Tramp foydalangan, kino suratga olingan. Mashhur yaxta Tunisda avariyaga uchradi (foto)

Qachonlardir AQShning 45-prezidenti Donald Trampga qarashli bo‘lgan, Bond haqidagi film suratga olingan uzunligi 86 metrli Kingdom 5-KR superyaxtasiga Tunis portida jiddiy shikast yetdi. Bu paytda yangi xo‘jayin — saudiyalik shahzoda kema bortida bo‘lganmi-yo‘qmi, noma’lum. Hodisa haqida NYpost xabar berdi.
Guvohlarga ko‘ra, yaxta vaqtida to‘xtashga ulgurmagan, to‘lqin qaytargichni ilintirib olib, toshdan qurilgan dokka kelib urilgan. Yaxta korpusi va tag qismi jiddiy zarar ko‘rdi, kemalar to‘xtash joyi ham buzilgan.
Kemaning egasi, saudiyalik shahzoda Al-Volid bin Talal hodisaga munosabat bildirmadi. Faqat yangilik haqidagi xabarga yozilgan izohlarda «kema ekipajiga ancha qiyin bo‘lishi» yozilgan.
Qurol savdosi bilan shug‘ullanuvchi saudiyalik milliarder Adnan Qoshiqchi yaxtani 1980-yilda 100 million dollarga qurdirgan. «Qurol baroni» yaxtaga qizining nomini beradi — Nabila. Qoshiqchi yoshligidan yaxtalar ishqibozi bo‘lgan, birinchi yaxtasini 18 yoshida sotib olgan, har safar joniga tekkunicha foydalanib, yanada kattaroq va hamashamatlirog‘iga almashtiravergan. Oxir-oqibat sotib olishga arzigulik bironta yaxta qolmagach, u dunyodagi eng hashamatli va tengsiz yaxtani yasab berishni so‘rab britan dizayneri Jon Bannenbergga murojaat qiladi. Vaholanki bu paytda uning yaxtasi ikkita edi.
«U dunyodagi eng yaxshi yaxtani istagandi va biz buni uddalagandik», — degandi Bannenberg.
Britaniyalik yaxtani yasashi uchun 35 mln dollar ketdi. Ammo Qoshiqchi bu bilan ham qanoatlanmay italiyalik dizayner Luiji Sturikoni yollab, kema ichki bezagiga zo‘r beradi, aytishlaricha, bunga yaxtani qurishdan ham ko‘p pul ketgan.
Nabila haqiqiy san’at asari edi, devorlari chinor yog‘ochidan yasalib, charm bilan qoplangan.


Xullas, kema emas, butun boshli suzuvchi qasr edi. Kinoteatr, sartaroshxona, hatto jarrohlik xonasigacha muhayyo. Qoshiqchining eng dabdabali bazmlari Nabila bortida o‘tgan. Kemada kinoyulduzlar, davlat rahbarlari mehmon bo‘lgan. Birvarakayiga besh davlat rahbari va uch qirol dam olib ketgan paytlar ham bo‘lgan. Aynan shu yaxtada, neytral dengiz suvlarida qurol savdosi bitimlari tuzilgan.
Ulkan yaxtani Bondiananing «Hech qachon dema «hech qachon» (1983-y.) filmida ko‘rishingiz mumkin: o‘sha kinodagi yovuz qahramon Maksimilian Largoning qarorgohi shu kemada joylashgan.

Qoshiqchi imperiyasi 1980-yillar o‘rtalarida inqirozga yuz tutadi. Bir safar u 50 mln dollar kredit olib, garovga Nabilani qo‘yadi. 1987-yilda Qoshiqchi qarzini uzolmaganidan so‘ng yaxta Shveysariya xoldingiga o‘tadi va 50 mln dollarga sotuvga qo‘yadi.
1987-yil sentyabrida Nabila sotilayotganini eshitgan Donald Tramp darhol naqd pul taklif qilib kemani 30 mln dollarga o‘ziniki qiladi. Yaxta nomi Trump Princessga o‘zgaradi. Qo‘shimcha $8,5 mln sarflanib, kema qayta ta’mirlanadi: bo‘yaladi, dizayniga o‘zgartirishlar kiritiladi.

Keyinroq Tramp yaxtani Bruney sultoniga sotib yubordi va aylanib-aylanib kema yana boyligini ko‘z-ko‘z qilishni yaxshi ko‘ruvchi saudiyaliklar qo‘liga kelib tushdi.
Superyaxta o‘z bortiga 22 mehmon va 31 nafar ekipaj a’zosini sig‘dira oladi. 11 kayutali, oltita ulkan muzlatgichi, beshta palubasi va katta basseyni bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter