Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘qayev Putinni maqtadi

To‘qayev Putinni maqtadi

Foto: Oqo‘rda matbuot xizmati

Vladimir Putin Markaziy Osiyo uchun ham, dunyo uchun ham maqbul davlat rahbari, deb hisoblaydi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev. Bu haqda u Berlin shahrida Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan qo‘shma matbuot anjumanida gapirdi.  

Germaniyaning ARD telekanali muxbiri Qozog‘iston rahbaridan rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin xususida qanday fikrda ekanini so‘ragan.

«Prezident Putin bilan munosabatim a’lo darajada. Men uni ko‘zga ko‘ringan davlat arbobi deb bilaman. Balki fikrim sizga biroz g‘alati tuyulishi mumkin, lekin bugun ham katta ishonch bilan aytamanki, prezident Putin davlat arbobi, Rossiya rahbari sifatida Markaziy Osiyo, jumladan, Qozog‘iston uchun, Yevropa uchun, butun dunyo uchun maqbul siyosiy figuradir», — degan To‘qayev.  

Qozog‘iston rahbari fikricha, Putin Rossiya kabi murakkab tarixga ega yirik davlatni boshqarish uchun eng zarur xislatlarga, jumladan, strategik maqsadlarga ega.  

To‘qayev Qozog‘istonni Rossiya bilan bog‘lovchi tabiiy, jo‘g‘rofiy omillarga e’tibor qaratgan.

«Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida 7597 kilometrlik umumiy chegara borligini unutmaslik kerak — bu dunyodagi eng uzun chegaradir. Bu mazkur davlat bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish omili emasmi? Qozog‘iston hududida rus millatiga mansub 2,7 million fuqaromiz yashamoqda. Mamlakatimizda pravoslav cherkovi ham keng miqyosda faoliyat yuritadi va biz buni hurmat qilamiz. Bu kabi jihatlarni e’tibordan qochirmaslik kerak», — degan u.  

Qozog‘iston rahbari o‘z chiqishida Ukrainada davom etayotgan urushni ham eslab, rasmiy Ostona BMT Nizomiga asosan barcha davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilishini ta’kidlagan.

Avval xabar berganimizdek, To‘qayev joriy yil iyul oyida Omskda o‘tgan uchrashuvda Putinga Ukraina mojarosini “muzlatish”ni taklif etgandi.

To‘qayev Berlindagi matbuot anjumanida ham ushbu taklifini yana bir karra yodga olgan.

Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnovning yozishicha, Rossiya va Qozog‘iston matbuoti Germaniya kansleri Fridrix Mers To‘qayevning Putin haqidagi iliq fikriga javob tariqasida Kremlga nisbatan keskin fikr bildirganiga e’tibor qaratmayotir.

Mers matbuot anjumanida Rossiya rahbariyatidan muzokara stoliga o‘tirishni talab qilgan.

«Rossiya bu urushda g‘alaba qozonmaydi. Qolaversa, Rossiya ulkan zarar ko‘rmoqda, jumladan, iqtisodiy sohada. Biz hozirning o‘zidayoq Rossiya iqtisodiyoti qanchalik og‘ir ahvol ekanini ko‘rib turibmiz. Urushning davom etishi Rossiyaga qimmatga tushadi», — degan Mers.

Germaniya yetakchisi neftni Rossiya o‘rniga Qozog‘istondan sotib olish rejasidan ham gap ochgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring