Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tibbiyot xodimlarini virus o‘choqlariga majburan kiritishyaptimi?» Shifokor otasi vafot etgan qiz jim o‘tirmoqchi emas

«Tibbiyot xodimlarini virus o‘choqlariga majburan kiritishyaptimi?» Shifokor otasi vafot etgan qiz jim o‘tirmoqchi emas

Foto: Xabar.uz

28 iyun kuni tarmoqdagi sahifamga avvaldan oz-moz tanish bo‘lgan qiz «Otam SOVIDdan vafot etdi, menga yordamingiz kerak» deb murojaat qildi va telefonimni so‘radi.

Shahnoza Hasanova (tinmay yig‘laydi): Og‘ir judolik yuz berdi... Otam Uralov Alisher, 52 yoshda edilar. Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasida ishlardilar. 14 iyun kuni O‘rtasaroydagi karantinga olingan bemorlarga qarash uchun ishxonalari tomonidan majburiy jo‘natilganlar. Otam ishdan qochmasdilar. Yoshlari katta, gipertoniya, qandli diabet, og‘ir vaznda bo‘lganlari uchun ham kasallikni og‘ir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan xavf guruhida edilar. Ikki marta rad javobini berganlar. Lekin «otdel kadr»ning «bormasangiz, ishdan ajralasiz» degan gapi ortidan borishga majbur bo‘lganlar. Ishlarini juda yaxshi ko‘rardilar-da. O‘rtasaroyda shifokorlar uchun sharoit yaxshimas. Tez-tez almashtiriladigan himoya vositalari yetmayotganini aytgandilar. Otam menga rasm jo‘natganda, «qo‘lqop va baxillam yo‘q» deganlar. Xullas, borganlaridan 4 kun o‘tib isitmalari chiqishni boshlagan. Koronavirusga test topshirganlarida yuklama ko‘pligi uchun SES javobni kuttirgan. 20 iyun kuni test javobi «musbat» chiqqan. Odatda qat’iy tashxis qo‘yish uchun qayta-qayta tekshiriladi. Yana ikkinchi testning javobini kutishgan.

21 iyun kuni otam bilan birga ishlayotgan va bir xonada yotgan shifokor Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shtabiga ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan signal xati jo‘natgan. Tez yordam mashinasiga joylashtirgan. Ahvollari og‘irlashgan. «Virusga shubha» ostida o‘zlarining karantin zonaga aylangan ishxonalariga olib borishgan. Eng dahshati, o‘sha o‘zlari ishlaydigan Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi otamni qabul qilmagan, «joy yo‘q» deb «otkaz» bergan. O‘zlari ishlayotgan joy! Vaqt yo‘qotilgan. Hozir bo‘lsa, ishxonalaridagi xodimlar va rahbarlari ham «biz otangizning kasal bo‘lganini bilmagandik» deyishyapti. Otam o‘shandan keyin Zangiotadagi yuqumli kasalliklari shifoxonasiga jo‘natilganlar. U yerda tayinli tibbiy yordamni ololmadilar. «Hamma menga qarashdan qo‘rqyapti» deb hansirab og‘ir ahvolda telefon qilganlari quloqlarimda jaranglab turibdi, opa....shuning uchun o‘lim tez sodir bo‘ldi... Otam «Literaturniy»dagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etdilar.. 26 iyun kuni Otamni SES xodimlari va Kovidga chalingan boshqa yosh yigitlar yordamida yerga qo‘yishdi...Dardimdan yonib ketyapman, opa...

Fotihaga kelgan hamshiralar «axir joy bor ediku, nega o‘zimizning vrachni kirgazishmadi» deyishadi. Nega otamning hamroh kasalliklari ko‘p bo‘lsa ham, istamasalar ham bosim bilan O‘rtasaroyga jo‘natishdi? Nega shaxsiy himoya vositalari bilan tez-tez ta’minlab turilmadi? Nega kovid aniqlanganidan so‘ng salohiyatli, to‘g‘ri davolay oladigan shifoxonaga jo‘natilmadilar? Nega? Nega?

28 iyun kuni tush payti Shahnozadan bu gaplarni eshitganimda hali otasining o‘limi SSV tomonidan e’lon qilinmagan edi. Holbuki, o‘lim holati 2 kun avval bo‘lgan. Shu faktning o‘zidanoq talmovsirab turganimda oradan 2 soatcha o‘tib, ijtimoiy tarmoqlarda shifokorning o‘limi rasman e’lon qilindi.

Albatta, Shahnoza haligacha stress ichida va olovdek dardda qovurilyapti. Vaziyatga baho berishda oshirib yuborishi mumkin. Aytgan so‘zlariga faktlar so‘radim. U menga otasining O‘rtasaroyda tushgan himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlanmagan rasmini, shuningdek, mozorda uzoqdan tasvirga olingan marhum shifokorning tobutini olib tushishayotgani va unga qo‘shimcha taxminan yana ikkita tobut ko‘rinib turgan foto va videolarni jo‘natdi.

Shahnoza otasini yo‘qotdi. U o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urgani bilan u kishini ortga qaytara olmaydi. Kasbi shifokor bo‘lgan bu qiz boshqa doktorlarni ham majburiy bosim bilan o‘zlari istamasa-da virus o‘choqlariga jo‘natilayotganidan, yuborilayotgan shifokorlarning yoshi va salomatligi umuman inobatga olinmayotgani, borgach esa kerakli ta’minot yo‘qligi tufayli Kovid infeksiyasini yuqtirish xavfi yuqoriligini tushuntirishga urindi.

Har qancha ta’sirlanmay, ikkinchi manba bu vaziyatni tasdiqlamaguncha jim turdim. 29 iyun kuni Alisher Uralov bilan O‘rtasaroyda bitta xonada yashagan va birga karantin zonada xizmat qilgan, hozir o‘zi ham qat’iy karantinda bo‘lgan shifokor bilan suhbatlashdim.

— Haqiqatan ham vrachlarga «davka» ketyapti. Bu yerga kelmaganlardan ham so‘rab ko‘ring, shunday deyishadi. Shaxsan o‘zim ham 54 yoshli vrachman va bu yerga majburan kelganman. Ehtiyojlarimizga kerak bo‘ladigan narsalarni yaxshi ta’minlab berisholmadi. Karantinga olingan 600 ga yaqin fuqaroga brigadamiz bilan tibbiy xizmat olib bordik. 600 kishi hammasi virusga chalingan emas, lekin ularning boshqa kasalliklari bo‘ladi, asab, oshqozon kasalliklari, psixoz kuzatiladi... Agar ular u yoki bu tibbiy yordam ehtiyoj sezca, dori-darmon ta’minoti yaxshimas, biz talab qo‘ysak, ta’minlab berisholmadi. Himoya vositalariga kelsak, bu yerda qizil va yashil zonalar bor. Qayerda xizmat ko‘rsatishga qarab kiyimlar kiyiladi. Shahnoza aytganidek, tapochkalar yetishmovchiligi prinsipial emas. Mening fikrim, bu yerga keladigan shifokorlar kontingentini to‘g‘ri tanlash kerak. Tasavvur qiling, ishxonangizda ishlayapsiz-da, shundoq qo‘ng‘iroq qilishadi-da yarim soat vaqt berishadi: «narsalaringni yig‘, zonaga borasan!» Hech qanday tayyorgarlik etapi yo‘q, instruktaj yo‘q, qog‘ozlarda qolib ketgan. Kelgan shifokorlar vaziyatni o‘rganib olguncha 2-3 kun shokda yuradi. Shaxsan men o‘zim o‘sha yakshanbada (14 iyun kuni) tug‘ruqxonada «dejur»da edim. Meni navbatchilikdan olishyapti-da bu yerga jo‘natishyapti. Bu insoniylikdanmi? Ishxonalarda xodimlarni kontingentini adolat bilan saralash yo‘q.

Bu yerga shifokorlarning yoshi, sog‘lig‘i bilan hisoblashib jo‘natish kerak edi. Alisher aka bilan 4-5 kun birga yotgan bo‘lsam, u kishining kasalliklari ko‘p ekan, kelmasligi kerak edi. Men u kishini tez yordamda jo‘natish ishlari bilan o‘zim shug‘ullandim, telefonda shtab bilan gaplashdim, keyin ham aloqada bo‘lib turdim. A. Uralovda virusga shubha tug‘ilganida o‘z ishxonasiga jo‘natilushi yuridik jihatdan to‘g‘ri emasdir, lekin insoniylik jihatidan ishlab turgan joyi tomonidan qabul qilinishi kerak edi. Nazarimda, u yakshanbadan to jumagacha yaxshi tibbiy xizmat ololmagan.

Ikkinchi manbam ham Shahnozaning fikrlarini qisman tasdiqlagani sabab kontrfaktni o‘rganish uchun Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i bilan bog‘lanib ko‘rdim. U kishi bosiqlik bilan savollarga javob berishga vakolatli emasliklarini aytdilar. Ammo bir-ikki vaziyatga fikrlarini bildirdilar. Aytishlaricha, A. Uralov karantin zonaga bormaslik uchun hech qanday yozma rad javobi bermagan. Hech kimni majburlashmagan. «Yosh bolali, pensiya yoshidagi shifokorlarimiz bor, ularga taklif ham berilmagan. O‘rta yoshli va sog‘lom shifokorlarni jo‘natganmiz. U kishi har kuni sog‘lom ishga kelib, ishlab yurgandilar-da. «Bolnichniylari»ni ko‘rsak, faqat 2016 yilda 3 kunga chiqqan ekanlar». A. Uralov kadrlar bo‘limi boshlig‘iga 25 iyunda qo‘ng‘iroq qilgandagina holat yomonligidan xabar topgan, ungacha bilmagan. Alisher aka qaysi «bolnitsa»da yotgani, nafasi qisayotgani, simptomlari kovidga o‘xshayotganini aytgan. Aytishicha, bosh shifokor ham Uralovning virus yuqtirgani haqda hayotining oxirgi kunlarigacha (25-26 iyun) xabari bo‘lmagan. Bosh shifokor «menga hech kim chiqmadi, qanday qilib u kishini yotqizmasligim mumkin?» degan. SSVning 61-buyrug‘iga ko‘ra, muassasa navbati bilan 5 nafardan shifokorlar guruhini jo‘natyapti, hamma o‘z vazifasini o‘tab, rahmat eshitib qaytyapti. A. Uralovning karantin zonaga aylantirilgan ishxonasiga kiritilmasligi buyrug‘ini kim berganini bilmaydi...

Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘idan bosh shifokorning kontaktlarini so‘ragandim, u kishi «xat bilan chiqishsa, javob beraman» degan javoblarini aytibdilar!

Darvoqe, kadrlar bo‘limi boshlig‘idan boshqa birorta rahbar marhumning qizidan ko‘ngil so‘rab qo‘ymagan. Shahnoza Hasanova bu haqda gapirmadi, ammo eslatib qo‘yishim kerak: 4652-sonli Prezident qaroriga ko‘ra, bemorlar bilan ishlash davomida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan tibbiy personalga 100 mln, sog‘lig‘i tiklanmasa...uning oila a’zolariga 250 mln so‘m qo‘shimcha to‘lov beriladi. Bu haqda rahmatli A. Uralov oilasiga hali hech kim og‘iz ochganicha yo‘q..

Hammani eshitib, tushunganim shu:

1. Virus bilan kurashish va karantin o‘choqlariga jo‘natilayotgan shifokor va medpersonallar yoshi, salomatligi bo‘yicha saralanishi shart!
2. Tibbiy himoya vositalari, testlar ta’minotida, mehnatga o‘z vaqtida haq to‘lash bo‘yicha uzilishlar bo‘lmasligi shart!

Ikki kun davomida mana shu suhbatlar ichida yashadim, yondim, kuydim, ertaga shifokor yaqinlarim boshida ham bu xavf turganini o‘ylab yurakka yaqin oldim...

Tushunaman, koronavirus pandemiyasi, bu — urush. Qurbonlar bo‘lishini ham tushunaman. Ammo bilasizmi, hatto urushda ham yarador kasallar ortga qaytarilgan, 18 yoshga to‘lmagan askarlarga urushda qatnashishga rasman ruxsat berilmagan.

Hali bu virusdan qutuladiganga o‘xshamaymiz. O‘lim statistikasi ham jonlanib qoldi. Ko‘cha-kuyda yuqtirib olish bir gap bo‘lsa, xavf guruhida bo‘la turib, o‘zingni «o‘tga urishga majbur bo‘lish» boshqa gap. Sog‘liqni saqlash yuqori organi talablarini pala-partish, «salla desa, kallani olib kelgan holda» bajarayotgan quyi tizim tufayli tibbiy xodimlarning hayotini, sog‘lig‘ini boy berib qo‘yavermaylik.

Hayotimda ko‘p tanlovlarga duch kelganman. Hammasida ham jurnalist sifatida to‘g‘ri qaror qilganman, deyolmayman. Jim qolganman. Ammo.. buni yozish qarorini vijdon ishi deb qabul qildim. Garchi shaxsiy oqibatlarini besh qo‘limdek bilsam-da. Ammo bu yozganim kelajakda koronavirus bilan to‘qnashish xavfi bo‘lgan bitta shifokorning bo‘lsin faoliyatini osonlashtirsa, hayotini saqlab qolsa — maqsadim shu.

Mikrofon ko‘targan ayol kanalidan

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring