Tramp hukumatni tinch yo‘l bilan Baydenga topshirishga rozi

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp Vashingtondagi zo‘ravonliklarga javobgarlar jazosini olishiga hamda hukumatni tinch yo‘l bilan Jo Baydenga topshirishga va’da berdi.
Ushbu bayonot uning Twitter sahifasida videomurojaat ko‘rinishida joylandi.
Videomurojaatda Tramp vakolatining qolgan muddatini hukumatni Jo Baydenga «bir maromda va og‘riqsiz topshirilishi»ni ta’minlashga bag‘ishlashini aytdi. Ma’lumot uchun: Jo Bayden 20-yanvardan o‘z vakolatlarini bajarishga kirishadi.
Tramp hozir eng muhimi tinchlanish ekanini ta’kidlagan holda amerikaliklarni murosaga chorladi. Hayotidagi eng muhim davr — AQSh prezidentligi bo‘lganini qo‘shimcha qilgan Tramp «arqonni uzun tashlab qo‘yganini» ham eslatishni unutmadi:
«Mening ajoyib tarafdorlarim, bilaman, hafsalangiz pir bo‘lgan, ammo shuni ham bilib qo‘yingki, bizning muhtasham kampaniyamiz endi boshlanmoqda».
AQShda prezidentlik saylovlarining keyingisi 2024-yilda o‘tkaziladi, o‘shanda Donald Tramp, xuddi hozirgi Jo Bayden singari, 78 yoshda bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter