Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda AYQShning uch xodimi hushsiz holda topildi

Toshkentda AYQShning uch xodimi hushsiz holda topildi

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent shahri Chilonzor tumanida 5 aprel kuni avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi xodimlari zaharli modda oqibatida hushini yo‘qotgani aniqlandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, shu kuni soat 19:20 da Toshkent shahar FVBga Chilonzor tumani 19-daha al-Xorazmiy ko‘chasida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida 3 nafar ishchi xodim benzin saqlanayotgan sisternalar oralig‘ida hushsiz holda yotgani bo‘yicha xabar kelib tushgan. Qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borib, hushsiz holda yotgan xodimlarni xavfli hududdan olib chiqib, birinchi yordam ko‘rsatgan. Shuningdek, fuqarolar malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga topshirilgan.

Toksik moddadan zaharlangan ishchilar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi toksikologiya bo‘limiga joylashtirilgan.

Voqea sababi o‘rganilganda jabrlanuvchilar shoxobcha hududidagi yer ostiga ko‘milgan 3 dona, har biri katta sig‘imli benzin yoqilg‘isi saqlanayotgan sisternalar orasida yig‘ilib qolgan yengil yonuvchan suyuqlikning (benzin) kuchli konsentratsiyasidan hushlarini yo‘qotgani aniqlangan.

Voqea joyiga Chilonzor tuman FVB boshlig‘i rahbarligida 3 ta qutqaruv ekipaji, 15 nafar shaxsiy tarkib, tuman prokuraturasi, IIB tezkor tergov guruhi va SSV xodimlari jalb qilingan.

Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring