Toshkent viloyatidagi 150 ta ob’yektda ishlar sifatsiz bajarilgan
Toshkent viloyati prokuraturasi organlari huzurida tuzilgan hududiy shtablar tomonidan qurilish ishlari sifati va hajmlarining haqqoniyligi o‘rganilib, 150 ta ob’yektda sifatsiz bajarilgan 10,6 mlrd so‘mlik ishlar aniqlangan. Bundan tashqari, 106 ta ob’yektda 4,8 mlrd so‘mlik qo‘shib yozish holatlari fosh etilgan.
Bu haqda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Nazorat tadbirlari davomida prokuratura organlari tomonidan 21,9 mlrd so‘mlik 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 14,4 mlrd. so‘m miqdoridagi zarar qoplangan.
Viloyatdagi har bir ob’yektning loyiha-smeta hujjati qayta o‘rganilishi natijasida 994 ta loyihadan 216,8 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ budjetdan ortiqcha xarajat qilinishining oldi olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Olmaliqda zilzila talablariga javob bermaydigan «dom» qurilishi to‘xtatilgandi. Shuningdek, bir muddat oldin Chirchiq shahridagi «Yangi O‘zbekiston» massivida qurib topshirilganiga ko‘p bo‘lmagan ko‘p qavatli uyning bir tomonga qiyshayib, «yonboshlab» qolgani kuzatilgan, qurilish vazirligi o‘n kun muddatda muammo bartaraf etilishini va’da qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter