Toshkentning 9 ta hududida yangi jamoat parklari barpo etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga qilingan Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimotida Yangihayot tumanidagi «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasini kengaytirish rejalari ham muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, buning hisobiga Toshkent shahri markazidan yirik sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich ko‘chirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va ekologiya talablariga javob beradigan ishlab chiqarishlarni joylashtirish muhim ekani qayd etildi.
Ma’qullangan loyihalarni amalga oshirish natijasida har yili qurilish hisobidan qo‘shimcha 1,5 milliard dollar yalpi hududiy mahsulot, budjetga 3,5 trillion so‘m tushumlar shakllanishi va 260 ming ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Taqdimotda yashil hududlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Loyihalarning kamida 30 foizida, ya’ni 400 gektarda yashil maydonlar tashkil etish shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari, Toshkent shahrining 9 ta hududida umumiy maydoni 134 gektar bo‘lgan alohida yangi jamoat parklari barpo etish rejalari ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Loyihalardan undiriladigan infratuzilma to‘lovlaridan tushgan mablag‘lar, birinchi navbatda, yangi yashil hududlar barpo etishga, ortgan qismi esa shahar infratuzilmasi ob’yektlarini qurishga sarflanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz poytaxtdagi urbanizatsiya jarayonlarini jamoatchilik manfaatlari, sog‘lom muhit va ekologiya talablari bilan bog‘lagan holda rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter