Toshkent shahri va uning atrofida yashil zonalar maydoni uch baravarga oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda poytaxt iqtisodiyoti va aglomeratsiyasi jadal o‘sib, Toshkent shahrining doimiy aholisi 3,1 million nafardan oshdi. Shu bilan birga, 2045 yilga borib, shahar aholisi ikki barobardan ziyodga ortishi prognoz qilinmoqda. Bu esa urbanizatsiya jarayonlarini uy-joy, transport-logistika, muhandislik tarmoqlari hamda ijtimoiy infratuzilmaga tushayotgan yuklamaga mutanosib holda rivojlantirishni talab etadi.
Shuningdek, shahar muhitini sog‘lomlashtirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida yashil hududlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, Toshkent shahri va uning atrofida yashil zonalar maydonini uch baravarga oshirib, 25 ming gektarga yetkazish, aholi jon boshiga yashil maydonlar hajmini 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha ko‘paytirish maqsad qilingan.
O‘tgan davrda tashabbuskorlar tomonidan qurilish bo‘yicha umumiy maydoni 2 ming 679 gektar bo‘lgan 85 ta loyiha taklifi kelib tushgan. Taqdimotda ushbu loyihalarni kompleks ko‘rib chiqishning natijalari haqida axborot berildi.
O‘rganish davomida har bir loyihani shaharsozlikning yagona yondashuvi asosida baholash, hududning kamida 30 foizida yashil maydonlar tashkil etish imkoniyati, renovatsiya orqali eskirgan hududlarni kompleks yangilash hamda yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlar amaliyotidan voz kechish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ko‘rib chiqish yakunlaridan kelib chiqib, 18 ta loyihani amalga oshirishga ruxsat berish, 12 ta loyihaning yer maydoni, qavatlar soni va loyiha konsepsiyasiga o‘zgartirish kiritgan holda maqbullashtirish taklif etilgan, 54 ta loyihani esa konseptual jihatdan to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur deb topilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter