To‘rt marta sudlangan gazeta

U o‘z faoliyatini atigi ikki oy va bir hafta davom ettirgan bo‘lsa-da, ziyolilar e’tiborini qozonib, hukumat va aqidaparast ulamolar, tanqidni jini suymaydigan kishilar quvg‘iniga uchradi. Natijada to‘rt marta sudga berilib, mol-mulki musodara qilindi. U o‘zbek matbuotiga asos solgan Ismoil Obidiyning «Taraqqiy» gazetasi edi...
Turkistonda dastlabki matbuot nashri chor Rusiyasi bosqinchilarining rus tilida chop etiladigan «Turkestanskiye vedomosti» gazetasi bo‘lib, u 1870 yilning 28 aprelidan 1917 yilning 15 dekabrigacha bo‘lgan faoliyati davrida asosan mustamlakachilar siyosati va mafkurasini targ‘ib qilgan. Aynan o‘zbek va qirg‘iz tillarida chop etilgan «Turkiston viloyatining gazeti» ham «Turkestanskiye vedomosti»ning o‘zbekcha nusxasi bo‘lib, farqi mustamlakachilarga xizmat qilayotgan mahalliy ijodkorlar tomonidan tayyorlanib, nashr etilayotganida edi.
Zero, targ‘ibu tashviq ham mustamlakachilar mafkurasi bo‘yicha bo‘lib, «...vedomosti»dan o‘zbekcha chiqayotganligi bilan ajralib turardi.
Cho‘lpon ta’biri bilan aytganda, «Turkiston viloyatining gazeti» istilo etilgan generallar tarafidan nashr etilgan, ruslig‘ning shavkat va saltanatini ko‘hna madrasalarning tumtaroq tili ila osmonlarga chiqargan bir gazeta edi».
Avloniy esa «...bu gazeta Turkiston o‘zbeklari uchun birinchi gazeta bo‘lg‘oni kabi yerlik xalqni razolat, safolatga boshlag‘on tarixiy bir qora guruh gazeta... Bu maorif madaniyatiga dushmon bo‘lg‘oni hamda tabiiy el orasig‘a bid’at, xurofot tarqatishqa bor kuchi bilan kirishgan va bu yo‘lda bir qancha muvaffaqiyatlarga uchrag‘on edi», deya jadidlar nuqtai nazaridan «Turkiston viloyatining gazeti»ga baho bergandi.
Shunday vaziyatda bor haqiqatni yozadigan, milliy kayfiyatni ifodalaydigan sof o‘zbekcha nashrga ehtiyoj tug‘ilayotgan edi. Zero, bu paytga kelib, Behbudiy, Avloniy, Cho‘lpon, So‘fizoda va yana ko‘plab qalamkashlar matbuot maydonida qad rostlab turar, ularning «Turkiston viloyati gazeti»ga yozganlari missioner Ostroumov tomonidan «qaychilanib» chiqarilar, ba’zi paytlarda esa chop ham etilmasdi.
Bularning barini ko‘rib, sezib yurgan va o‘zbek xalqining qarashlarini ifodalaydigan milliy gazetaga ehtiyoj tug‘ilganini anglagan Ismoil Obidiy 1906 yil 27 iyundan «Taraqqiy» nomli milliy o‘zbekcha gazetaga asos soldi. Gazeta Toshkentdagi V.Ilinning xususiy bosmaxonasida bosilib, O‘rta Osiyoga tarqatilgan.
Abdulla Avloniyning 1924 yil 24 iyundagi «Turkiston» gazetasida yozgan maqolasiga ko‘ra, «gazeta muharriri Ismoil Obidiyga Taraqqiy ismi berildi. Hozirgacha xalq Ismoil Obidiyning ismini Taraqqiy deb yuritadir. Bu gazeta elning eng suyub o‘qiydurg‘on bir gazetasi bo‘la oldi. Bu gazeta o‘sha zamon musulmon gazetalari ichida eng so‘li bo‘lib, hukumat va uning ma’murlarig‘a qarshi hujum ochdi. Bu gazeta yerlik yosh yozuvchilarg‘a sahifasidan keng o‘rin berdi. Istibdod hukumatining favqulodda saqlash (cherezvichayniy oxran) qo‘li bilan bu gazeta o‘ldirildi. Xalq oziqsiz qolib, uzoq vaqt jimjitlik hukm surdi».
Ismoil Obidiy 1880 yilda tug‘ilgan bo‘lib, hayoti davomida Sharqiy Turkiston, Qozon, Moskva, Toshkent shaharlarida yashagan, tatar, o‘zbek, arab, fors, uyg‘ur, rus tillarini biladigan o‘z davrining taraqqiyparvar ziyolilaridan bo‘lgan. Shuningdek, u nafaqat jurnalist, balki me’mor va rasom, tarjimon ham edi.
Garchi «Taraqqiy»ning 21 soni nashrdan chiqqan bo‘lsa-da, ularda Behbudiy, Munavvar Qori, Mulla Said Ahmad qizi Nozimaxonim, So‘fizoda, Shokir Muxtoriy, Bahrombek Davlatboyev kabilarning milliy ruhdagi xalqchil maqolalari chop etilib, o‘quvchilar hurmatini qozondi. Ro‘y berayotgan voqea-hodisalarni haqqoniy yozgani, chorizm siyosatini tanqid qilgani, jadidlarga qarshi bo‘lgan konservatizm qarashdagi qadimgi ulamolar qilmishlarini sharmanda qilgani sababli ham gazeta to‘rt marta sudga berilib, oxiri chor hukumati tomonidan nashr etish taqiqlab qo‘yildi.
Gazetada bosilgan quyidagi maqola va xabarlardagi lavhalarni kuzatib ham o‘zingiz «Taraqqiy»ning tutgan yo‘lini bilib olasiz:
«...dunyog‘a nima uchun kelgonini bilmay ilm va maorifg‘a aslo rag‘bat qilmay jonidin shirin bolalarini ko‘cha bako‘cha kezdurub bechora ma’sumni aziz umrini jaholat otashina yondiruvchi beahamiyat va bediyonat otalar ham oramizda oz emasdur. Ko‘p dindoshlarimizni ko‘rarmizki, o‘z farzandlarini aslo maktabga bermay orqalaridan ergashtirib ruslar eshigida o‘zlari kabi xizmatchilikg‘a o‘rgatub dunyo va oxiratni saodati o‘lg‘on ilm va maorifdin mahrum qilmoqdin hech bir ibo qilmaslar... Va bu jaholat xohishudirki, millat foydasi uchun jonini qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz butun millatni o‘ylaridan chiqarib iste’dod va g‘ayratlarini choyxona va pivoxonalarg‘a sarf etmakdadurlar» (gazetaning 1-sonidagi Munavvarqorining maqolasidan).
«...agar bizlarning maktablarimiz boshqa millat maktablari kabi bir nizomga qo‘yilib yaxshi muallimlik vazifasini lavozimcha ado qilurlik kishilardin muallimlar tayin qilinsa edi, ma’sum avlodlarimiz ruhiy hayotiga, dunyo va oxiratni saodatig‘a birinchi sabab o‘ladurg‘on ilm va maorifdin bu darajada mahrum o‘lmagiga sabab o‘lmas eduk...» (gazetaning 1-sonidagi maqoladan)
«...Madrasalarning ahvolin kimlar isloh qilurlar, ulamolar, qozilarning so‘zlaridan o‘tib, bir ish qilolmasliklari uchun bu janoblardan isloh umid qilmoq to‘qson yoshliq bir qari g‘ajuzadan farzand umid etmak qabilidandir» («Taraqqiy»ning 9-sonidagi maqoladan).
«Bizni Toshkentda ichkulik va pivoxo‘rlik chunon shoyi bo‘ldiki, bosh bekatlarimizdan boshlab, dumaxona ulug‘larigacha choy o‘rniga pivo iste’mol qilurlar. Na ulamolarimizdan, na hukumatlarimizdan bir kishi yo‘qki, yigitlarimizni ichkulik ichmoqdin man qilsalar. Davlat dumasig‘a vakil saylamoq uchun aholi tarafdin ko‘zlangan ulug‘ predsedatellarimiz ichkulik ichib, mast bo‘lib, aholi orasida beibo kezmakdalar. Ajabo! Buningday fasod axloq qanday noinsoflikdirki, aholiga va’z nasihat qilib, tazyiq qaytarmoq va qaytmog‘onni urub, so‘kib tazyiq bermoq vazifalari o‘lg‘on o‘g‘limiz o‘zlarini obro‘yini rus qizlari ila gostinisa zollarida barbod etmakdalar. Allohdan qo‘rqib, xalqdan uyolmaslar» (gazetaning 3-sonidagi maqoladan).
«Rus-yapon urushi va buning oqibatida jangga mablag‘ topmoqning eng oson yo‘li xalqqa turli soliqlar solib, undirib olish, xalqning og‘ir va mashaqqatli mehnati evaziga bunyodga kelgan ozgina mablag‘ni shu yo‘l bilan undan tortib olib, yana xalqni din va imonga taaullug‘i bor afsonalar bilan battar ozg‘urib, itoat qafasida tutadurlar» (3-son, 1-betidagi maqoladan).
«Taraqqiy»ning shu tarzda jamiyatni isloh qilish, muammolar ildizini axtarishga bo‘lgan urinishlari jadidchilik harakatining Qrimdagi asoschisi Ismoil Gaspirinskiyga, tatarlarning Qozondagi buyuk shoiri Abdulla To‘qayga ham yetib bordi. Qrimda yashayotgan buyuk ma’rifatparvar «Tarjimon» gazetasining 1906 yil 69-sonidagi maqolasida gazetani o‘qib quvonganini «Turkistonda bunday taraqqiyparvar bir gazetaga ko‘pdan beri ehtiyoj bor edi», deya baholagandi.
Ha, «Taraqqiy» ehtiyoj, zarurat bois dunyoga kelgan edi. Shu bois ham qisqa fursat ichida haqiqiy ma’noda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Ayniqsa, gazetada dumadagi deputatlarning ish jarayonidagi sustkashlik, madrasalarning qoloqligi, zamonaviy ta’lim-tarbiyadan uzoqlashib ketganligi kabi dolzarb mavzularda maqolalar berilishi chor mustamlakachilarini cho‘chitib qo‘ydi.
Ba’zi muttaasiblar va «Turkiston viloyatining gazeti» kabi mustamlakachilar mafkurasini ifodalovchi muxbirlar «Taraqqiy»ni obro‘sizlantirish yo‘lidan bordilar. Xususan, gazeta muharriri Ismoil Obidiy haqida, «muharirning asli ismi ma’lum emas, imzosi «Sayyid Ismoil» esa-da, o‘zi «Sayyid» bo‘lmasa kerak», deb qochiriqlar qildi va shu xildagi g‘iybatlar bilan «Taraqqiy»ni to‘xtatishga harakat qildilar. Toshkentdagi bunday vaziyat to‘g‘risida Ismoil Gaspirinskiy «Tarjimon»ning 1906 yil 117-sonida maqola yozib bu holatni «Noma’qul so‘zlar. Shahri Toshkandda 38 yildan beri rasmiy «Turkiston gazeti» nashr qilinadi. Muharriri ziyoli g‘o‘spo‘din Ostroumovdir. Ziyoli bir odamning qo‘l ostida bo‘lgan gazeta boshqa muharrirlar haqida bozor g‘iybatlariga o‘xshar narsalar yozmasligi lozimdir. «Taraqqiy» muharriri sayyidmi, emasmi, muhim emas, yozganlari muhimroq, shunga qarash kerak», deya baho berib o‘tgan, ahvol yaxshilanishiga umid qilgandi. Afsuski, bunday mutassibona qarashlar, mustamlakachilarning tazyiqi natijasida gazeta yopildi. Ziyo Saidning yozishiga ko‘ra, «Taraqqiy» qora guruh ulamolari bilan qattiq tortishib, ularning xalq orasida obro‘larini tushirishga harakat qildi. Ora-sira hukumatga ham tegib turdi. Mazkur «gunohlari» uchun 20-nomeriga yetganda, chor hukumati tomonidan musodara etilib, muharriri qamoqqa olindi».
Garchi shunday bulsa-da, Ismoil Obidiyning «Taraqqiy» gazetasi birinchi o‘zbek milliy matbuot nashri sifatida tarixda qoldi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter