Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Taksi»mi yoki «taxi»?

«Taksi»mi yoki «taxi»?

Foto: «Kommersant»

Olti yarim yashar o‘g‘lim bilan taksida ketayotgandik. Bir payt u: «Ota, qarang, anovi mashinaga «taxi» deb yozib qo‘yibdi», — dedi. Haydovchi: «Taxi» emas, «taksi»-ku», — deb javob berdi mendan oldin. «Yo‘q, o‘g‘lim to‘g‘ri o‘qidi. «Taxi» deb yozilgan», — dedim.

Bizni quvib o‘tgan «Matiz»ning ustida «Taxi» degan ko‘rsatkich belgisi bor edi. Haydovchi bilan tortishdik.  U «Taxi» — taksi ekanini, buni hamma bir qarashdayoq bilishini ta’kidlardi. 1-sinfda o‘qiydigan o‘g‘lim uchun esa bu taksi emas, taxi (taxi) edi. Ya’ni, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida shunday o‘qiladi. Haydovchining «Bu axir inglizcha yozilgan», — deb kuyib-pishishi meni o‘ylantirib qo‘ydi. Shunday ham deylik, unda nima uchun inglizcha?

1989-yil 21-oktyabrda qabul qilingan, 1995-yil 21-dekabrda yangi tahrirda qabul qilingan «Davlat tili haqida»gi qonunning 20-moddasiga e’tibor bering: «Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin».

Endi taksi mashinalaridagi yozuv til haqidagi qonunimizning ushbu moddasi qoidalariga zid yoki zid emasligi haqida o‘ylab ko‘ring. Birinchidan, agar u lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lsa, «Taxi» emas, «Taksi» bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, ingliz tilida berilgan bo‘lsa, avval davlat tilida, ya’ni o‘zbek tilida rasmiylashtirilib, so‘ngra boshqa tilda tarjimasi berilishi mumkin.

Masalan, bizda keng namoyish etilayotgan koreys seriallarida ba’zan ko‘chadagi taksilar ham ko‘rinib qoladi, e’tibor bersangiz, ular mashina ustidagi ko‘rsatkichning old qismida koreyscha, yon tarafida esa inglizcha «Taxi» deb yozishgan. Turk seriallaridan ma’lum, ularning taksilarida ham ko‘rsatkichning old qismida «Taksi», yon tomonida esa  «Taxi» turibdi...

Bir qarashda bu arzimasdek tuyulishi mumkin. Rostan ham hammamizning ko‘zimiz o‘rganib qolgan: «taxi»mi,  «taksi»mi, baribir «taksi» deb o‘qiyveramiz. Ammo endi 1-sinfga borayotgan, milliy alifbomizni o‘rgana boshlagan, qalbi va ongi O‘zbekiston mehri, vatan muhabbatiga limmo-lim bolakay uchun unday emas. U «taxi»ni «taxi» (taxi) deb o‘qiydi  va so‘raydi: «Ota, u nima degani?»...

Bu fikrlarni 8 yil oldin yozgan ekanman. Shundan buyon hech narsa o‘zgarmagan – hamon ko‘chalarimizda «taxi»lar yuribdi...

Husan Karvonli

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring