Toshkent viloyatiga yangi prokuror tayinlandi

Bugun, 19-iyul kuni Toshkent viloyatiga yangi prokuror tayinlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilishlaricha, O‘zbekiston Bosh prokurorining buyrug‘iga muvofiq Rahmatov Shavkat To‘raqulovich Toshkent viloyati prokurori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. Yangi prokurorni jamoaga shaxsan Bosh prokuror Otabek Murodovning o‘zi tanishtirgan.
2018 yilning 13 iyul kuni Toshkent viloyati prokurori Bahodir Po‘latov Surxondaryo viloyatiga hokim etib tayinlanganidan so‘ng ushbu lavozim bo‘sh qolayotgan edi.
Shavkat Rahmatov 1970 yili Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida tug‘ilgan. 1988—1995-yillarda Toshkent davlat universitetida tahsil olgan. Faoliyatini 1995 yili Yangiyo‘l shahar prokuraturasida boshlagan.
O‘tgan yillar mobaynida Bo‘stonliq tumani prokurorining yordamchisi, Zangiota tumani prokuraturasi tergovchisi, prokurorning katta yordamchisi, Toshkent viloyati prokurorining kadrlar bo‘yicha yordamchisi, Bosh prokuratura iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bosh boshqarmasi prokurori, Bosh prokurorning alohida muhim topshiriqlar bo‘yicha yordamchisi, Toshkent viloyati prokuraturasi ichki ishlar vazirligi organlarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i, Bekobod tumani prokurori, Bosh prokuratura fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, transport, qurilish sohasi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining surishtiruv bo‘limi boshlig‘i kabi vazifalarda ishlagan.
Yangi vazifaga tayinlangangunga qadar u Toshkent viloyati prokurorining o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter