Sun’iy intellekt, telefon va «bank» o‘yini: O‘qituvchi bolalar qalbiga qanday yo‘l topmoqda?
Oddiy kunlarning biri, navbatda turibman, yonimda o‘tirgan ayol o‘qituvchi ekan va biz biroz uyoq-buyoqdan gaplashdik. Suhbatimiz tabiiyki bolalar tarbiyasiga borib taqaldi.
«O‘quvchilarimga birinchi sinfdanoq birovning haqiga tegmaslikni quruq nasihat bilan emas, hayotiy sinov orqali o‘rgataman. Masalan, stol ustiga hamma ko‘radigan qilib pul qo‘yaman. Agar bolalar tegishmasa — tahsinga sazovor, ularga minnatdorlik bildiraman. Agar kimdir olib qo‘ysa, (axir u qiziquvchan bolada) buni hech qachon ovoza qilmayman, sinfdoshlarining oldida uyaltirmayman. Bolaning o‘zi bilan ohista, hech kim bilmaydigan tarzda suhbatlashaman. Va qarabsizki, keyingi to‘rt yil davomida sinfda bemalol sumkamni ochiq holatda qoldiraveraman, hech kim tegmaydi...»
Ana shu oddiygina hangoma menga o‘qituvchi bilan yaqindan tanishish ishtiyoqini uyg‘otdi. Ba’zan ana shu kutilmagan tanishuv inson qalbini, haqiqiy qahramonni kashf qilishga turtki bo‘ladi. Suhbatdoshim Jumagul Yoqubova asli Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. Xo‘sh, endigina 2-sinfga o‘tgan qirq nafar qolaversa, yana uch nafar alohida e’tiborga muhtoj bolajonlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lish — shunchaki oddiy o‘qituvchilik kasbimi yoki bolaning butun keyingi ta’limi va fe’l-atvoriga poydevor qo‘yadigan katta mas’uliyatmi? Suhbatimiz aynan shu haqda kechdi.
— Aytingchi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lish qiyinmi?
— Har kim ham boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘la olmaydi. Chunki bu kasb faqat bolaga harf tanitish, o‘qish va yozishni o‘rgatish bilan cheklanmaydi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bolaning qalbiga, dunyoqarashiga va kelajagiga ilk yo‘l ko‘rsatadigan yo‘lchi mayoq desak ham bo‘ladi.
Men har bir o‘quvchimga qaraganimda, uning kelajagini tasavvur qilishga harakat qilaman. Chunki bugun oldimda partada o‘tirgan kichkina bola ertaga jamiyatning turli sohalarida o‘z o‘rnini topadigan inson bo‘ladi. Uning ilk bilimlari, maktabga bo‘lgan munosabati, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi aynan boshlang‘ich sinflarda shakllanadi.
Shuning uchun o‘qituvchi zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his qilishi kerak. Boshlang‘ich sinfda qo‘yilgan poydevor qanchalik mustahkam bo‘lsa, bolaning keyingi ta’lim bosqichlari ham shunchalik ishonchli bo‘ladi. Men uchun o‘quvchining darsdagi muvaffaqiyati bilan birga, uning inson sifatida shakllanishi ham juda muhim. Har bir bolaning qalbida bir olam bor. O‘qituvchining vazifasi esa ana shu olamni ko‘ra bilishdir.
— Bola maktabga ilk kelgan kuni uning muhitga moslashishiga qanday yordam berasiz?
— Men uchun birinchi navbatda bolaning ko‘zlari muhim. Maktabga ilk qadam qo‘ygan bolalarning nigohlarida turli savollarni ko‘rasiz. Bir bolaning ko‘zlari qiziqish va hayajondan yonib turadi. Boshqasida begona muhitdan qo‘rquv yoki tortinchoqlik, yana birida esa o‘ziga ishonchsizlik seziladi.

Shuning uchun men yangi o‘quvchilarim bilan ilk uchrashuvdayoq ularning nigohiga, o‘zini tutishiga va atrofdagilar bilan munosabatiga e’tibor beraman. Chunki har bir bola qalbiga bir xil kalit bilan yo‘l topib bo‘lmaydi. Kim bilandir ko‘proq suhbatlashish kerak, kimdir biroz vaqt o‘tib o‘zini erkin his qiladi. Ba’zi bolaga ko‘proq rag‘bat, boshqasiga talabchanlik kerak.
Yaxshi o‘qituvchi bolaning faqat daftaridagi yozuvni emas, uning ko‘zidagi savolni ham o‘qiy olishi lozim. Shunda bola o‘zini yaqin tutadi va bilim olish jarayoni ham tabiiy kechadi.
— Bugungi bolalar avvalgi avloddan ajralib turadi. O‘qituvchi telefon, multfilm va internet bilan raqobat qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘quvchining diqqatini qanday ushlab turasiz?
— Bugungi bolalarning axborot olamiga kirish imkoniyati juda keng. Ular bizning bolaligimizga qaraganda ancha ko‘p narsani ko‘rishadi, eshitishadi va tez o‘zlashtirishadi. Shu bilan birga, ularning diqqati ham tez chalg‘iydi. Uzoq vaqt bir joyda o‘tirib, faqat tinglab turish ular uchun qiyin.
Shuning uchun o‘qituvchi ham zamon bilan birga o‘zgarishi kerak. Men dars jarayonida turli metodlar, didaktik o‘yinlar, jamoaviy topshiriqlar va kichik bellashuvlardan foydalanaman. Ba’zan bolaning e’tiborini tortish uchun u yaxshi ko‘radigan multfilm qahramonlari yoki zamonaviy texnologiyalarni darsga olib kiraman.
Telefonni faqat «dushman» deb bilish emas, undan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish kerak. Bola texnologiyaga qiziqayotgan bo‘lsa, o‘qituvchi shu qiziqishni ta’lim tomon burib yuborishi mumkin.
Albatta, faqat o‘yin bilan ta’lim berib bo‘lmaydi. Ba’zan talabchanlik va intizom ham kerak. Lekin bu talabchanlik bolaning ko‘nglini sindirish uchun emas, uni tartibga, mas’uliyatga va maqsad sari intilishga o‘rgatish uchun xizmat qilishi lozim.
— Baho bolani rag‘batlantiradimi yoki o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradimi? Siz uchun «yaxshi o‘quvchi» kim?
— Baho bolaning mehnatini ko‘rsatadigan vosita, lekin u ta’limning yagona maqsadi emas. Boshlang‘ich sinfda bolani avvalo o‘qishga qiziqtirish, unda «men ham uddalay olaman» degan ishonchni shakllantirish juda muhim. Shu sababli o‘quvchilarni rag‘bat va kichik sovg‘alar orqali qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman.

Masalan, sinfda o‘quvchilar bilan kichik «bank» tizimini tashkil qilganmiz. Bola yaxshi javob bersa, she’r yod olsa yoki darsda faol bo‘lsa, shartli «pul» yig‘ib boradi. Ma’lum vaqt o‘tgach, ular to‘plagan «mablag‘i» evaziga sovg‘a tanlashlari mumkin. Bu usul bolalarda mehnat va natija o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunishga yordam beradi.
Lekin men uchun «yaxshi o‘quvchi» — faqat hamma fandan a’lo baho oladigan bola emas. Savol beradigan, qiziquvchan, mustaqil fikrlaydigan, xato qilishdan qo‘rqmaydigan va o‘z fikrini ifodalay oladigan bola ham yaxshi o‘quvchidir. Vaqt o‘tishi bilan intilish baho uchun emas, bilim olish va o‘z imkoniyatlarini namoyon qilishga xizmat qilishi kerak.
— Ota-onalarning farzandi ta’limiga aralashuvi qayergacha yordam, qayerdan boshlab o‘qituvchining ishiga xalaqit berishga aylanadi?
— Ota-ona maktabdan butunlay chetda turmasligi kerak. Chunki bolaning kayfiyati, qiziqishlari va uydagi muhiti haqida ota-onadan ko‘ra ko‘proq ma’lumotga ega inson kam. O‘qituvchi esa bolaning maktabdagi faoliyati va tengdoshlari bilan munosabatini yaxshi biladi. Shu sababli ota-ona va o‘qituvchi hamkorligi qancha mustahkam bo‘lsa, bolaning rivojlanishi uchun shuncha yaxshi. Lekin bu hamkorlikning chegarasi bo‘lishi kerak. Ota-ona vazifani bolaning o‘rniga bajarib bermasligi, har bir xatosini yashirishga yoki bahosini sun’iy oshirishga urinmasligi lozim. Aks holda bola mas’uliyatni his qilmay qo‘yadi.
Ota-onalarga doimo shuni aytaman: farzandingizning uy vazifasini bajarib berish yordam emas. Ba’zan unga xato qilish, o‘ylash va o‘z kuchi bilan natijaga erishish imkonini berish — eng katta ko‘makdir.
— Bolalar uchun ma’lumot manbalari juda ko‘p. Lekin axborot ko‘pligi hali bilim degani emas. Boshlang‘ich sinfda bolaga nimani ko‘proq o‘rgatish kerak, ko‘p narsani bilishnimi yoki to‘g‘ri fikrlashni?
— Bugungi davrda ma’lumot topish muammo emas, internetdan bir necha soniyada minglab javob chiqadi. Shu sababli zamonaviy maktabning vazifasi faqat «ko‘p narsani biladigan» bolani emas, balki topgan ma’lumotini tushuna oladigan, tahlil qiladigan va undan to‘g‘ri foydalana oladigan shaxsni tarbiyalashdir.
Boshlang‘ich sinfda savodxonlik, matematika, tabiatshunoslik bo‘yicha mustahkam poydevor beriladi. Ammo bilim bilan bir qatorda mustaqil fikrlash, savol berish, jamoada ishlash va o‘z fikrini asoslab berish kabi ko‘nikmalar shakllanishi zarur.

Darslarimda bolalarga tayyor javobni berishdan ko‘ra: «Nima deb o‘ylaysan?», «Nega shunday deb hisoblaysan?», «Boshqa qanday yechim bo‘lishi mumkin?» kabi savollarni ko‘proq beraman. Bola o‘qituvchidan olgan axborotni unutishi mumkin, lekin unda mustaqil fikrlash odati shakllansa, kerakli bilimni ertaga o‘zi izlab topa oladi.
— Sun’iy intellekt bolalar hayotiga ham kirib keldi. Bundan cho‘chish kerakmi yoki to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish mumkinmi?
— Sun’iy intellektni ta’lim uchun foydali vositaga aylantirish mumkin, ammo bunda eng katta mas’uliyat o‘qituvchiga tushadi. Bolaga undan foydalanishni taqiqlashdan ko‘ra, to‘g‘ri ishlatishni o‘rgatish muhim.
O‘quvchilarga sun’iy intellekt ularning «o‘rniga o‘ylaydigan» vosita emas, balki izlanishga yordam beradigan yordamchi ekanini tushuntirish kerak. Masalan, undan mavzuni soddaroq tushuntirishni so‘rash, misollar topish yoki o‘z ishini tekshirtirish mumkin. Lekin tayyor javobni ko‘chirib olish mustaqil fikrlashga zarar yetkazadi. Eng muhimi, bola sun’iy intellekt bergan ma’lumotni tekshirib ko‘rishni ham bilishi lozim.
— Sinfingizda jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilar ham bor ekan. Inklyuziv ta’lim muhitida bolalar bir-birini qanday qabul qiladi?
— Ba’zan bolaning xulqi va tengdoshlariga munosabatidan oiladagi muhit seziladi. Lekin shoshilinch xulosa chiqarmaslik, avvalo bolani tushunishga harakat qilish kerak.
Sinfimdagi jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilarga kelsak, men ularni boshqalardan aslo ajratmayman. Eng avvalo, bolaga «sen boshqachasan» degan tuyg‘u berilmasligi kerak. Ular uchun zarur sharoit yaratamiz, topshiriqlarni imkoniyatiga moslashtiramiz.
Inklyuziv ta’limning mohiyati ham shunda, har bir bola o‘zini shu sinfning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilishi kerak. Buning natijasida sog‘lom bolalar ham juda katta insoniylik sabog‘ini olishadi: sabr, mehr, hamdardlik va boshqalarni qadrlashni o‘rganishadi. Mehr va o‘zaro yordam mavjud bo‘lgan sinfda bola nafaqat bilim oladi, balki chin inson bo‘lib shakllanadi...
Suhbatdoshim bilan xayrlashar ekanman, xayolimdan bir fikr o‘tdi: ba’zan biz ta’limni murakkab dasturlar, zamonaviy texnologiyalar va baholar tizimidan iborat, deb o‘ylaymiz. Vaholanki, aslida hammasi juda oddiy va hammasi bolaning ko‘zlaridagi savolni o‘qiy oladigan, uning xatosini ayblamay, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata oladigan oddiy muallimning mehridan boshlanadi.
Barno Sultonova suhbatlashdi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter