Suriyada Bashar Asad ag‘darilganligining 1 yilligi nishonlandi
Suriyada 8-dekabr – Bashar Asad rejimi ag‘darilgan kun sifatida rasman bayram etib belgilangan sana keng nishonlandi. Bir yil avval aynan shu kuni Asad mamlakatni tark etgan edi.
Suriyaning vaqtinchalik prezidenti Ahmad ash-Sharaa harbiy formada Dimashqdagi tarixiy Umayyadlar masjidida bomdod namozidan keyin nutq so‘zladi. U mamlakatni to‘liq tiklashga va’d berdi.
«Biz Suriyani o‘zining haqiga mos darajada qayta qurib olamiz. Barcha fidoyilar mas’uliyatni his qilib, tinmay mehnat qilishlari kerak», – dedi u.
8 dekabr nafaqat Suriyaning o‘zida, balki uning xorijdagi diasporalari – masalan, Avstriya va Braziliya kabi mamlakatlarda ham nishonlandi. Suriyaliklar ushbu sanani «erkinlik va yangi boshlanish kuni» sifatida nishonlagan.
Suriya pochtasi bu tarixiy sana sharafiga beshta pochta markasi chiqardi.
Eslatib o‘tamiz, Bashar Asad o‘tgan yilning 8-dekabrida hokimiyatdan ag‘darilgan va o‘sha kuni Rossiyaga qochib ketgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter