Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tabiiy gazdagi uzilishlar sababi ma’lum qilindi

Tabiiy gazdagi uzilishlar sababi ma’lum qilindi

Foto: Xabar.uz

«Hududgazta’minot» O‘zbekistonning ayrim hududlarida kuzatilayotgan tabiiy gazdan uzilishlar haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 25-yanvar kuni elektr energiyasi ta’minotida kuzatilgan uzilishlar sabab Gazli, Sho‘rtan hamda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalaridagi 64 ta kon faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

O‘z navbatida bu «O‘ztransgaz» magistral gaz quvurlari va «Hududgazta’minot» mahalliy tarmoqlarida bosimning pasayishiga olib kelgan.

Ayni vaqtda, Farg‘ona vodiysining qator tumanlari, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida tabiiy gaz ta’minotida bosim pasayishi yoki umuman yo‘qligi kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan «Hududgazta’minot» bosimni qayta tiklash va iste’molchilarga tabiiy gazni uzatish ishlari bo‘yicha barcha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Gaz bosimi pasaygan yoki umuman yo‘q bo‘lgan manzillardan gazda ishlaydigan barcha jihozlarni o‘chirib qo‘yish va binolarni gaz hidi yo‘qligini tekshirish so‘ralmoqda. Zarurat tug‘ilganda 1104 Call-markaziga qong‘iroq qilish mumkinligi eslatilgan.

«Hududgazta’minot» AJ yuzaga kelgan noqulaylik uchun fuqarolardan uzr so‘ragan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring