiga sazovor bo‘lgan yigitning otalik hissini tushunish, uning oilasini ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun shu ma’lumotlar yetarli emasmi? Balki bu ishda biz bilmagan, o‘sha xatoni hali ham kechirish mumkin bo‘lmagan boshqa bir qonuniy asos bordir? Agar shunday bo‘lsa, bu bizga ma’lum emas, fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2017 yil 21 noyabrdagi hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi ajrimida buni aniq dalillar, faktlar asosida bayon qilishi va arizachiga insoniylik nuqtai nazaridan to‘g‘ri maslahat berishi lozim edi. Bordi-yu bunday asos bo‘lmasa, ajrim boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, Mahmudjonning biologik otasi undan notarial tartibda voz kechgan bo‘lsa, uni tarbiyalab voyaga yetkazgan Odiljonga rasman otalik huquqi berilmasa, endi Mahmudjonning taqdiri qanday kechadi?..

Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin deganlaridek, biz namanganlik huquqshunoslarimiz bilan munozaraga kirishmoqchi, ularning fikrlarini o‘zimizcha rad etmoqchi emasmiz. Maqsadimiz ushbu masalaga oydinlik kiritish, matbuotning bosh vazifasidan kelib chiqib, bir ezgu niyatning amalga oshishiga ko‘maklashish. Davlatimiz rahbarining adashgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, ularni jamiyat, mahalla, oila uchun foydali faoliyatga qaytarish, to‘g‘ri yo‘lga qaytganlarni ma’naviy rag‘batlantirish borasidagi muhim ko‘rsatmalari ham ayni shuni taqozo qiladi. Bu ko‘rsatmani bajarishda yaqin o‘tmish sarqiti bo‘lgan qog‘ozbozlik balosi bizga xalaqit bermasligi kerak. Aks holda, bir paytlar bo‘lgani kabi qog‘ozning qadri inson sha’ni, qadr-qimmatidan ustun bo‘lib qolaveradi.

Tahririyatdan: yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, biz bir oilaning, qolaversa, katta hayot ostonasida turgan o‘smirning sha’nini o‘ylab, maqolada arizachining aniq manzili va ism-sharifini keltirmadik. Arizani maqola bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga jo‘natishga qaror qildik. Demak, gazetamizni o‘qib borsangiz, yaqin kunlarda ushbu muammo qanday yechim topganiga o‘zingiz ham guvoh bo‘lasiz».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring