Texnologik metallar oliy maktabi tashkil etiladi
«O’zbekiston texnologik metallar kombinati» AJ va Istanbul texnika universiteti o’rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Unda «O’zTMK» AJ raisi Farhod Abdullayev hamda ITÜning «Konchilik» fakulteti dekani, professor Mustafa Kumral kelishuviga asosan, Markaziy Osiyo universiteti qoshida Texnologik metallar oliy maktabi tashkil etilishi belgilandi.
Ushbu oliy maktabning vazifasi texnologik metallar sohasida magistratura va doktorantura talabalarini, ilmiy tadqiqotchilarni yetishtirib chiqarish, shu bilan birga, ilmiy materiallar va ma’lumotlar almashinuvini yo’lga qo’yish, tog‘-kon ishlari, metallurgiya, materialshunoslik, nanotexnologiya hamda energetika bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarni olib borishdan iborat.
Shuningdek, Texnologik metallar oliy maktabi dual ta’lim tamoyiliga asoslangan bo‘lib, unga ko‘ra talabalar 70-80% vaqtini ishlab chiqarish korxonalarida, ya’ni amaliyotda o‘tkazadilar.
Mazkur maktabni bitirgan bitiruvchilar kelgusida «O‘zTMK» AJ qoshidagi korxonalarda o‘z faoliyatlarini olib borishlari mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Istanbul texnika universiteti dunyodagi uchinchi eng qadimgi muhandislik universitetlaridan biri hisoblanadi. Universitetda 39 ta bakalavr, 144 ta magistratura dasturlari, 13 ta kollej, 346 ta laboratoriya va 12 ta ilmiy markazlar mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter