The New York Times mudhish qatl videosini e’lon qildi

AQShning The New York Times nashri Isroil harbiylari G‘azo sektorida falastinlik 15 nafar tibbiy xodimni o‘qqa tutgani va qirib tashlagani aks etgan videolavhani e’lon qildi.
Videolavhada Qizil yarim oy jamiyati formasida, maxsus emblema tushirilgan mashinalarda harakatlanib ketayotgan tibbiy xodimlar harbiylar hujumiga uchraganini ko‘rish mumkin. Holatni telefoni yordamida videoga olgan tibbiy xodim (feldsher) arab tilida Isroil askarlari o‘qqa tutayotganini aytadi. O‘lim muqarrarligini sezgan feldsher shahodat kalimasini aytadi va “Meni kechiring, ona! Men odamlarga ko‘mak beruvchi kasbni tanladim. Olloh ulug‘dir”, – deydi.
Tibbiy xodimlarni o‘qqa tutish besh daqiqadan ko‘proq davom etadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Falastinning fuqaro mudofaasi xizmati va tibbiy xodimlaridan iborat guruh 23 mart kuni G‘azo sektori janubida o‘ldirilgan.
Jinoyatni tasdiqlovchi dalil vazifasini o‘tayotgan videolavhani suratga olgan feldsher ham o‘ldirilgan.
Videolavhani The New York Times tahririyatiga BMTning yuqori martabali xodimi taqdim etgan.
15-nafar tibbiy xodimning jasadi 30 mart kuni topilgan. Qotillikni sodir etgan shaxslar jinoyatni yashirish uchun jasadlarning barchasini bitta umumiy qabrga ko‘mib yuborgan.
BMT avvalroq 15 nafar tibbiy xodim Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilgani haqida bayonot bergan va aybdorlarni jazoga tortishni talab qilgan edi.
Isroil ma’muriyati esa dastavval noma’lum mashinalar shubha tug‘dirgani sabab o‘qqa tutilganini ma’lum qilgandi. Keyinroq Tel-Aviv rasmiylari o‘ldirilganlar orasida terrorchilar borligini iddao qilgan. Ammo videolavhada tez tibbiy yordam va Qizil yarim oy jamiyati mashinalarida taniqlilik belgilari mavjudligi va mashinalar ogohlantiruvchi chiroqlarni yoqqan holda harakatlanganini ko‘rish mumkin.
The New York Times gazetasi qatl sahnasi aks etgan videodalilni e’lon qilgani ortidan Isroil armiyasi o‘z askarlari xato qilganini tan olgan. Ammo yahudiy davlati rasmiylari qotilliklar uchun javobgarlik masalasiga to‘xtalmagan.
G‘azo sektori fuqaro mudofaasi xizmati vakili Mahmud Basal insonparvarlik tashkilotlari xodimlarini qasddan o‘ldirgan harbiylarni javobgarlikka tortishni talab qilgan. Unga ko‘ra, Isroil harbiylari ushbu jinoyati uchun javobgarlikka tortilmasa, insonparvarlik tashkilotlari xodimlarini qatl etish davom etaveradi.
2023-yil 7-oktyabrda HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan Isroil armiyasi minglab tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘lgan. Urush mobaynida o‘nlab xalqaro tashkilotlar vakillari, sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari va jurnalistlar ham halok bo‘lgan.
Avvalroq BMTning xalqaro mustaqil komissiyasi e’lon qilgan hisobotda Isroil falastinliklarga nisbatan qasddan qotilliklar, harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etayotgani ta’kidlangandi. Hisobotda, shuningdek, Isroil kuchlari shifokorlar va tibbiy xodimlarni qasddan o‘ldirgani qayd etilgan.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azoda BMTning ko‘p sonli xodimlari halok bo‘lganini misli ko‘rilmagan holat deb atagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter